Hazrati Ka’b (r.a.): "Dasturxonni osmonu Yer orasidagi farishtalar ochiq holatda ko‘tarib kelishgan, uning ustida go‘shtdan boshqa hamma taomlar bor edi", deydilar. Qatoda (r.a.) aytadilarki: "Uning ustida jannat mevalaridan bo‘lgan har xil mevalar bor edi". Atiyatul Avfiyning aytishlaricha: "Osmondan bir baliq tushgan, unda har bir narsaning ta’mi bor edi".
Savol: Iso (a.s.) bu dasturxonni o‘zlari uchun so‘raganlarmi yoki qavmlari uchunmi?
Javob: Zohir ko‘rinishda dasturxonni o‘zlariga so‘ragan bo‘lsalar ham, lekin har ikki ma’noning ehtimoli bordir (Nisoburiy). Aytishlaricha, Isoning (a.s) qavmlari Alloh taoloning: "Shundan keyin sizlardan kimda-kim kofir bo‘lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki", oyatini oxirigacha eshitib, ulardan ba’zilari kufr keltirishdan qo‘rqib, o‘zlarini chetga olishdi va: "Biz bu dasturxonni istamaymiz", deb aytishdi. Shunda dasturxon nozil bo‘lmadi. Bu Imom Mujohid va Hasanlarning (r.a.) qavlidir. Lekin jumhur ulamo va mashhur imomlar aytgan sahih gap shuki, bu dasturxon nozil bo‘lgan. Rivoyat qilinishicha, Iso (a.s.) g‘usl qilib, jun liboslarni kiyib, ikki rak’at namoz o‘qidilar. Boshlarini egib, ko‘zlarini pastga tushirdilar-da, keyin tazarru’ bilan duo qildilar. Duolari ijobat bo‘ldi. Qarasalar ikki bulut orasida, qizil dasturxon turibdi. Shunda Iso (a.s.) yig‘lab aytdilarki: "Allohim! Meni shukr etguvchilardan qilgin, bu dasturxonni olamga rahmat aylagin. Uni ibrat azobi va uqubat qilmagin". So‘ng turib yana tahorat qilib, namoz o‘qidilar va yig‘ladilar. Shundan so‘ng qavmlariga qarab: "Sizlarning ichingizdan amali yaxshirog‘ingiz tursin-da, bu dasturxonni ochsin, so‘ng Allohning ismini zikr qilsin va undan yesin", dedilar. Havoriylarning peshqadami bo‘lgan Sham’un: "Siz hammadan ko‘ra bu narsaga loyiqroqsiz", dedi. Iso (a.s.) turib yana tahorat qilib, namoz o‘qidilar, so‘ngra dasturxonni ochdilar va: "Rizq berguvchilarning yaxshirog‘i bo‘lgan Allohning nomi bilan boshlayman", deb aytdilar. Dasturxonni ochib qarashsa, qiltanoqsiz, tangachalarsiz qovurilgan baliq bor ekan. Uning yog‘lari oqib turardi. Bosh tarafida tuz, dumi tarafida sirka, atrofida esa piyozdan boshqa turli-tuman o‘simliklar bor edi, ustida beshta kulcha bo‘lib, ulardan birining ustida zaytun, ikkinchisida asal, uchinchisida yog‘, to‘rtinchisida pishloq va beshinchisida esa quritilgan go‘sht bor edi. Shunda Sham’un hayratlanib: "Ey Ruhulloh! Bu narsalar dunyo taomlaridanmi yoki oxirat?" deb so‘radi. Iso (a.s.) aytdilarki: "Ikkovidan ham emas, bu narsalar Alloh o‘zining qudrati bilan paydo qilgan xos ne’matlardir. So‘ragan narsalaringizni yenglar va Allohga shukr aytinglar. Shunda U zot sizlarga madad berib, o‘z fazlini yanada ziyoda qilgay". Havoriylar aytdilar: "Ey Ruhulloh! Bu oyat-mo‘’jizadan bizga boshqa yana mo‘’jiza ko‘rsatsangiz". Iso (a.s.) aytdilar: "Ey baliq! Allohning izni bilan tiril". Baliqqa shu zahoti jon kirib qimirladi. So‘ngra Iso (a.s.): "Eski holingga qaytgin", dedilar. Baliq yana qovurilgan holatiga qaytdi. So‘ng dasturxon uchib ketdi. Shundan keyin qavm Allohga osiylik qildi va maymun-cho‘chqalarga aylanib qoldi.