4. Al-Xozin o‘zining "Lubobut-ta’vil fiy ma’onit-tanzil" nomli tafsirini Al-Bag‘aviyning "Ma’olimut-tanzil" tafsiridan muxtasar qilgan va undan avval yozilgan tafsirlardan ham iqgiboslar olib ko‘shgan. Al-Xozin iqtiboslarning ko‘pini naqliy tafsirlardan olgan, biroq rivoyatlarning sanadi tark qilingan. Bulardan tashqari tafsirda tarixiy xabarlar va isroiliyotlar juda ko‘p.
Muallif ushbu tafsirning muqaddimasida shunday deydi: "Zamonasining tengsiz olimi, ulug‘ mufassir Abu Muhammad Al-Husayn ibn Mas’ud Al-Bag‘aviy tomonidan ta’lif etilgan "Ma’olimmut-tanzil" tafsiri boshqa tafsirlar orasida eng komili, shubha va tabdillardan xoli bo‘lgani uchun men u tafsirning eng kerakli joyini ajratib olib, unga boshqa tafsirlarda ko‘rganlarimdan ham iqtiboslar qilib, asarning asl ma’nosini saqlab qolgan holda muxtasar qilishni niyat qildim. Asosiy maqsad ixchamlashtirish bo‘lgani uchun, sanadlarni ham qisqartirdim. Oyatlarning ma’nosini ochib berish uchun Payg‘ambar hadislaridan ham keltirdim, chunki oyatlar ma’nolarining ravshanlashuvi, shar’iy hukmlar bayoni hadislarga bog‘liq.
Hadislarni keltirganda tolibga oson bo‘lsin uchun noqilning ismidan bir harfini ramz sifatida yozib, noqilga ishora qildim. Masalan: Imom Buxoriyning "sahih"idan olingan hadisni rivoyat qilishda, sahobiyning nomidan avval خ harfini Imom Buxoriyga, Imom Muslimning "sahih"idan olingan hadis oldidan م harfini Imom Muslimga, ikkovlari ittifoq qilgan hadis oldidan ق harfini ikkovlariga alomat qildim.
Agar Abu Dovuddan, At-Termiziydan, An-Nasaiydan hadis rivoyat qilsam, ularga alomat qilmasdan noqilning ismini to‘liq yozdim.
Agar boshqa hadis kitoblarida topilmagan, faqat Al-Bag‘aviyning o‘zigina rivoyat qilgan hadisni keltirsam: "Al-Bag‘aviy o‘z sanadi bilan rivoyat qilgan", agar Al-Bag‘aviy As-Sa’labiy sanadi bilan rivoyat qilgan hadisni keltirsam: "Al-Bag‘aviy As-Sa’labiy sanadi bilan rivoyat qilgan",— degan ogohlantirish jumlalarini yozdim. Hadislarning sanadini tark qilganim evaziga, g‘arib hadislarni va ularga aloqador narsalarni sharh qildim". (Muallifning gapi qisqartirib berildi).