XOTIMA
Qismatimdan roziman
Men atrofimni o‘rab turgan ne’matlardan umr bo‘yi qarzdor yashayapman. Ota-onamning yetti mozorga chiroq yoqib, kokil qo‘yib, kipriklariga o‘tqizib katta qilgan erka qizi edim. Meni bir bora ham chertmaganlar, so‘kmaganlar, tergamaganlar. Ular uchun men o‘lmay yursam bo‘ldi edi. Ko‘nglimga kelgan ishni qilib, og‘zimdan chiqqani muhayyo bo‘lib ulg‘aydim. Bag‘rim sidiriladigan armonim shuki, onajonim, dadajonim mendan hech qachon gina qilmadilar, hech narsa so‘ramadilar! Vodarig‘, ularning ko‘nglidagiday farzand edimmi? Bola topib, chigillari ota-onaday yozilib ketdimi yo yo‘q? ...Ko‘rib turibsizki, o‘zimning ko‘nglim to‘ladigan farzand bo‘la olmadim.
Xo‘sh, qanday beka bo‘ldim? Tongda ketib, shomda qaytib, uy bilan ishning oralig‘ida bo‘zchining mokisiday yuguraverdim. Ovqatning osonini pishirib, shosha-pisha kir yuvib, bo‘g‘ilib dazmol qilib, er deganning ko‘zigayu so‘ziga astoydil quloq sololmay, quloq solgani vaqt topolmay yashab keldim. Ming xijolatchilik bilan aytamanki, ko‘ngildagiday juft ham bo‘lolganim yo‘q!
Onaday ona bo‘loldimmi? Bolalarimga ertaklar aytish o‘rniga tunlari dasta-dasta daftar tekshirdim yoki o‘tirvolib she’r to‘qidim, ularning kayfiyati, xohishlarini so‘rash o‘rniga uyga zilday charchoqlarimu uyulgan qaboqlarimni olib keldim. Yuragimga sig‘ib, o‘g‘il-qizlarim bilan bog‘u rog‘larda yetaklashib, chaqchaqlashib yurmadim. Atrofimga o‘tqizib olib turfa kitoblar o‘qib berolmadim. Ko‘rib turibsiz, mening ona sifatidagi bahoim ham qoniqarsizdir!
Ammo Alloh menga o‘qituvchilikday kasbu kor berdi. Har bor sinfga kirib, bolalarning ko‘ziga ko‘zim tushishi men uchun huzur edi. Har gal saboq berar ekanman, yuragim bodroqday ochilayotganini, bo‘g‘zimga to‘lqinlanib, taxlanib, gurkirab kelayotgan so‘zlar bayoniga bitta tilim yetmay qolayotganini his etardim. Sinf go‘yo pianino, o‘zimni esa barmoqlarini zavq bilan klavishlar uzra yugirtirayotgan cholg‘uchiday sezardim! Bu kasb jonimni toliqtirdi, sochimni oqartirdi, ammo men undan farax topdim, qismatimdan ming bora roziman! Kasbiki kishiga rohat beryaptimi, ilmu hunaringdan boshqalar na’f olyaptimi, shuni ko‘rganing izlangan baxtdir!
Taajjublisi shuki, men hech qachon o‘qituvchi bo‘laman deb orzu qilmaganman. Universitetni bitirgach ham, rejam gazeta-jurnal redaktsiyalarida ishlash edi, ammo taqdir maktabga yo‘naltirdi. Dastlabki bir yilda baribir bu yerdan ketaman deb yurdim. Ammo jonimning bir tolasi shu dargohga bog‘lanib qolayotganday tuyila bordi, ketishni o‘ylagan sarim, yuragim shuvillashga tusha boshladi. Yana picha ishlaychi dedim. Qarabsizki, shu tarzda maktabda makon topdim.