«Tadbiq etgani shumi?!» degan achchiq e’tirozni Said Xalil hozir navro‘z namoyishida borayotib o‘z ko‘nglidan o‘tkazdi. Humoyun katta bobosidan ibrat olib tartib bergan o‘n ikki tabaqani boshqarish juda qiyin bo‘ldi. Shundan so‘ng har uch tabaqani bir sohaga birlashtirib, to‘rtta vazorat tashkil qildi. Buni ham tabiatdagi to‘rt unsur — olov, havo, tuproq, suv kabi «anosiri arbaaga monand» deb ta’rifladi. Birin¬chi vazorat boshlig‘ini «sarkori otash» deb atadi. Unga barcha to‘p-u to‘pxonalar, qurol-yarog‘ va harbiy ishlar qaraydi. «Sarkori havoyi» deb atalgan vazir saroy ta’minotiga, oshxona, sayisxona*, kiyim-kechak ishla¬riga mutasaddi. «Sarkori obi» — ariq qazish va sug‘orish ishlarini boshqaradi, sharbat, chog‘ir va boshqa ichimliklar tayyorlaydi. «Sarkori xoki» (ya’ni, tuproqboshi) — ziroat, dehqonchilik va imoratsozlik kabi sohalarga javobgar. Humoyunning farmoniga binoan, bu to‘rt vazoratning odamlari kiyinishda ham bir-birlaridan farq qilishlari lozim, toki bir qarashda ularning qaysi sohadan ekanligini ajratish mumkin bo‘lsin. Uning o‘zi esa haftaning ma’lum kunida osmondagi biron sayyoraning rangiga va qiladigan ishining mazmuniga mos kiyinishga harakat qilardi. Nuri ko‘kish Zuhra yuduziga nisbat berilgan dushanba kunida Humoyunning kiyimida moviy va yashil ranglar ustun bo‘lardi. Seshanba kuni Humoyun uchun qizg‘ish nurli Mirrix yulduzining kuni. Seshan¬bada uning qabuliga amiri g‘azab nomini olgan hibsxona boshlig‘i va jallodlar sarkori og‘ir jinoyat qilgan aybdorlarni olib kiradi. Humoyun ularning eng ashaddiylarini qatl ettiradi.
Tabiatga qiyosan joriy etilgan «Qonuni Humoyu¬niyni» «shoirona did bilan qilingan kashfiyot» deb maqtab yurganlar oz emas. Ayniqsa, osmon timsolida birinchi o‘ringa qo‘yilgan ahli davlat vakili Bayra¬m¬xon yangicha tartibdan juda mamnun. Ammo Said Xalil kabi ruhoniylarning alami cheksiz. Axir osmon ilohiyot makoni emasmi? Ilohiyot ilmi bilan shug‘ul¬lanuvchi ulamolar, saidlar osmon ramzi bo‘lgan oliy tabaqaga kirishlari kerak ediku. Xondamir «oliy kashfiyot!» deb maqtagan «Qonuni Humoyuniy» Said Xalil boshliq ruhoniylarga shaytoniy bir o‘yinday, quruq xayolparastlikday tuyuladi. Sarkori havoyi emish! Osmonda tutqich bermay yuradigan havoga kim sarkolik qila oladi? Mirrix yulduzi qayoqda-yu, podsho kiyadigan kiyimning rangi qayoqda?!
Bu tajang o‘ylar ta’sirida shayxulislom Laxo‘rdagi Komron mirzoni va sharqdagi Sherxonni iliq bir xayrixohlik bilan esladi. Komron akasi Humoyunni pisand qilmasligi Said Xalilga ko‘pdan ma’lum. Komron pok musulmonchilikni mahkam tutadi. Humoyunga o‘xshab, majusiylarga yon bosmaydi. Bayramxon kabi dahriylarni to‘rga chiqarmaydi. Komronning mana shu xususiyatini bilgan Said Xalil oraga ishonchli odamlarni qo‘yib, u bilan allaqachon maxfiy aloqa o‘rnatgan. Humoyun uzoq viloyatlarga ketganda Komron mirzoga shoshilinich xufiya yuborib, Laxo‘rni tezroq egallashga undagan diniy peshvo — Said Xalil. Komron uning aytganini qildi-yu, Kobulga Panjobni qo‘shib olib, akasidan zo‘rroq bo‘ldi. Endi agar sharqda Sherxon bosh ko‘targani rost bo‘lsa, Humoyun otda bir oylik yo‘l bo‘lgan Bixarga qo‘shin tortib ketishi aniq. O‘shanda Said Xalil Komron mirzoga yana bitta yashirin maktub yozib, «Agrani egallash payti keldi», deydi. Shunda Komron mirzor Hindiston taxtiga chiqsa, Said Xalil¬dan umrbod qarzdor bo‘ladi, uning chizgan chizig‘i¬dan chiqmaydi.