Shogird:
- Qasamki, bu haqiqatdan ma’lum, ustoz. Ayting-chi, kofirlarning ibodatlari ko‘p va turli bo‘lgan holda, kufrda bir xil bo‘lib qolishlari nimadan?
Ustoz:
Kofirning kufri bir, ibodatlari ko‘p va turli bo‘lishi Yeru osmon ahllarining imonlari bir, ammo ularning farz amallari ko‘p va turli-tuman bo‘lganidandir. Masalan, farishtalarga farz bo‘lgan narsalar bizga buyurilgan farzlardan ko‘ra boshqacharoq. Shuningdek, bizdan ilgari o‘tgan Bani Odamlarga farz bo‘lgan amallar bizga farz bo‘lgan amallardan farq qiladi. Ammo farishtalarning va oldingilarning va bizlarning imonlarimiz bir xildir, barchamiz yolg‘iz va yagona Allohga imon keltirganmiz, tanho Unga bandachilik qilganmiz va U tomonidan kelgan barcha narsalarni tasdiq etganmiz. Shunga o‘xshash kofirlarning ham kufri va inkori bir xil. Ammo ularning sifatlari ko‘p va turlicha. Masalan: yahudiyga kimga sig‘inasan, desang, u, Allohga, deb javob beradi. Alloh haqida so‘rasang: U Uzayrning otasi va inson qiyofasida, deydi. Kim shu fikrda bo‘lsa, Alloh taologa imon keltirgan bo‘lmaydi. Agar nasroniydan: kimga sig‘inasan, deb so‘rasang, u, Allohga sig‘inaman, deydi. Undan Alloh taolo haqida so‘rasang: U Isoning jasadida, Maryamning qornida, narsaga yashiringan va uni qamragan, unga singgan, deydi. Bunday savolni majusiyga bersang, u ham: Allohga sig‘inaman, deydi. Undan Alloh haqida so‘rasang, Uning sherigi, bolasi va xotini bor, deb javob qiladi. Bunday e’tiqoddagi odam, albatta, mo‘min emas. Bu odamlarning barchasining Allohni tanimasligi va Uni inkor etishi bir xil. Ammo ularning ibodatlari va tavsiflari ko‘p va turlichadir.
Ularni quyidagi uch nafar odamga qiyoslash mumkin. Ulardan biri: — Menda dunyoda o‘xshashi yo‘q marvarid bor, — dedi va qora uzum donini chiqarib qo‘ydi va uning marvarid ekanligini isbot qilish uchun ont ham ichdi va odamlar bilan bahslasha boshladi. Ulardan ikkinchisi: Menda bahosi eng yuqori bo‘lgan marvarid bor, dedi-da yonidan behini chiqarib qo‘ydi va birinchi odam kabi harakat qildi. Navbat uchinchi odamga keldi va u: Menda dunyoda yakkayu yagona bo‘lgan marvarid bor, - deb, bir parcha quritilgan loyni o‘rtaga qo‘ydi va u ham chiqargan narsasi marvarid ekanligiga ont ichdi va odamlar bilan shu xususda bahsu munozara qildi.
Ushbu misoldan mazkur uch nafar odamning marvaridni bilmaslikda va tanimaslikda bir xil nodonliklari namoyon bo‘ldi. Ularning birortasi ham umuman marvarid nima ekanligini bilmaydi. Ularning sifatlari ko‘p va turli-tuman. Bu sening ular sifatlagan «ma’budlariga» sig‘inmasliging bilan bilinadi. Chunki ular «ma’budlarini» ikkita, uchta deydilar va sifatlaganlariga sig‘inadilar. Sen esa ma’budingni bitta deysan va bittaga sig‘inasan. Demak, sening ma’buding ularnikidan boshqa va ularning «ma’budlari» senikidan boshqadir. Shuning uchun Alloh taolo: «(Ey, Muhammad,) ayting: «Ey kofirlar! Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar»» (Kofirun, 1—3, mazmuni), degan.