Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 245048 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 54 B


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:38:52

* * *

Nizomning bu shirin xayollarini xonayi xosga sekin kirib kelgan Afzalbek buzdi. Hazrat Nizo¬middin podsholik tashvishlariga berilib Hamida bonuni xayolidan uzoqlashtirgan bo‘lsa ham, lekin Nizom Afzalbekning qachon qaytishini sabrsizlik bilan kutmoqda edi. Shuning uchun Afzalbek ko‘ringan zahoti u sakrab o‘rnidan turdi.
Mushrifning ko‘rinishi horg‘in, etigining qo‘njlariga loy sachragan, otini ayamay haydagani bilinib turibdi. Ammo yuzida mamnun bir jilmayish bor.
— Hazratim! — deb Nizom qarshisida tiz cho‘kkan mushrif qo‘yniga qo‘l soldi.
— O‘zini ko‘rdingizmi? — sabrsizlanib so‘radi Nizom.
— Ha, keldilar!
— Hamida-ya? Qayerga tushdi?
— Zarafshon bog‘iga. Mana maktublari.
Nizom o‘ram qilingan va so‘rg‘ichlangan zarhal qog‘ozni ochayotganda dimog‘iga xushbo‘y gul atri urildi. Bu unga Hamida bonuning hididek tuyuldi-yu, vujudini zavq va shodlikka to‘ldirdi. Qisqagina maktubga nazar tashlar ekan, Hamida bonuning chiroyli dastxati borligini endi ko‘rdi.
«Ikki olamda men uchun yagona bo‘lgan qalbim hukmdori podshoh Nizomiddin hazratlariga!» — deb boshlangan edi maktub. Nizom ichida «hazrat demasa ham bo‘lar edi-ku», deb qo‘ydi. «Qalbim hukmdori» degani o‘zi yetarli. Lekin eng muhimi, Hamida bonu Zarafshon bog‘iga kelib tushgan, bugun oqshom uni bog‘ chetidagi o‘sha sohilda, Nizomlarning eski uylari oldida sabrsizlik bilan kutajagini aytgan edi. Xat oxirida yana: «Sizga u dunyo-yu bu dunyo sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu», deb imzo qo‘yilgan edi.
So‘nggi so‘zlar Nizomning quvonchini alangalantirib yubordi. U horg‘in jilmayib qo‘l qovushtirib turgan Afzalbekka bir hamyon oltin berdi:
— Bu hali xamir uchidan patir, — dedi. — Sizga katta inoyatlar keyin bo‘lg‘usidir... Oqshom tush¬dimi?

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:39:05

— Hazratim... daryo bo‘yida sizga maxsus qayiq muntazir.
— Kimning qayig‘i?
— O‘zimniki... Mendan boshqa hech kim bilmagay...
— ma’qul, siz oldinroq ketavering.
Ular qirg‘oqning qaysi joyida uchrashishga ke¬lishib oldilar. Nizom yengil parchadan tikilgan qabosini kiyib boqqa chiqqanda ketidan ikkita qo‘rchi sekin ergashib bora boshladi. Nizom hozir sevgilisi bilan qanday uchrashishini ko‘z oldiga keltirar ekan, qizning xatidagi «Qalbim hukmdori», «sizga sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu» degan jumlalar uni entiktirar edi. Bu so‘zlari uchun Nizom Hamida bonuni ehtiros bilan quchib o‘pishga tayyor edi... Visol paytida ular ikkovlari yolg‘iz qolishlari kerak. Qo‘rchilar xalaqit beradi. Nizom orqaga keskin o‘gi¬rildi-yu, qo‘rchilarning qarshisidan chiqdi:
— Bilamen, sizlar meni qo‘riqlab yuribsiz. Ammo bu oqshom yolg‘iz yurishni ixtiyor qildim. Sizlarga javob! Meni qasr eshigi oldida kutinglar.
— Ma’zur tuting, hazratim. Qo‘rchibegi bizga buyurgan!.. Yolg‘iz qo‘ymasligimiz kerak.
— Agar mening farmonimni bajarmasalaring, qo‘rchibegini ham, sizlarni ham shu bugunoq ishdan bo‘shatgaymen!
Qo‘rchilar orqasiga tisarildilar:
— Farmoningiz bosh ustiga, hazratim!
— Aytganimni qilsalaring ming rupiy mukofot bergayman!
— Bajonidil qasr oldida sizni kutgaymiz, — deb qo‘riqchilar qaytib ketishdi.
Nizom oqshom g‘ira-shirasida Jamnaning qirg‘o¬g‘iga borib Afzalbekni topdi. Qayiq kattagina, eshkagi to‘rtta edi. Anchadan beri o‘z kasbini sog‘inib yurgan Nizom daryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tguncha o‘zi ham eshkak eshdi. Afzalbek qayiq bilan birga Zarafshon bog‘idan ellik qadamcha berida qoldi, Nizom  Hamida bonu bilan ko‘rishib qaytguncha shu yerda kutadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:39:18

Nizomlarning Zarafshon bog‘i yonidagi kulbalari kimsasiz, huvillab yotibdi. Nizom allaqachon ota-onasini bu yerdan ko‘chirib ketgan va saroyga yaqin joydan shinam uy-joy olib bergan.
Zarafshon bog‘i chetida Nizom Hamida bonu bilan ilgari uchrashib yurgan joyda hozir hech kim yo‘q. Lekin undan beridagi chirog‘siz uy ayvonida qandaydir sharpa sezildi. Hamida bonu chet ko‘zlardan panalab tashlandiq uy ayvoniga kirganmi? Nizom hayajondan entikib bolalikdan tanish bo‘lgan, faqat hozir huvillab qolgan ayvonga chiqdi. Shu payt ikki tomondan ikkita bahaybat odam uning ustiga tashlandi. Ulardan biri darhol Nizomning og‘zini qo‘li bilan bekitdi. Ikkinchisi uning qo‘llarini orqaga qayirib, allakimga:
— Tezroq bog‘la! — deb shipshidi. Bir lahzada uchinchi, to‘rtinchi odam paydo bo‘ldi. Nizom jonholatda yulqinib, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdi, ammo biqiniga tushgan mushtlardan ko‘zi tinib, tanasi bo‘shashdi. Uy ortida usti bekik soyabon arava turgan edi. Nizomning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib, shu aravaga soldilar. Agradan janubga — Sekri tomonlarga olib ketdilar. Allaqancha vaqt o‘tgach, yo‘ldan chetga burilib, o‘siq butalar orasidagi ovloq bir joyda to‘xtadilar-da, Nizomni aravadan tushirdilar. Kundaday yo‘g‘on o‘rta yashar bir odam:
— Joningdan umiding bo‘lsa, hozir farmon yozursen! — dedi. — Said Xalil janoblarini darhol zindondan bo‘shattirgaysen!
Nizom gap nimadaligini endi fahmlay boshladi. Boshini «xo‘p!» deganday irg‘adi, og‘zi bekik bo‘lgani uchun so‘zlay olmadi. Uning og‘zini yechdilar. U o‘qchib yo‘taldi, ko‘zlari yoshlanib, yerga tupurdi.
— Men... farmon yozishim uchun... qog‘oz-qalam kerak... chiroq...
Soyabon aravadan qorachiroq olib tushib yoqdilar. Uning yorug‘i avval  ho‘kiztaxlit odamning sersoqol yuzini yoritdi. Keyin silliq kiyingan, mo‘ylovi tarashlangan oq sallali mullanamo yigit Nizomga ro‘para bo‘ldi:
— Ob-bo yalangoyoq saqqo-ey! — dedi bu yigit labini nafrat bilan burib. — Shundoq  buyuk pir sassiq zindonda yotganda, sen jononlar bilan uchrashib aysh-u ishrat qilmoqchi bo‘ldingmi, a?
Demak, bular Nizomning Hamida bonuga yozgan xatini qo‘lga tushirishgan. Nahotki Afzalbek uni aldab, bularning tuzog‘iga ilintirib bergan bo‘lsa?

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:39:31

— To‘y tayyorligini ko‘rarmish-a! Mana senga to‘y!..
Oq sallali yigit Nizomning yuziga bir tarsaki urdi. Qo‘li yumshoq, og‘rig‘i uncha bilinmadi. Ammo Afzalbekka ishonib qanchalik aldanganini, yozgan maktubi Hamida bonuga yetib bormaganini, boyagi javob xatni qizning nomidan mana shu mullanamo yigit yozganini birvarakay fahmlagan Nizom tarsakidan ham ko‘ra qilgan xatosidan vujudi qaqshab o‘kirib yubordi.
Uni tepib, itarib yerga cho‘kkalatdilar, qo‘lini yechib, Said Xalilni zindondan ozod qilish haqida farmon yozishni buyurdilar. Qattiq bog‘langanidan uvishib, qotib qolgan qo‘llar anchagacha qalamni tutolmadi.
Sersoqol yo‘g‘on odam mullanamo yigitga qarab:
— Taqsir, o‘zingizning xatingiz yaxshi, — dedi. — Farmonni siz yozing. Shu saqqo imzo chekib muhrini bossa bo‘ldi.
Mullanamo yigit oq qog‘ozi bor juzdonni tizzasiga qo‘yib, qalamni qo‘liga oldi. Aravani haydab kelgan ikkinchi yigit unga chiroq tutdi.  Ho‘kiztaxlit yo‘g‘on odam esa cho‘kka tushgan Nizomning ko‘kraklarini paypaslab:
— Muhr bormi? — dedi. — Ha, qo‘ynida nimadir borga o‘xshaydir. Chiqar muhringni! Endi uni faqat biz istagan farmonga bosursen! Agar aytganimizni qilmasang, o‘liging mana shu butazorda qolgay! To‘y sen uchun emas, go‘shtingni yeydigan darrandalar uchun bo‘lgay!
Nizom qo‘ynidagi muhrga xuddi bir chayonni ushlayotganday qo‘rqa-pisa qo‘l urdi. Oltin qutichadagi podsholik muhri g‘alamislar qo‘lida qancha dahshat-u falokatlarga yo‘l ochib berishi mumkin! Shu muhr bosilgan qog‘oz bilan bular xazinaga ham tushishadi. Mirzo Humoyunni qatl etish haqidagi farmonga shu muhrni bosib, hazrat Nizomiddinning imzosi bilan uni o‘ldirishlari mumkin emasmi? Qancha yaxshiliklar qilgan odam¬ning qotiliga aylanish ehtimoli Nizomni shunchalik dahshatga keltirdiki, o‘zining joni xavf ostida ekanini ham unutdi. Chora izlab atrofga ko‘z qirini tashlaganda chiroq shu’lasi o‘ng qadamcha naridan boshlanadigan balchiq aralash katta bir ko‘lmakka tushdi.
Mulla yigit farmonni yozib tugatganda Nizom unga muhr bosmoqchi bo‘lib qaddini tikladi. Muhrni oltin qutichadan oldi-yu, qulochkashlab o‘sha ko‘l¬mak tomonga otdi. Ho‘kiztaxlit odam:

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 08:39:47

— Hey, ablah, to‘xta! — deganicha Nizomga tashlandi, Nizom undan qochib, o‘zini chiroq tutib turgan aravakashga urdi. Chiroq yerga to‘nkarilib tushdi-yu, darhol o‘chdi. Yoruqqa o‘rgangan ko‘zlar qorong‘ilikda odamni odamdan ajratolmay qoldi. Shundan foydalangan Nizom o‘ng qadamcha nariga qochib bordi. Ammo orqasidan uchovlashib yetib olishdi, Nizomni oyog‘idan chalib yiqitishdi-yu, tepkilay boshlashdi.
Nizom hushidan ketayotib uzoqdan itlarning akillaganini eshitganday bo‘ldi. Bu unga najot tovushiday eshitildi.
— Muhrni ataylab yo‘q qildi-ya, ablah! — dedi yo‘g‘on odam Nizomning boshiga tepib.
— Izlab topaylik, — dedi mulla yigit, — bo‘lmasa farmon ish bermagay.
— Qanday topursiz? Hammayoq qorong‘i, butazor, balchiq...
— Itlar huryapti, — dedi aravakash. — Allakimlar kelayotganga o‘xshaydir...
Kelayotganlar — shu atrofning dehqonlari, yo‘qolgan mollarini qidirib, itlarini ergashtirib chi¬qishgan edi. Butazorlar orasida favqulodda hodisa bo‘layotganini sezgan itlar qattiq hurib tobora yaqinlashib kelmoqda edi.
Nizom xiyol hushiga kelib yotgan joyida bir talpindi.
— Bu ablahning endi bizga keragi yo‘q. Buni o‘ldiring!
— Tezroq bo‘ling! Itlar yaqin kelib qoldi.
Ho‘kiztaxlit odam pichog‘ini sug‘urdi-yu, shosha-pisha uni Nizomning badaniga bir necha marta sanchib oldi...
— O‘ldi! Yuringlar!...
Ular aravaga minib qochishdi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 17:51:20

S I N D
QUVG‘INDA KELGAN BAXT

Panjobni oralab o‘tgan beshta daryo Multondan janubroqda bir-biriga qo‘shiladi-yu, Mitanqut degan joyda hammasi birvarakay Sind daryosiga quyiladi. Olti daryo bir o‘zanga yig‘ilib aqlni shoshiradigan darajadagi ulkan suvga aylangan Bhakkar atroflarida katta-katta kemalar suzib yuradi. Qirg‘oqlarda qator bo‘lib o‘sgan xurmo daraxtlarining yirik-yirik barglari daryo shamolida yashil alvonlarday hilpirab turadi. Qishning chayon nomi bilan atalgan aqrab* oyi allaqachon kirgan bo‘lsa ham, Sind o‘lkasi ba¬hordagidek ko‘m-ko‘k. Yomg‘ir fasli tugagandan so‘ng sernam tuproqqa ekilgan arpa va bug‘doylar maysasi tizzaga kelib qolgan. Bog‘larda limular va norinjlar oltinday tovlanib pishgan. Tinkani quritadigan issiqlar va ko‘z ochirmaydigan yomg‘irlar tugab, bu yerlarning osmoni ochiq va havosi salqin bo‘ladigan orombaxsh fasli endi boshlangan.
Uch oydan beri Sind bo‘ylarida goh Siyohvan shahriga borib, goh undan Bhakkarga qaytib, orom bilmay yurgan Humoyun atrofidagi tabiat go‘zalliklarini ko‘zi bilan ko‘rsa ham, lekin dili bilan his qilolmaydi. Hozir uning ko‘ngliga go‘zallik sig‘maydi. Xonumonidan ayrilib, Agradan quvilgani va Sind o‘lkasida sargardon bo‘lib yurgani unga butun umri¬ning eng qora kunlari bo‘lib tuyuladi, vujudini achchiq mag‘lubiyatlar alami va og‘ir yo‘qotishlar armoni band qilib turadi.
Lekin inisi Hindol mirzoning qarorgohida Hamida bonu degan qizni ko‘rgandan beri uning kayfiyatida g‘alati bir o‘zgarish yuz berdi. Humoyun ko‘hlik qizlarni ko‘p ko‘rgan. Biroq Hamida bonu¬ning chiroyli suratidan tashqari, kishini sehrlab oladigan tengsiz bir siyrati bor edi. Humoyun buni dast¬avval qizning ko‘zlaridan sezdi.
Humoyun Hindol mirzoning daryo bo‘yidagi qarorgohiga kelganda uni inisidan tashqari kelinlari Sultonim va o‘gay ona Dildor og‘acha ham kutib olishdi. Shu ayollarning yonida turgan Hamida bonu o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha Humoyunga bosh egib salom berdi. Shu asnoda ko‘z ko‘zga tushdi-yu, qizning nigohidagi latif bir harorat Humoyunning diliga behad iliq tuyuldi. U qizning yuziga kulimsirab tikildi-yu:
— Men sizni avval qayerdadir ko‘rganmen, — dedi.
— Ehtimol, Agrada... Navro‘z kuni...
— Ha, Jamnada, kema sayrida... Hazrat ammam tanishtirgan edilar!..
Humoyun uzoq o‘tmishga aylangan yorug‘ kunlarni eslab og‘ir tin oldi. O‘shandan beri u Sher¬xondan yana ikkinchi marta mag‘lub bo‘lib, xonumonidan ayrildi, quvg‘inga uchrab, chet o‘lkalarga qochib keldi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 17:51:32

Hamida bonu Humoyunga hamdardlik bildirgan kabi:
— O‘sha mas’ud kunlaringiz yana qaytib kelsin, hazratim! — dedi.
Shu tilak aytilgan paytda Hamidaning ko‘zlaridan tushgan iliq nur yigitning ko‘nglidagi armon-u alamlar soyasini uloqtirib tashlaganday bo‘ldi. Humoyun¬ning dili birdan yorishib, qizga o‘tli nazar tashladi:
— Iloho so‘zingizga farishtalar omin desin, singlim!
Hindol mirzo Hamida bonu bilan akasining gapi yana cho‘zilsa me’yor buzilishini sezib betoqat bo‘ldi:
— Qani, hazratim, — deb Humoyunni to‘rga taklif qildi.
Hamida bonu qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib orqaga tisa¬rildi. Qiz bola erkaklar davrasida o‘tirolmaydi, hozir ketadi. Humoyun esa u bilan shunday shirin boshlangan gapni yana davom ettirishni istaydi. Qizdagi hamdardlik, ziyraklik va yana allaqanday sehr-u joziba Humoyunning dil yaralariga malham bo‘ladigandek tuyulardi.
Biroq iffat pardasi ichida yurgan muslima qiz bilan nomahram erkakning me’yordan ortiq gap¬lashishi urf-u odatga xilof ekanini dili sezib turardi. Humoyun to‘rga qarab o‘tganda Hamida bonu Sultonim begim bilan o‘ngdagi pushtirang movut chodirga kirib ketdi.
Humoyun uni yana ko‘rgisi kelar, ko‘zlari beixti¬yor pushtirang chodir tomonga ketib qolardi. Ammo Hamida bonu chodirdan qaytib chiqmadi. Humoyun inisidan uning otini, ota-onasining kimligini so‘rab oldi. Poygakroqda o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam ismli o‘rta yashar bek:

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 17:51:43

— Hamida bonu bizga jiyanlar, — deb izoh berdi.
Humoyunning Xo‘ja Muazzamga hurmati oshgandek bo‘lib, uni yuqoriroqqa — o‘zining yaqinidagi bo‘sh joyga taklif qildi. Xo‘ja Muazzam Hindol mirzoning beklaridan edi, shuning uchun o‘z valine’matidan ruxsat oldi-yu, keyin Humoyun ko‘rsatgan joyga o‘tdi.
Hindol mirzo bilan Humoyun orasidagi eski ke¬lishmovchiliklar hozir bartaraf bo‘lgan, chunki endi talashadigan toj-u taxt yo‘q. Hindol mirzo Amir Bahlulni bekor qatl ettirganini keyin bilgan, yoshlik xatolari uchun akasidan uzr so‘ragan, Humoyun ham uni kechirgan edi. Bultur Sherxon shimoli sharq tomonda Agraga tahdid solib qo‘shin tortib kelganda Komron mirzo yana Humoyunga qo‘shilgisi kelmay, o‘n besh ming qo‘shin bilan Panjobga qaytib ketdi. Hindol mirzo esa Humoyunning yonida qolib, Kanauj degan joyda Sherxon bilan bo‘lgan urushda qatnashdi. Bu gal Sherxon ortiqcha hiyla ishlatmasdan yuzma-yuz, dadil olishdi-yu, Humoyunni yana tor-mor qildi, Bayramxon Sherxonga asir tushdi. Hindol mirzo akasining mag‘lubiyatiga o‘zini sherik hisoblab, og‘ir quvg‘in kunlarida ham uning yonidan ketmay yuribdi. Naryoqda Komron bilan Askariy bir taraf bo‘lib, Hindol bilan Humoyunni na Kobulga, na Badaxshonga va na G‘azni tomonlarga yaqin keltirmaslikning harakatini qilishyapti.
Qandahor hokimi Qorachaxon Komron mirzo bilan arazlashib qolgan, buni eshitgan Hindol unga ishonchli beklaridan birini yuborib, ittifoq taklif qildi.
— Agar Qorachaxon Qandahorga taklif qilsa borurmisiz? — deb so‘radi Humoyun inisidan.
— Siz buyursangiz borurmen. Balki birga ketgaymiz?
Humoyun o‘ylanib turib bosh chayqadi:
— Men Gujarat tomondan xabar kutmoqdamen. Bayramxon Sherxon asoratidan qochib Gujaratga borgan ekan.
— Tirik ekanmi, a?
— Ha, chopari keldi. Sherxon uni o‘z xizmatiga olmoqchi ekan. Bayramxon bir so‘zli odam-da. Mard¬lik qilibdir, «men Humoyun mirzoga sadoqat va’da qilganmen, so‘zimdan qaytolmaymen», debdir. Sherxon uni uzoq vaqt hibsda tutibdir. O‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan, gujaratlik bir odam yordam berib qo¬chiribdir. Gujarat rojalari Sherxonga qarshi birgalashib jang qilish uchun biz bilan ittifoq tuzmoqchi ekanlar. Men rozi bo‘lib Bayramxonga odam yubordim.
— Unda Qandahor Komron mirzoga qolurmu? — so‘radi Hindol.
— Nechun? Agar Qorachaxon astoydil taklif qilsa siz borganingiz ma’qul. Qandahor bizning Eron bilan bordi-keldi qiladigan eng muhim qal’alarimizdan. Uni ilikdan chiqarmasligimiz kerak.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 17:51:55

Hindol mirzoning ko‘ngli tilagan gap ham shu edi. Davlat ishlarida hozir u akasi bilan hamfikr edi-yu, biroq Humoyun hozir Hamida bonuga haddan ortiq qiziqib qolgani va Xo‘ja Muazzamni yoniga taklif qilgani Hindol mirzoni xavotirga solib qo‘ydi. Chunki Hindol hali ham Hamidadan ko‘ngil uzgan emas. To‘g‘ri, qiz unga mutlaqo ro‘yxushlik bermay yuribdi. Lekin Hindol mirzo Qandahorga borsa, o‘sha yerda o‘ziga mustaqil hokim bo‘ladi, akalari uzoqda qoladi, hech kim uning oilaviy ishiga arala¬sholmaydigan va ra’yini qaytarolmaydigan payt keladi. Humoyunning o‘zi yigirma yoshidayoq ikki xotinlik bo‘lib olgan edi-ku, Hindol undan kammi?
Humoyun yana Hamida bonu haqida so‘z ochganda Hindol akasidan ranjiganday bo‘lib:
— Bu qiz bizning dargohda o‘sgan, — dedi. — Bizga singil bo‘lsa, sizga farzanddek, hazratim.
Hindol bu so‘zlar bilan akasining xotinlari Beka begim va Mevajonni esiga solmoqchi bo‘ldi. Hu¬moyun bultur juda katta tovon to‘lab, Beka begimni Shershohning asoratidan qutqarib olgan edi. Lekin beka begim ancha vaqt dushman qarorgohida, no¬mahram el orasida bo‘lgani sababli ruhoniylar unga astoydil bir poklanishni maslahat berdilar. Beka begim Makkayi Madinaga borib kelishni ixtiyor qildi. Humoyun uni ishonchli odamlari bilan hajga jo‘natganiga uch oy bo‘ldi, haligacha qaytishgani yo‘q. Qizchalari Aqiqa asirlikda halok bo‘ldi. Haram ahlidan Chand bibini Shershoh o‘zining hind sarkar¬dalaridan biriga nikohlab berdi. Mevajon bilan esa Humoyun ajrashgan. Hozir uning yolg‘izlikdan qiynalib yurgan payti.
Bugun Hamidani ko‘rgandan beri Humoyun quyosh nurlarining ko‘m-ko‘k yaproqlarda qanday chiroyli jilvalanishini qaytadan his qila boshladi, yengil shabada bog‘ chetidan yoqimli gul hidini olib kelganini sezdi, daryo bo‘yida bulbul sayrayotganini eshitdi.
Qulog‘i allanarsadan bitib qolgan odam hech narsani eshitolmay garangsib yurgani kabi, Humoyun ham ketma-ket kelgan mag‘lubiyatlardan esankirab, atrofidagi hayotning go‘zalliklarini sezmaydigan bo‘lib qolganini endi fahmladi. Axir u xonumonidan ayrilib, Agradan quvilgan bo‘lsa ham, atrofda hayot davom etyapti-ku. Qorli tog‘lar, jo‘shqin daryolar, chamanzor bog‘lar hammasi o‘z o‘rnida turibdi-ku. Mana shu chodirlardan birida hozir Hamida bonu degan qiz bor. Humoyunning qalbida so‘nib qolgan go‘zallik tuyg‘usini shu qiz birdan uyg‘otib yubordi. Bu qizni Humoyun nima qilib bo‘lsa ham yana uchratadi.
— Hamida bonu xonadoningizda o‘sgan bo‘lsa juda soz! — dedi u inisi Hindolga. — Ertaga hammalaringiz biz turgan Samandar bog‘iga tashrif buyuringlar. Siz Sultonim begim bilan hazrat ona¬ngizni birga olib boring. Xo‘ja Muazzam jiyanlari hamida bonu bilan borsinlar. Tomosha qilib, yozilib kelursizlar.
Hindol mirzo bu taklifni rad etolmadi...

_____________
*  A q r a b — 22-oktabrdan 22-noyabrgacha.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  06 Dekabr 2009, 17:52:07

*  *  *

Humoyun turgan bog‘ daryoning o‘rtasidagi xushhavo orolda edi. U kema bilan o‘z qarorgohiga suzib o‘tdi-da, Javhar oftobachi boshliq xizmatkorlariga buyurib, ertasi kuni Hindol mirzoning kelishiga maxsus dasturxon tuzatdi, bog‘ yo‘lkalarini orasta qilib supurtirdi va mayin qum to‘shattirdi. U mana shu yo‘lkalardami yoki suv bo‘yidagi naqshin tolordami Hamida bonu bilan ikki og‘iz xoli gaplashish umidida edi.
Biroq, Hindol mirzoning o‘zi, onasi, xotini, boshqa yaqin kishilari kemaga tushib kelishganda ularning orasida Hamida bonu yo‘q edi.
— Xo‘ja muazzam sizdan uzr so‘radi, — dedi Hindol. — Jiyani kelolmas ekan.
Humoyunning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, lekin dastur¬xonga ovqat tortilib, quyuq-suyuq tugaguncha bu to‘g‘rida gap ochmadi.
Sultonim begim kanizi bilan bog‘ni tomosha qilgani ketgach, katta tanobiy uyda Humoyun inisi Hindol va uning kayvoni onasi Dildor begim uchov¬lari qoldi.
— Kechagi qizni nechun birga olib kelmadingiz?— deb Humoyun inisidan so‘radi.
— Bilmadim... Men yur deb qistasam, vaj ko‘r¬satdi.
— Qanaqa vaj?
— Podsholarni bir marta ko‘rish yetarli emish. Ikkinchi marta ko‘rsa nomahramlik bo‘larmish.
— Undoq bo‘lsa mahram qilib olgaymiz!
Humoyunning niyati bu darajada jiddiy ekanidan Hindol iztirobga tushdi:
— Hazratim, bu qiz ham Mevajonga o‘xshab besh-o‘n oydan keyin nazardan qolsa... umri xayf ketgay!..
Humoyun kuyunib uh tortdi-da:
— Muncha toleim past ekan! — dedi. — Xotin jo‘nidan ham omadim kelmay yurganini hazrat ammam fahmlar edilar. Afsuski, hozir u kishi Kobuldalar. Bultur Jamna bo‘yida ammam Hamidani menga ko‘rsatganda durust e’tibor bermagan ekanmen. U paytda o‘zim ham hovliqib osmonda yurgan edim, chamasi. Mana endi yerga qulab ko‘zim ochildi. — Humoyun Dildor og‘achaga yuzlandi. — Hazrat begim, siz Hindolga qanday ona bo‘lsangiz, menga ham shundaysiz. Dardimni sizlarga aytmasam, kimga aytay? Men qachondan beri oqila-yu fozila bir tanmahramga zor bo‘lib yuribmen. Sizdan iltimos, begim, Mirbobo Do‘st bilan gaplashib bering, shu qizini bizdan darig‘ tutmasin!
— Ammo qizning o‘zi bunga ko‘nmasa-chi? — dedi Hindol mirzo labi asabiy pirpirab. — Men Hamidani kichikligidan bilurmen. Juda bir so‘zli qiz. Mana bugun kelmadi-ku. Yo‘q desa hech kim uni ko‘ndirolmagay!
Dildor og‘acha ham Hindolning yonini oldi:
— Hazratim, hozir ahvolimiz ilgarigiday emas... Agrada hukmfarmo bo‘lgan paytlaringizda har bir istagingiz tez amalga oshardi. Siz qaysi qizni xohlasangiz hech kim yo‘q deyolmas edi. Qizning ko‘ngliga ham qaralmas edi. Ammo hozir...
Humoyun xijolat tortib:
— Rost, men ilgari... ko‘p narsaga oson yetishib yomon o‘rganganmen, — dedi. — Endi bu odatni tark etmog‘im kerak.
— To‘g‘ri-da, deb Hindol akasining so‘nggi gapini ma’qul ko‘rdi: — Otdan tushgan odam egardan ham tushmog‘i lozim.
Shu bilan u akasini Hamida bonu bilan qayta uchrashish fikridan qaytarmoqchi edi. Lekin Humo¬yun yana Dildor begimga yuzlandi:

Qayd etilgan