XOLUQ NURBOQIYNING "QUR’ONI KARIMNING ILMIY MO’JIZALARI" ASARI TARJIMASI TO’G’RISIDA
Mana, aziz kitobxonlar, Xoluq Nurboqiyning Qur’on mo‘jizalariga oid risolasi ham poyoniga yetdi. Diqqat-e’tiborli va sinchkov o‘quvchilar ko‘p ilmiy va ilohiy mo‘jizalardan boxabar bo‘ldilar va ruhan boyidilar, deb o‘ylayman.
Endi bu kitobni tarjima qilishga bahona bo‘lgan sabablarni so‘zlab berayin 1993 yil edi. Bir kuni mening ish joyimga bir do‘stim bilan Tursunxo‘ja hoji aka degan bir kishi kirib keldilar. (Tursunxo‘ja hoji Hidoyatxo‘jaev - keksa pedagog, fizika, kinoshunoslik, vidiotexnikaga oid bir necha kitoblar muallifi ekanlar). Ular menga mazkur kitobni turkchadan o‘zbekchaga o‘girishni iltimos qilishdi. Bu paytlarda men turli mufassirlarning Qur’on mo‘jizalariga oid talay kitoblarini o‘qigandim. Aksariyati katta ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lsa-da, qandaydir bir ma’noda bir-birining ixtiyorsiz takroriga o‘xshab tuyulardi. Shu bois ham dastlab bu kitobga loqaydroq qaradim, shekilli. (Olloh o‘zi kechirsin).
Kitob Istanbulda 1991 yilda "Damla" yoyinevi ('Tomchi" nashriyoti)da "Islom va ilm" seriyasida 2-raqam bilan bosilib chiqqan edi. Milliy ta’lim vazirligi 1986 yilning 15 dekabrida bu asarni litsey va eksperimental maktab o‘quvchilariga o‘qish kitobi sifatida tavsiya qilgan edi. Menga berilgan nusxa kitobning 8-nashri edi. Meni qiziqtirgan birinchi hol ana shu bo‘ldi. Ikkinchisi - muallifi. Gap Xoluq Nurboqiyning "Omma juz’i tafsiri", "Sura-i Yusuf tafsiri", 'Toq nur", "So‘ngsiz nur", "Yosin surasi tafsiri", "Namoz suralari tafsiri" (I—II jildlar), "Insonning bilinmasligi", "Fotihaning qirq tafsiri" kabi o‘nlab kitob yozganligida emas, gap muallifning tibbiyot fanlari doktori, professor, onkolog-vrach ekanligidadir. Dunyoviy ilmlarga ega bo‘lgan bir insonning ruhoniy ilmlarga munosabati qiziqarli edi, chunki dunyoviy ilm sohibi o‘z fikrlarini moddiy dalillarsiz isbotlay olmaydi. Chindan ham asar mundarijasiga qaradim-u, birdan ichimda katta qiziqish uyg‘ondi. Unda Qur’onning tili, qurilishi(kompozitsiyasi), matematik, fizik, tibbiy mo’jizalari, koinot, muhit (atmosfera), yer, dengiz, shamol, neft, zilzila, tug‘ish va tug‘ilish, tuproqda jonli mavjudotning paydo bo‘lishi, ya’ni o‘lik tuproqning tirilishi, alkogolizmning insonga va jamiyatga zararlari to‘g‘risida gap borardiki, bular odamni qiziqtirmasligi mumkin emas edi.