Bundan ham ajoyibrog‘i ko‘z oldingda namoyon bo‘lib turgan bir tomchi suvning shakli. U shaffof, oquvchan, xuddi bir butun narsadek bir-biridan sira ajralmaydigan latif va yumshoq jismdir. Suvning o‘ziga xos xususiyati shundaki, har qanday shakl va holatga moslasha oladi, qo‘lga olish ham, ajratish ham juda oson. Yer yuzidagi hayvonot va nabototning hayoti-yu taqdiri shu suvga bog‘liq. Agar banda bir qultum suvga muhtoj bo‘lsa va u bundan man qilinsa, albatta shunga yetishish yo‘lida butun mol-mulkini o‘ylab o‘tirmasdan sarf qilgan bo‘lardi. So‘ng u shu suvni ichib, endi uni tanasidan chiqarishda to‘siq paydo bo‘lsa, albatta u ichgan suvni tanasidan chiqarish uchun qo‘lida turgan butun mol-dunyosini sarf qilishni o‘ylab o‘tirmasdi. Shunday ekan, qanday qilib u dinorlar, dirhamlar va nafis javohirlarni o‘zi uchun juda noyob va qadrli deb hisoblaydi. Bir qultum suvdagi Allohning ne’matini o‘ylamaydi. Agar bir qultum suvni ichgisi yoki o‘zidan chiqargisi kelsa, shuni deb butun dunyosini sarf qilishini o‘ylang! Suvlar, anhorlar, quduqlar va dengizlarning ajoyibligi mulohaza qilish, fikr yuritish va ibrat olish uchun yetarli emasmi? Buning har qaysisi ko‘rinib turgan zohiriy guvohlar bo‘lib, yo‘qdan bor qiluvchi Zotning ulug‘ligi va hikmati mukammalligini hol tili bilan so‘zlaydigan, ifodalaydigan va har bir aql egasiga nido qiladigan oyat-alomatlardir: «Suratim, tarkibim, sifatim, manfaatim va holatim o‘zgarishi va foydam ko‘pligini hech o‘ylab ko‘rganmisan? Sen meni o‘zicha yaralgan yoki jinsidan birortasi yaratgan, deb o‘ylaysanmi? Albatta bu suvni olim, qodir, iroda etuvchi va mutakallim bir inson yaratganiga ishonasanmi? Shundan so‘ng yuzim sahifalarida ilohiy qalam bilan tasvirlangan va aslini ko‘z idrok etolmaydigan ilohiy chizgilarning ajoyibligiga qara. Ana shundagina qalbing Sone’ zotning ulug‘ligidan ayrila olmaydi», deb turgandek. Nutfa eshitishdan benasib bo‘lganlar uchun emas, balki eshitguvchi qalb egalariga qarata aytadiki: «Meni qorin zulmatida yuzimda tasvir va chizgi zohir bo‘layotgan vaqtda hayz qoniga botirilgan deb uylaysanmi? So‘ng bir naqqosh ko‘z qorachig‘im, qovog‘im, peshonam, yuzim va lablarimni naqshlagan deb bilasanmi? Bora-bora bosqichma-bosqich namoyon bo‘lgan taqvis (qayrilganlik)ni ko‘rasan». Nutfaning na ichkarisi va na tashqarisida, na bachadon ichkarisi va na tashqarisida biron-bir naqqoshning ishlab turganini ko‘rmaysan. Na ota, na ona, na nutfa, na bachadonning bundan hech bir xabari yo‘q! Guvoh bo‘lib turibmizki, ajoyib suratni qalam bilan naqshlaydigan naqqoshdan bu naqqosh ajoyibroq emasmi! Agar unga bir-ikki marta bilish uchun sinchiklab qarasang ham, u chizgan naqsh va tasvirni ko‘rishga qodir bo‘lasanmi?