Shahidning hukmi
Ahli sunnat val jamoa mazhabiga ko‘ra, o‘ldirilgan kishi o‘z ajali bilan o‘lgandir.
Kimlarni shahid deyish mumkin?
Jang maydonida kofir dushmanlar, hukumatga qarshi bosh ko‘targan osiylar, yo‘lto‘sarlar o‘ldirgan, yo kechqurun uyiga kirgan o‘g‘ri tosh kabi narsa bilan bo‘lsa-da, urib o‘ldirgan, jang maydonida jarohat bilan o‘lik jasadi topilgan odamlar shahiddirlar.
Bir musulmon kishi tomonidan keskir qurol bilan qasd qilib, nohaq o‘ldirilgan musulmonlar ham shahid hisoblanadi. Yuqorida sanab o‘tilganlar bolig‘, hayz, nifos, junubdan pok bo‘lib, hayotdan naf’ ko‘rmay, joni uzilgan bo‘lsa shahid hisoblanadilar.
1. Shahidlarning qonli kiyimi yechilmay, jasadi yuvilmay janozasi o‘qiladi.
2. Kafanlikka yaramaydigan dubulg‘a, zirh, qurol-yarog‘ kabi narsalar yechib olinadi.
3. Sunnatga muvofiq kafanning kamchiligi to‘ldiriladi, ortiqchasi olib qo‘yiladi.
4. Shahidning ustidagi kiyimlarini butunlay yechib olish yoki uni boshqa kafanga o‘rash makruhdir.
5. Junublar, bolalar, jinnilar, hayz va nifos ko‘rayotgan ayollar o‘ldirilgan bo‘lsa, yuviladi.
6. Jang tugaganidan so‘ng, yarador holatida yeyish, ichish, uxlash, davolanish yoki hushi joyidaligida bir namoz vaqti qadar muddat o‘tsa, (oyoq ostida tepkilanib ketmasligi uchun emas, balki boshqa qandaydir sabab bilan) jang maydonidan boshqa joyga ko‘tarib chiqilsa, vasiyat qilish, savdo-sotiq (oldi-berdi) qilish, ko‘P gapirish kabi dunyo ishlarini ado etib jon taslim qilganlar ham yuviladi.
7. Ammo jang tugamasidan yuqorida zikr etilganlarning joni uzilgan bo‘lsa, jasadi yuvilmaydi.
8. O’ch, qasos uchun o‘ldirilgan, shaharda topilgan qotili noma’lum jasad yuvib, janozasi o‘qiladi.