Afrig‘iylar madaniyati — Xorazmdagi IV-VIII asrlarga oid madaniyat afrig‘iylar sulolasi nomi bilan bog‘liq. Afrig‘iylar madaniyatiga oid yodgorliklar 1937-1940-yillarda Xorazm arxeologiya, etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilgan. Afrig‘iylar madaniyati shakllanishida qo‘shni ko‘chmanchi qabilalar katta rol o‘ynagan. Bu davrda antik hunarmandchilik markazi — qadimgi shaharlar inqirozga uchrab, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot qishloqda, mulkdorlarning qo‘rg‘oni va qasrlari atrofida jonlangan. Burgut qal’a vohasida olib borilgan qazishmalar vaqtida sertarmoq sug‘orish kanali va ariqlar, dalalalarning rejali joylashuvi aniqlangan. Katta-kichik turar joylar to‘p-to‘p joylashgan. Katta yer egalarining qasrlari kanallar boshida bo‘lib, ular suv taqsimotini nazorat qilib turganlar. Xorazmda bu davr istehkomlari, asosan, paxsadan to‘rtburchak taxta qurilgan, devori burjlar bilan mustahkamlangan, davra yoki to‘rtburchak tarxli bo‘lgan. Yirik qal’alar (Yakka Porson, Teshikqal’a, Qum qal’a, Uy qal’a) mudofaa istehkomlariga ega bo‘lgan. Eng yirik istehkom — Burgutqal’a (maydon 6 gektardan oshiq) atrofida shahar vujudga kela boshlagan. Turar joylar dahliz, asosiy va xo‘jalik xonalaridan iborat bo‘lgan. Imoratlarning tarxi, qiyofasi aholini ijtimoiy mavqega bog‘liq bo‘lgani aniqlandi. Xarobalardan mis tangalar jez, qo‘lda va charxda yasalgan sopol idishlar (xum, ko‘zacha, ketmon, o‘roq, pichoq va boshqalar) shoyi ip, jun gazlama parchalari, uchparrakli temir poykonlar, xanjarlar, yorg‘unchoqlar, tegirmon toshlari, yozma yodgorliklar topilgan. Ostodon (sopol tobut)larda kumush rasm bo‘lgan. Tarixiy manbalarda VIII asrga oid Kat, Hazorasp, Urganch shaharlari eslatib o‘tilgan.