Ot burnini kerib pishqirdi. Yigit uning bo‘yniga erkalab shapati urib qo‘ydi-da, orqasiga qaytdi. Asr namoziga hali vaqt bor, shu bois u avval karvonsaroyga qo‘nib, keyin namoz payti masjidga chiqishni ixtiyor qildi. U Samarqandga yo‘l olganida Abdulvahobga suyangan edi. Musofirlik tuzini endi totayotgan yigit uchun shahristonda tanish kishisining borligi ancha dalda bo‘lardi.
Abdulvahoblarning yeri ularnikiga tutash, lekin uch-to‘rt barobar katta edi. Qishloqning aksar ahli Abdulvahoblarning yerida ishlar edi. Andijon yo‘lidagi adirda ham, O‘sh tevaragidagi tog‘larda ham shularning chorvasi o‘tlardi. Yigit Abulvahob bilan bir maktabda tahsil olgan edi. Abdulvahobning xotiri zaifroq, uquvi aytarli baland emasdi. Madrasaga borish istagi bo‘lmasa-da, otasining po‘pisasidan qo‘rqib, rizolik berdi. Besh yil muqaddam ota-bola Samarqandga yo‘l olishdi. Boybuva og‘zi qulog‘ida xursand bo‘lib qishlog‘iga qaytdi. Endi uning o‘g‘li haqida gap ketsa «mulla Abdulvahob» deb tilga olinadigan bo‘lgan edi. Madrasaga kirganidan beri Abdulvahob qishlog‘iga birrov bo‘lsa-da, kelib-ketmadi. Boybuvaning o‘zi ikki marta Samarqandga borib keldi.
Mana shu qo‘shni yigit tahsildan yuz o‘giribdi. Uning yo‘ldan ozgani musofir umidiga soya solsa ham, u hamqishlog‘i bilan uchrashish istagidan voz kechmadi. Bir tomondan, qishloqdan olib kelgan omonatni topshirmog‘i lozim bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uni qalandarlik jandasida ko‘rmoqchi edi.
Yigit qorabayirni otxonaga bog‘lab, tepadagi hujraga joylashdi. Keyin pastga tushib, hovuz labida turgan obdastani oldi-da, tahoratga o‘tdi... Obdastani o‘rniga qo‘ya turib, unga razm soldi. Qorniga chertib qo‘ydi.
— Ha, mehmon, xush yoqdimi? — dedi yelkasiga sochiq tashlagan yag‘rindor kishi.
— Misi toza ekan, — dedi yigit.
— Ha... mendagi mollarning bari asl. Misgarmisiz, deyman-a?
— Yo‘q, zargarman.
Namoz vaqti yaqinlashgani uchun yigit gapni qisqa qilib ko‘chaga chiqdi. Masjidga yetguncha uchragan qalandarlarga qarab bordi. Biroq, istagan odamini uchrata olmadi. Masjidda odam ko‘p edi. Yigit namozni poygakroqda o‘qidi.