Ahad siri:
Ollohning zotiga oid o‘ta o‘ziga xoslik, ya’ni toqlik hikmatini tushunib yetmoq uchun vahdoniyat va ahadiyat ma’nolarini tushunib olmoq kerak. Chunki ilmiy jihatdan ham bu ma’nolar favqulodda ahamiyatlidir.
Vahdoniyat biz bilgan toqlik (birlik) unsuri demakdir. Bu toqlik ma’lum sifatlar jihatidan bo‘lishi mumkin. Masalan, barcha nafslar toqdir. "Kullu nafsin vohida", ya’ni nafslar ehtiros, zulm, manfaatparastlik nuqtai nazaridan bir xil xususiyatlarga egadirlar, demakdir.
Butun elektronlar vahdoniyat siriga ega. Chunki o‘z xususiyatlari bilan ular aynan bir-birlarini takrorlaydilar. Ko‘plik atom mag‘zidagi proton miqdoridan vujudga keladi. Lekin aslida protonlar ham, mustaqil holda ekan, vahdoniyat, ya’ni toqlik siriga sohibdir.
Demak, fizik unsurlarga ko‘ra juda ko‘p unsurlar o‘zida toqlik sirini tashiydi. Toqlikning ziddi bo‘lgan ko‘plik umuman bir-biriga zid juftlar tarzidagi sajiyadan tug‘iladi. Bu jihatdan fizika ham toqlik siriga ega, Ko‘z o‘ngimizdagi har bir element o‘zining zid jufti tufayli ko‘plikni tamsil etadi.
Elementlardagi toqlik ko‘rinishi ilohiy qudratning vahdoniyat siridan tug‘iladi.
Lekin, unutmaslik kerakki, Qudrat-i Ilohiy bir sifatning aks etishidir va Ollohning zotiga oid bo‘lgan Ahadiyatdan farqlanuvchi toqlikdir. Yanada ochiqrog‘i bu birlik ashyoda, zid juftlar nizomiga ko‘ra, istagancha ko‘plik shaklida ko‘rina oladi, bu - vahdoniyatdan tug‘ilgan toqlikning siridir.
Ahadiyatga kelinsa, u, fizik va matematik xususiyatlardan tashqaridagi birlikdir va ashyoda, ya’ni yaratilgan narsada bor bo‘lolmaydigan birlikdir. Ahadiyat shaxsan bir sifat jilvasi bo‘lgan vahdoniyat shakliga ham kirolmaydi.
U holda ahadiyat toqligi qanday toqlikdir? Bu savolning javobini yana "Ixlos" surasining o‘zi so‘nggi oyatida bildiradi: "O’xshashi va ziddi bo‘lmagan toqlik"dir. Shunday bo‘lgach, gal-gali bilan bilgan ma’nolarimizni tadqiq qilaylik: qaysi mezondagi toqlik bu? Ajabo, qudrati cheksiz bo‘lgan quvvatni Ahadiyat desa bo‘larmikan? Yo‘q, uning ziddi (tengi) bor: kuchsizlik.
O’lchovlar, vaqt, kvant, atomlar, galaktikalar, yangi yulduzlar - bularning hammasi ziddi yo o‘xshashi bor bo‘lgan borliqlardir. Bular qaysidir bir jihatdan vahdoniyat sirini tashiydilar, ammo ahadiyat sirini tashimaydilar (joziba va magnitik taranglik).
Shu tufayli bularning hech biri Olloh bo‘lolmaydi. "Ixlos" surasi Olloh ma’nosini tushuntirarkan, ilk oyatidayoq bilganlarimizning hech biri Olloh bo‘lolmasligini ta’kidlaydi va bularning barchasining narigi yog‘ida mutlaq bir toqlik borligini, bu toqlikning o‘xshashi va ziddi bo‘lolmasligini uqtiradi.
Matematik jihatdan 1 soni ham ahadiyat siriga ega emas, chunki-1 bor.
Kvant ham fizik jihatdan ahadiyat siriga ega emas, chunki handasa (geometriya) amaliyotida undan ham kichik Hilbert makoni bor.
Koordinatlar, ya’ni nuqtaning joyi ham geometrik jihatdan doimo zid o‘xshashlik farqni ko‘rsatgani tufayli ahadiyat sirini tashiyolmaydi.
Ammo har uchalasida ham vahdoniyat siri bor.
Shunday bo‘lgach, Ahadiyat, bu - yolg‘iz Ollohga, uning zotiga xos bir mutlaq toqlikdir. Zehnlarda paydo bo‘lgan har bir o‘rnak, ilm bilan o‘zini izohlab, ma’no chegarasini cheksizlashtiradi. Bir-biridan farqlanuvchi har xil toqlar, Ollohni bilib bo‘lmasligining muhtasham bir ko‘rgazmasidir.
Hammasini ko‘rib, bilib bo‘lgach Olloh bundaylardan emas, deysiz. "Ixlos" surasi ko‘rsatgan ilk ilmiy mo‘jiza mana shudir.