Shundan keyin u ot surib o‘zini dushman safiga urdi, g‘animlar bilan uzoq olishib, shahid bo‘ldi. Musulmonlar safida parokandalik boshlanib, chekina boshlashgan edi, Uqba ibn Omir: "Birodarlar, orqaga chekinib o‘lgandan olg‘a intilib o‘lgan afzal!" deya ularni qaytardi. Musulmonlar maslahatlashib jasur Xolid ibn Validni o‘zlariga lashkarboshi etib saylashdi. Ular Xolidning tadbirkorligi tufayli dushman bilan mardona olishib halokatdan saqlanib qolishdi. Agar sarkarda mohir va zakiy bo‘lmasa, uch ming kishilik musulmonlar qo‘shini yuz ellik ming kishilik g‘animga bas kelishi sira mumkin emasdi. Dastlabki kuni Xolid bayroqni mahkam tutgancha jang qildi. Ertasiga u qo‘shinning safini o‘zgartirib, oldindagilarni orqaga, orqadagilarni oldinga, chap tomondagilarni o‘ngga, o‘ng tomondagilarni esa chapga o‘tkazdi. Bu o‘zgarishdan bexabar rumliklar musulmonlarga yordamga kelibdi, deya yuraklariga g’ulg’ula tushdi. Xolid paytdan foydalanib qo‘shinni Mu’taga chekintirdi va yetti kungacha dushman bilan jang qilib turdi. G’anim musulmonlar bilan urushishdan voz kechib orqaga qaytdi. Ular musulmonlarni ta’qib etib, cho‘lning ichkarisiga kirib qolishdan, jazirama issiqda suvsizlikdan halok bo‘lishdan qo‘rqishdi. Shu zayil Xolid ibn Validning mohirona qo‘llagan tadbirlari tufayli urush o‘z-o‘zidan barham topdi. Bu xabar hali yetib bormay turib, payg‘ambar alayhis-salom suyukli sahobalari shahid bo‘lganini odamlarga aytdilar: "Dastlab Zayd a’lambardor edi, o‘ shahid bo‘lgach, tug‘ni Ja’far oldi, undan keyin Abdulloh ibn Ravoha bayroqdor bo‘ldi, afsuski, ular shahid bo‘lishdi, — deya ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kdilar.