Ota-ona haqqi
O'g'lim Musomurod! Insonda Haq va xalqning haqi bor. Haqqa tegishlisi «huququlloh» deyiladi, xalqqa oidiga «huquqi ibod» deyiladi. Bundan oldin esa ota-ona haqqi keladi. Huququlloh Allohga shirk keltirmasdan birligini tasdiqlab toat-ibodat qilishdir. Huquqi ibod esa, avvalo ota-onaga itoat qilib, xizmatida bo'lish, qarindoshlarini unutmasdan yo'qlab turish, ularga ehson qilishdir. Bevalarga, yetimlarga. qo'ni-qo'shnilar, musofirlar va qo'l ostidagilarga ochiq chehra bilan muomalada bo'lib, yaxshilik qilish, ular bilan salomlashish, bemor bo'lsa borib ko'rish, janozalariga qatnashish, maslahat so'rasa berish, aksa urib, «alhamdulilloh» deganda, «yarhamukalloh» deyish bandadagi bandaning haqlari hisoblanadi.
Payg'ambarimiz(s.a.v): «Alloh va Payg'ambariga ishongan qo'shnisiga yaxshilik qilsin. Allohga va qiyomat kuniga ishongan, mehmonga izzat ko'rsatsin. Allohga va qiyomatga ishonganlar yaxshi so'zlasin yoxud sukut saqlasinlar. Jabroil menga qo'shni haqqiga rioya qilishni vasiyat qildi. Jabroilning bu qadar ahamiyat berishidan, qo'shni qo'shniga voris qilinsa kerak deya o'yladim», dedilar.
Ey nuri diydam! Bu hadisi sharifni yaxshilab tahlil etsang, Alloh va Rasuliga ishongan kishi qo'shnisiga, meh¬monga yaxshilik qilish, ularga yaxshi gapirish yoki sukut saqlashni tushinib olasan. Ammo ota-ona haqqi barcha haqlardan ustun turadi. Alloh va Rasuliga ishonuvchi har bir musulmon ota-onasiga itoatda bo'lishi lozim. Aks holda, mardud bo'ladi. O'g'lim, ota-onaga osiy bo'lgan banda ibodatini Alloh qabul qilmaydi.