Sovg’a ulashishni qizlardan boshlang.Ayol zoti gohida xanjar o’tmas tilsim, gohida kapalak qanotidek nozikkina bir vujud. Goho suv betida charsillab yonayotgan olovdek... Havo birda ochilib, birda bulutlanib turganidek, ayol tabiati ham dilgir, goh muztar bo’lib turlanadi.
Tabiatan nozik ayol zoti, o’ylab qarasangiz, turmushda har xil mashaqqatni ko’taradi: birovining eri erta qazo qilgan, jo’jabirday sag’irlari bilan tul qolgan, birovining oilada baxti ochilmagan, boshqa turmush haqida dadil bir qarorga kelish uchun ko’ylagining etagi og’irlik qiladi, sag’irlar chappa yopishgan.Shuning uchun dinimiz ayollar sha’nini ulug’lagan, maqomini yuqori ko’targan, martabasini oshirgan.
Payg’ambarimizdan (s.a.v.) vorid bo’lgan mashhur hadislarni eslang: "Men dunyolaringizdagi uch narsani — soliha ayol, xushbo’y hidlar va namozni yaxshi ko’raman"; "Jannat onalar oyog’i ostidadir"; "O’z ahli ayoliga mehr-shafqatli bo’lganlaringiz eng yaxshilaringizdir"; "Eridan beva qolib, bolalarni tarbiya qilishda sabr etgan va turli mashaqqatlarga uchraganidan rangi sarg’ayib ketgan xotin bilan jannatda yonma-yon bo’lamiz" (Buxoriy); "Sovg’a ulashishni qizlaringizdan boshlang"...
Qur’oni karim suralaridan biri "Niso" (Ayollar) deb ataladi. Islomiyat johiliyat davrida xo’rlangan, kamsitilgan, haqoratlangan, izzat-nafsi yerga urilgan ayolning martaba-mavqeini yuksaltirdi, haq-huquqlari va erkinliklarini ta’minladi.
Islomiy adolatni qarang: eri o’lib, sag’ir bolalari bilan tul qolgan ayol xohlasa, er qilishi mumkin. Buning uchun ajr-mukofot oladi. Agar turmushga chiqadigan bo’lsa, bolalarni deb yangi erning haq-huquqini ado etolmaslikdan qo’rqsa, oila qurmay ham yuraverishi mumkin. Hech kim uni bunga majburlamaydi, ayblamaydi. Aksincha, qaysi bir ayol eridan keyin qolib, yosh bolalari tarbiyasiga o’zini bag’ishlasa, nafsidan kechib, bolalarini solih insonlar qilib ulg’aytirsa, ulkan savob va ajrlar olishi ta’kidlangan.
Islomiy oilada qiz farzand tug’ilsa, o’g’il tug’ilganidan ham ko’proq xursandchilik qilish buyurilgan. Kattalar ko’chadan sovg’a-salom olib kelishsa, bolalar yugurib chiqqanida hadya ulashishni qizlardan boshlash tavsiya etiladi. Qiz bolalarni to’g’ri tarbiya qilish mukofoti jannatdir. Rasululloh (s.a.v.): "Kimning uchta qizi bo’lib, ularga mehr-shafqat nazari bilan qarasa, jannatga kirishi muqarrardir", dedilar. Shunda bir kishi: "Ey Allohning Rasuli, qizi ikkita bo’lsa-chi", deb so’raganida, Rasuli akram: "Ikkita bo’lsa ham", deb javob qildilar (Buxoriy).
Xullas, dinimiz ayolni e’zozlash, iffati va sha’nini himoya qilishni, uning huquq va manfaatlarini kafolatladi. Turmush mashaqqatlarini, ro’zg’or kam-ko’stini butlashni erkaklar zimmasiga yukladi. Ayollardan esa Alloh taoloning amr-farmonlarini bajarish, erlariga itoat etishgina talab qilindi. Buning evaziga oliy mukofot — jannat va’da etildi. Payg’ambarimiz (s.a.v) aytganlar: "Bir ayol eriga itoat etsa, Allohning oldidagi burchini ado qilsa va vazifalarini bajarsa, unga shahidning savobi qadar savob yoziladi".
To’xtaxon DAVRONOVA,
Buloqboshi tumani
Manba’a :
http://www.muslimaat.uz