Bundan sevingan Misr xalqi hadyalar keltirdilar, mol-dunyo nisor etdilar, ammo Zulayho ularning hammasini Yusuf alayhissalomning qarindoshlariga berdi.
Aytishlaricha, Zulayhoni Yusuf alayhissalomga nikoh qilganlaridan so‘ng ikkovlari hilvatga kirganlarida Zulayho shunday dedi:
- Ey Yusuf, men seni shunchaki sevgan emasman. Ikki sababdan sevdim: biri - seni ko‘rking uchun sevdim, zero go‘zallikni sevmoq ayb emas. Ikkinchidan - erim Azizi Misr menga yaramas edi, agar mayl qilib qolsa, faryod urib qochardi. O’n sakkiz yoshda unga tekkan bo‘lsam, shu kunga qadar er bilan qovushmoq lazzatini ko‘rmadim, onadan tug‘ilgandek bokiraman. U qachon mayl qilsa, faryod urib qochardi. Sababini so‘rasam, "Seni ortingda ikki arslon paydo bo‘ladi va menga hamla qiladi, ulardan qocharman", derdi.
- Ey Zulayho, u ikkisi arslon emas, farishtalar edi, Olloh taolo farmoni bilan seni kofirdan men uchun saqlagan edi, - dedi Yusuf alayhissalom. Yusuf alayhissalom Zulayho bilan qo‘shilganlarida u onadan tug‘ilgandek bokira edi.
- Umrim davomida hech bir er bilan suhbat qilmaganim, o‘zga kishini ko‘nglim tilamaganim barobarida Azizning sirini hech kimga oshkor qilmadim, Ollohga beadad shukurki, murodimga yetkazdi, - dedi Zulayho.