ABU HOMID MUHAMMAD al-G’AZZOLIY
OXIRATNOMA
Tarjimonlar: ALI BOTIR, ISROIL SUBHON
AVVALGI BOB ILMU AMAL BOBIDA
Ey farzand, ogoh bo‘l, Rasulullohning ummatlariga qilgan xitoblaridan biri shundaykim: «Olloh taolo bandasini dargohidan yiroq qilmoqligining belgisi ul bandaning oxiratda foyda bermaydigan amallar ila mashg‘ul bo‘lmoqligidir. Va ul kishikim, umrining aqalli bir soatini behudaga sarf etsa, shuning o‘zi qiyomat kuni pushaymon yemoqligi uchun kifoya va yo bir odamning umri qirq yoshdan o‘tsa-yu, yaxshi amallar yomondan ortiq bo‘lmasa, bu kishi ham jahannamga hozirlik ko‘raversin!..»Ushbu hadisda ahli ilm uchun bag‘oyat ulug‘ ibrat bor, ey farzand!
Ey farzand, nasihat qilmoq oson, ammo uni qabul etmoq qiyin emish. Zero, nasihat ko‘ngil talabiga ergashib ish ko‘rguvchi kishi tabiatiga malol keladi. Sababkim, shariatda ma’n qilingan narsalar o‘sha nafs ilgidagi kishi ko‘ngliga mahbub va yoqimlidir. Xususan, yana shunday kishilargakim, ilmi kalom va mantiq ilmini ehtiyojdan tashqari talab qilib, fiqh ilmi ila keragidan ortiqcha mashg‘ul va ko‘ngillari tusagan dunyo ishlariga mubtalodirlar, — bularga ham nasihat qilmoq og‘ir kechadi. Ollohni rozi qilishga va jahannamdan qutulishga kifoya qiladi», degan gumon-ishtibohga berilganlar. Yana «ilm bo‘lgach, amalga hojat yo‘q», qabilida ish qilurlar. Bunday ilmning o‘zi bilangina kifoyalanish — shariatni inkor qiluvchilar e’tiqodi bo‘lib, ular ilm bo‘lsa-yu, amal bo‘lmasa,— bu kabi ilmdan foyda yo‘qligini bilmaydilar Holbuki, o‘qib o‘zlashtirgan ilmiga amal qilmagan odamning qiyomat kunidagi azobi ikki hissadir. Rasululloh salallohu alayhi vasallam aytadilar: «O’qigan ilmi foyda bermagan olimning qiyomatdagi azobi qattiq bo‘ladi». Rivoyat qilurlarki, Junayd Bag‘dodiy dunyodan o‘tgach, bir kishi tushida u zoti muborakdan so‘ragan ekan: «Ey Abul Qosim, holingiz nechuk?», deb. Shunda Bag‘dodiy demishlar: «O’qilgan iboralar (ilmlar) bekor bo‘ldi, «uni qil, buni qilma»ga o‘xshagan iboralar yo‘q bo‘ldi, kechalari turib o‘qigan namozlarimizgina foydaga qoldi, xolos...»
Ey farzand, amalda beamal bo‘lma. So‘fiylar zikridan besamar bo‘lma!
Aniq bilgilki, beamal ish hech qachon foyda bermaydi. Masalkim, bir kishi sahroda yolg‘iz qoldi. O’nta hindiy qilichu yana qurollari bor, o‘zi ham mohir, baquvvat. Shu asno, deylik, bir sher unga hamla qildi. Ayt-chi, qurollarning o‘zigina haligi ofatdan saqlay olurmi? Yo‘q, albatta. Ul odam qurollarni ishga solsagina, sher hamlasini qaytarishi mumkin. Binobarin, bir kishi yuz ming masalani o‘qib-o‘rganib, boshqalarga o‘rgatsa-yu, o‘zi amal qilmasa, bundan ne naf? Aytaylik, bir odamning harorati oshib, safro dardiga yo‘liqsa, uning davosi doridir. Bemor to shu dorini topib amalda qo‘llamasa, ahvoli durust bo‘lmas. Bayt:
Gar may du hazor ratl hamepaymoyi,
To may naxo‘ri, naboshadad shaydoyi.
Mazmuni: Ikki ming qadoq mayni tarozida tortsang-u, undan tatib ko‘rmasang, mastu shaydo bo‘lmaysan, nimaligini bilmaysan. Basharti yuz yil ilm o‘rganib, mingta kitobni jamuljam etsang-u, amal qilmasang, Ollohning rahmatidan umidvor bo‘lishga haqqing yo‘q. Inchunun, Olloh Qur’oni karimda aytadi: «Inson faqat qilgan amallari orqasidan foyda ko‘radi. Kimki, Olloh taoloning jamolidan umidvor bo‘lsa, solih amallar qilsin. Zero, yaxshi amallari evaziga mukofot, yomon amallari evaziga jazo olgusidir. Shunday kishilarkim, iymon keltirib, solih amallarni ado etur, ul zotlarga firdavs jannati maqom bo‘lgusi». Va yana, ey farzand, bu hadisga ne dersan: «Islom besh amal ila bino qilindi: Birinchisi: — Xudoning yagonaligi va Muhammadning payg‘ambarligiga iymon keltirish; ikkinchi amal — besh vaqt namozni ado etish; uchinchisi — zakot berish; to‘rtinchisi — ramazon oyida ro‘za tutish; beshinchisi — qurbi yetsa, kishi umrida bir marta haj ziyoratini qilmoqdir». Shu besh amalning avvali — iymon xususida. Iymon — payg‘ambar zikr etmish hukmlarni til bilan aytib, dil bilan tasdiqlab, jon-tan ila unga amal qilmoqlikdan iborat. Kerakli va foydali amallar uchun esa behisob dalillar bor. Va lekin bandasi yolg‘iz Olloh taologa toat-ibodat qilgandagina ul zoti mukarramning fazlu karami ila jannatga erishadi. Chunki, «Faqat va faqat ezgu amallar qilguvchilargina Ollohning rahmatiga loyiq ham sazovordir».
Agar so‘ralsaki: «Yolg‘iz iymon birla kishi jannatga erishadimi?». «Ha», deb ayturmiz. Ammo, iymon bilan jannatga erishguncha bandaning qarshisida qanchadan-qancha baland va mashaqqatli dovonlar bor! O’shal dovonlarni oshib o‘tmay jannatga yetmoq dushvor. Ul dovonlarning eng avvali va xatarlisi «Iymon tog‘i»dir. Har banda umri poyoniga iymonini shayton dastidan salomat yetkaza olurmi yo yo‘q — hamma gap ana shunda! Agar shu mashaqqatli ishning uddasidan chiqsa, qurbi yetsa — o‘shandagina yolg‘iz iymon bilan (ya’ni boshqa amallarsiz) jannatga doxil bo‘lgusi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh demishlar: «Erta qiyomat kunida Olloh taolo bandalariga aytar ekan: «Ey bandalarim, faqat mening rahmatim va fazlim birla jannatga kiring va qilgan amallaringizga yarasha ulush oling». Shunda amalsiz kishilar bundan mahrum bo‘lib, bebahra qolurlar.
Ey farzand, ogoh bo‘l: Amal qilmasang, savob topmaysan. Hikoyat. Bani Isroil qabilasidan bir kishi yetmish yil Xudoga toat-ibodat qildi. Xudo bu kishining ahvolini farishtalariga bildirishni xohlab bir farishtani uning huzuriga yo‘lladi va dediki: «Borib ayt, shuncha ibodati bilan ul banda menga loyiq emasdir». Ollohning bu gapini farishta yetkazdi. Shunda ul banda javob berdi: «Biz ibodat uchun yaratildik, ibodat bizlarga vojibdur». Farishta Xudo huzuriga qaytib: «Iloho,» — dedi, — ul bandang ne degani o‘zingga ayondir». Shunda Olloh aytdi: «Ul bandam mening ibodatimdan yuz o‘girmadi, bas, men ham fazlu karamim birla undan yuz o‘girmasman. Ey farishtalarim, guvoh bo‘ling, men uni mag‘firat qildim». Mana, ko‘ring, bu kishp faqat ibodat bilan Ollohning roziligiga muyassar bo‘ldi.
Hadis. Muhammad salallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat so‘rog‘idan avval o‘z-o‘zingizga hisob berib turing, Olloh qiyomat tarozisiga qo‘ymasdan oldinroq o‘z amallaringizni o‘lchab yuring» Ali karamallohu vajhahu aytdilar: «Kimki biron bir amalga harakat qilmasdan jannatga erishaman deb umid qilsa, bas, u karbsiz (ya’ni, mutaxassis bo‘lmay turib, bir kasbni da’vo qilish kabi, tarj.) Ollohni tilovchidir. Va yoxud kimiki, jiddu jahd ila jannatga erishaman, deb fikr qilsa, bas, u kishi ham o‘zini mashaqqatga qo‘yibdi. Hasan Basriy rahmatulloh dedilar: «Amalsiz jannatni talab qilmoq gunohlarning biridir». Va yana aytdilar: «Amalga e’timod qilib, unga suyanib ham qolma, amalni tark etib, undan yuz ham o‘girma — ana shundagina jannatga doxil bo‘lgaysan». Muhammad alayhissalom aytdilar: «Aqlli kishi shul kishiki, — aqli nafsidan g‘olib keladur va o‘lgandan keyin tirilishini bilib yaxshi amallar qilur. Va ahmoq kishi shul kishiki, — nafsi xohishiga ergashib, yana Olloh mag‘firat qilishidan umidvor bo‘lur».
Ey farzand, ogoh bo‘l, kechalari kitob mutolaa aylab, uyqungni harom qilding. Bundan maqsad ne? Agar niyating dunyoviy obro‘-e’tibor topmagu mol-mulk to‘plash yo bu foniy dunyoda biron-bir mansab, lavozim egallash va yoki yaqinlaringu tengdoshlaring orasida maqtanish bo‘lsa, unda holingga voy!.. Va agar maqsading Rasululloh shariatlarini tiriltirmoq va yoki xulqingni poklamoq ila yomonlikka buyuruvchi nafs bo‘ynini sindirmoq ersa, unda senga sharaflar bo‘lsin! Shoir aytgan ekan: «Ko‘zlarkim, sendan (Xudodan) boshqani deb uyg‘oq turmog‘i bekordir. Va shu ko‘zlarim sendan boshqani yo‘qotib yig‘lamasa bas. Yig‘lamoq faqat Olloh uchungina bo‘lmog‘i lozim».
Ey farzand, Ollohning amri bilan bu dunyoda qancha xohlasang shuncha yashagil, lekin alal oqibat uni tark etursan. O’lgandan so‘ng holim mushkul bo‘lmasin desang, bugun fikr qil! Neniki xohlasang o‘zingga do‘st tut, ammo baribir undan ajralasan. Va nimaiki amalni xohlasang qil, shunga yarasha taqdirlanursan. Yaxshi amalga — yaxshi hukm, yomon amalga — yomon hukm.
Ey farzand, mantiq va ixtilof ilmidan senga naf yo‘q. Oxiratda foyda bermaydigan bu kabi dunyoviy ilmlar bilan shug‘ullanib, Olloh oldida gunohkor bo‘lib, umringni zoe ketkazasan, xolos.
Ulug‘lik egasi, ulug‘ Olloh havdi-hurmati, men Iso alayhissalomga nozil bo‘lgan Injilda ko‘rdim: mayitni (murdani) janoza vaqtidan to qabr boshiga eltguncha Olloh undan o‘z ulug‘ligi bilan qirq savol so‘raydi. Dastavvalgi savoli — Olloh aytadi: «Ey bandam, sen necha yillar mobaynida bandalar nazari tushadigan joylaringni poklab, tozalab yurding-u, ammo mening nazarim tushadigan qalbingni aqalli biron soat ham pok tutmading. Men esa unga umidvor bo‘lib har kuni qalbingga qaradim. Ey bandam, ehsonu karamlarimga o‘ranib olib, mendan boshqalarga nimalar qilmading? Holbuki, mendan boshqaning yodi bilan nafas olish ham loyiq ish emas edi. Gapir! Yo bir so‘z eshita olmaydigan karmisan?!».
Ey farzand, ogoh bo‘l, amalsiz ilm telbalikdan boshqa narsa emas. Va lekin ilmsiz amal ham naf keltirmagay. Shuni bil va yodingda tut: Har qanday ilmki bu dunyoda ma’siyatdan (gunohdan) uzoq toat-ibodatga dalolat qilmasa, unday ilm qiyomat kuni seni jahannamdan qaytarishga qodir emas. Bunday ilmdan saqlan! Agarchi sen bugungacha, bugun va bundan keyin amal qilib o‘tkazsang va o‘tkazadigan kunlaringni islohga keltirib, sarhisob qilmasang, qiyomat kuni harchand: «Bizlarni foniy dunyoga qaytar, endi solih amallar qilurmiz», deganingda senga: «Ey ahmoq, o‘zing-ku o‘sha dunyodan kelding, yana ne deysan?», deya javob beriladi.
Ey farzand, ruhingga hurmat tila, nafsingga siniqlik bag‘ishla va taning hokimligini mavh et, o‘ldir! Ruh — ulug‘ hodisakim, u faqat yaxshi amallarni xohlaydi, illo, yaxshi amal dil. Nafsing buyurgan yo‘lga yursang, muqarrar halok bo‘lg‘aysan. Nafsingni tiy, sindir, taning parvarishiga erk bersang, u semirib ketadi va ibodatga sust bo‘lasan. Shuning uchun ham taningni o‘ldirib (oriqlatib) ibodatga yengil bo‘l. Zero, oxir-oqibat boradigan yering qabrdir. Ahli qabr har kuni, har soat borishigni kutib turibdi. Sen esa ular oldiga «ozuqa»siz (ya’ni sovg‘asiz — toat-ibodatsiz. Tarj.) borishdan saqlan, toki qabr ahli sendan ranjimasin.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu aytdilar: «Bu jasad (badan) bamisoli qushlar qafasi va yoxud hayvonlarni qamaydigan og‘ilxonadir». Bas, sen fikr qil — har ikkisidan qay biriga mansubsan: Agar yuksaklikka uchadigan qushlar jumlasidan bo‘lsang (ya’ni ezgu, ibodatli kishilarga), Xudo tomonidan keladigan «Ey, pok nafs!» degan nidoni eshitib yuqoriga qarab uchgaysan — toki jannatning oliy darajalarini quchgaysan!
Bir sabab bo‘lib Rasululloh salallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sa’d ibni Muoz olamdan o‘tgan kun Ollohning arshi larzaga keldi — nechuk-kim aning pok badanidan chiqqan pok ruhi arshi a’loga ko‘tarilgan edi». Va lekin Olloh saqlasin, minba’d ikkinchi toifa jumlasiga mansub bo‘lma, negaki, Olloh aytadi: «Bu beiymonlar hayvonlar kabi, balki hayvonlardan ham ortiq adashganlardir». U holda dunyodan to‘g‘ri jahannamga borib tushishdan o‘zga chora qolmaydi. Rivoyat qilindi: Hasan Basriyga muzdek suv berdilar. U kosani qo‘liga oliboq hushidan ketdi va kosa yerga tushdi. Hushiga kelgach: «Sizga nima bo‘ldi, ey Abu Said?», deb so‘radilar. Ul zot javob qildilar! «Ertangi qiyomat kunida ahli do‘zaxiyning doimiy orzusi, ohu nolasi: «Ey ahli jannat, bizga muzdek suv bering!», deydigay iltijosi yodimga tushdi. Bu holatlarning xayoliga ham dosh berolmay hushimdan ketibman».
Ey farzand, yana shuni bilgilki, agar amalsiz ilmning o‘zigina kifoya qilganda edi, Olloh; «Mendan tilovchi (so‘rovchi), mag‘firat talab qiluvchi, tavba qiluvchn bormi?», deb so‘ramagan bo‘lur edi.