SO‘NGGI O‘Q Tohir Malik
Jahongir Zokirxo‘jani har eslaganida «musofirlikda oltin topish oson, jon taslim qilish qiyin», deb qo‘yardi. Aslida bu Zokirxo‘janing gapi. Tanasi kafan ko‘rmagan, lahad ko‘rmagan muslimning gapi. Qulog‘iga Olloh nomi bilan azon aytilgan, «Olloh» deb tili chiqqan, umri bo‘yi toat-ibodatda bo‘lgan muslim janozasiz ketdi. Inson bolasining boshiga turli kulfatlar tushishi mumkin. Bu dunyo azoblarini behad ko‘p totishi mumkin. Lekin Jahongirning nazarida, kulfatlarning eng beshafqati o‘sha Zokirxo‘jaga nasib etdi. «Bir hovuch ona tuproqqa zor bo‘lib ko‘z yumishni hech bir andaga nasib etmasin.» Bu ham Zokirxo‘baning gapi...
Nohaqlik, tuhmatlar jabrini ko‘p tortgan, ammo vijdoniga xiyonat qilmagan tabarruk inson, tog‘am Mirzakalon Ismoiliyning pokiza ruhiga xolis niyat ila baxshida etdim.
MUQADDIMA«Bismillohir Rohmanir Rohiym!».U shunday deb miltiq qo‘ndog‘ini yelkasiga tirab, bargga qarab oldi.
Kuzning sovuq nafasida titrab-qaqshab turgan yaproqlar qitday shabadaga ham tob berolmay chirt uziladigan ahvolga kelgan. Yomg‘irdan oldinroq uzilib xazonga aylangan barglar esa chirishga yuz tutgan. Bugungilari ham, agar shamol uchirib ketmasa, o‘z daraxtining poyida chiriydi.
Kun og‘ib shabada esmay qo‘ygan. Daydidaradagi do‘nglikda — tanho savlat to‘kib turuvchi chinorning eng pastki shoxidagi barg uzilgani hamon miltiq otiladi: kimdir — ikkisidan biri qulashi kerak...
Bir yoniga sal qiyshayib turgan yigit, garchi yagona bargga tikilib qolgan bo‘lsa ham uni ko‘rmaydi. Ukasi bilan otishishga shartlashib, qo‘liga miltiq olgach, titrab turgan barg o‘lim xabarchisiday tuyulib, ko‘z oldi xiralashgan. Endi u faqat Xudodan najot kutadi.
«Padarkushligim rost bo‘lsa, Xudo avval ko‘zimni ko‘r qiladi. Bargning uzilganini ko‘rmay qolaman. Jahonning qahri qattiq. U ayamaydi... Barg qani? Nimaga ko‘rmayapman? Xudo jonimni ukamning qo‘liga topshirdimi? Peshonamga yozilgani shumi?»
— Jahon... Jahongir!
— Nima deysiz? — Jahongir bargdan bir zumgina ko‘zini olib, akasiga qaradi.
— Ulushim ko‘milgan yerni aytaymi?
— Kerak emas.
— Jahon!
— Bargga qarang!..
«Talvasaga tushib qoldilar. O‘lim haqligini sezdilarmikan? Tepada Xudo kim haq, kim nohaqligini ko‘rib turibdi. Agar otamni bila turib atayin o‘ldirgan bo‘lsalar, omon qolmaydilar. Xudo jazosini beradi. Ammo jazosini mening qo‘llarim bilan berishiga qanday chidayman keyin! Otamning qabri sovimay turib, akamdan ham ayrilsam, kimga suyanaman? Akamning qazosini qo‘limga topshirib qo‘yib Xudo meni ham jazolamoqchi emasmikin? Nima uchun? Qaysi gunohlarim evaziga menga buni ravo ko‘rmoqchi? «Sen o‘ldirding-u, buning mukofotiga seni mahv etdilar. Endi qotilingning jonini qaerda olishar ekan...» Mashoyixlardan qolgan bu so‘zlar nahot chinga aylansa? Otamni akam o‘ldirdi. Men akamni... Mening jonim kimning qo‘lida? Barg qimirlamayapti. Barmoqlarim qotib qolay deyapi. Qancha kutamiz? Balki barg ertaga ham uzilmas? Balki qishi bilan qolib ketar? Axir hamma barglar ham uzilib tushavermaydi-ku? Akam bargga qarayaptilarmi?»
Jahongir akasiga ko‘z qirini tashladi. Olamgir miltig‘ining og‘zini yerga qaratgancha ukasiga ma’nosiz tikilib turardi.
— Aka, bargga qarang!