Yuqorida yozilgan qabilalardan boshqa yana har tomondan ko‘plab elchilar kelishgan edi. Rasulullohning husni xulqlarini ko‘rib, rozi bo‘lmagan hech kim qolmagan edi.
Arabistonning har tomonlaridan kelgan elchilar ersa Islom dinining asoslarini o‘rgangach, Rasulullohdan hadyalar olib, o‘z yurtlariga qaytur edilar. Mana shu kelgan elchilar orqali butun Arabiston tuprog‘ida tezdan Islom dini tarqala boshladi.
Yuqorigi Sudo qabilasidan alarning Islom dinini qabul qilishlariga sababchi bo‘lgan Ziyod ibn Horis degan kishi edi. O‘z yeriga qaytar chog‘ida:
— Yo Rasulalloh, bizning joyimizda bir qudug‘imiz bordur. Qish mavsumi kelishi bilan uning suvi ko‘payib barchamizga yetadur. Yozga chiqib kunlar isigach, ozayib qolganlikdan, ichishga suvimiz yetishmay atrofga tarqalib keturmiz. Musulmonchilik yangidan kirgan joylarda biz uchun bu ish xatarlikdur. Duo qiling, Alloh taolo bu qudug‘imizning suvini mo‘l qilib, barakot bergay, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan yetti dona mayda tosh oldilar. Ularni kaftlarida uqalab turib, so‘ngra ani Ziyodga berdilar va:
— Har biriga «Bismillah» aytib, ul quduqqa tashlagil, — dedilar.
Borgandan keyin Rasululloh aytganlaridek qildi ersa, u quduq suvi qishin-yozin mo‘l bo‘lib, butun qabilaga yetib oshar bo‘ldi. Sollallohu alayhi vasallam.