Saudiyada mendan so‘radilar... Jiddada bir nahoriy nonushta tashkil etib, bizni to‘plashdi. Turkiyadan borgan boshqa professorlar ham taklif etilgan... Dedilarki, «Turkiyada 99 foiz musulmon bor, ammo nechun ulkan Islomiy bir taraqqiyot yo‘q...» Aytdimki, «Yuksalish, taraqqiyot, yordam faqatgina Allohdandir. Allohga tayanmagan bir ishning foydasi bo‘lmas, shu ma’lum bo‘lsin!..» Alloh xohlamasa, bo‘lmas. Allohdan so‘ramog‘imiz lozim, duo qilmog‘imiz lozim... Duo qildik, qara, qandoq yomg‘ir yog‘di!.. Demakki, bunday diyorlarda, bunday mamlakatlarda hali duogo‘y insonlar bor ekan-ku!
Nega yomg‘ir uchun duo qilindi-yu, Islomiy yuksalish, rivoj uchun duo qilinmaydi?.. Nega Fotih jome’sida hozirga qadar hech: shu musulmonlik rivoj topsin, deb duo qilinmagan?.. Qanday materialist (moddiyunchi) insonlarmiz biz?.. Qanday moddaparast insonlarmiz!.. Yomg‘ir yog‘may qolsa, o‘n besh ming kishi Fotih jome’sida to‘planadi, yig‘lashadi: «Yo Rabbiy, yomg‘ir yubor!» deb. Islom ketyapti, ammo hech kimning tuki qimirlamaydi!.. Ketsa ketaversin, deydi. Chunki uyida o‘zi Qur’on o‘qiydi, tasbih o‘giradi, yotadi!.. Shundoq beparvolik qilish mumkinmi?.. Yomg‘ir umumiy yog‘ganidek, Islomning rivojlanmog‘i uchun, musulmonning qutulmog‘i uchun nega duo qilmaysan?.. Rivoj bergay!.. Alloh kimning duosini qabul etadi?.. Albatta, sevgan qulining duosini qabul etadi. Eng birinchisi shu!
Ikkinchidan, Qur’oni karimda Alloh taolo hazratlari Payg‘ambar janobimizga buyurgayki:
«Fa bi-ma rohmatim-minallohi linta lahum».
Ya’ni, «Ey Rasulim, Allohning lutfi, rahmati bo‘lib, (Allohning lutfi bilan, karami bilan, Alloh yordam qilib, Alloh shundoq ilhom berib, ko‘p shukrki), ularga muloyim munosabatda bo‘lding... Atrofingdagi ul qusurli musulmonlarga muloyim bo‘lding». «Valav kunta fazzan g‘aliyzal-qolbi, lan faddu min havlik» — «Agar qattiq qalblik bo‘lsang eding, atrofingdan tarqalib ketar edilar», deydi.
Demakki, insonlarni birlashtirgan, to‘plagan narsa go‘zal axloq ekan, shirin til ekan, toza, pok qalb ekan, axloqi hamida ekan, jo‘mardlik ekan!.. Insonlarni tumtaraqay tarqatgan narsa qo‘pollik, qattiqlik, g‘avg‘o va terslik ekan... Shuning uchun hech ish chiqmayotir. Shuning uchun, shunga tirishamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz, undoq qilamiz, bundoq qilamiz, ortiq hech ish chiqmaydi. Nega?.. Qattiqlik bilan bir ish bo‘lmas, g‘avg‘o bilan bo‘lmas, adabsizlik bilan bo‘lmas, qosh chimirmoq bilan bo‘lmas, ayblamoq bilan bo‘lmas!..