Allohning rahmati ila ibrat nazari bilan qarovchi mo‘minlar zilzila, momaqaldiroq, chaqmoq, kuchli shamol, sel, yong‘in, vulqon kabi nafaqat ongli insonga, balki ongsiz hayvonlarga ham dahshat soluvchi, ularni bo‘kirtirib, tum-taraqay qiluvchi bu tabiat hodisalaridan o‘zlariga tegishli xulosalar chiqarishadi. Bandalariga eslatma sifatida Allohning izni bilan ro‘y beradigan, qiyomat dahshatlarining juda ham kichik bir ko‘rinishini o‘zida aks ettirgan bu kabi tabiat hodisalarida Allohning juda buyuk marhamati bor. Agar bu kabi qo‘rqinchli hodisalar bo‘lmaganda, odamlarda qiyomat kuni haqida tasavvur bo‘lmas edi. Tasavvurga ega bo‘lmasdan turib, Allohning azobidan qo‘rqish, qiyomat dahshatlaridan najot istash, ulardan xalos bo‘lish uchun duo qilishga mudom intilish bo‘lmas edi. Qiyomat, jahannam haqida juda oz bo‘lsa ham tasavvurga ega bo‘lgandan so‘ng, Allohga ibodat uchun shoshiluvchilarning soni ko‘paysa ajab emas.
Alloh taolo bandasiga eslatma uchun yer yuzida bir qancha ozor yetkazuvchi, ko‘rganda irgantiruvchi holatlarni yuzaga keltirgan. Yuqorida aytib o‘tilganidek yonayotgan uy, kuyib kulga aylangan imorat, tashlandiq va xaroba joy, o‘zidan badbo‘y hid tarqatuvchi axlat uyumi, kuchli kuyish natijasida' tanada yuzaga kelgan chanchiq, avtohalokat oqibatida badandagi ayrim a’zolarning jarohatlanishi kabi noxush narsalar shular jumlasidandir. Odam, ayniqsa, ibrat nazari bilan qarovchi mo‘min bularni ko‘rganda, jahannam dahshati va uning ahlini o‘ylaydi.