Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178637 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 43 B


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:01:05

   Shoxonov. Yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgan Jambul umrining oxirida ovuldoshlarini, qarindosh-urug‘larini, nevara-chevaralarini boshiga to‘plab, ularga shunday vasiyat qilibdi:
   —   Mana, sizlardan rozi-rizolik so‘raydigan paytim ham yetib keldi. Ko‘nglim sezib turibdi, tezda narigi dunyoga jo‘nayman. Kechasi tush ko‘rdim: menga Sariboy surnaychi qoldirgan qizil arslon go‘yo ostonamni tark etib, Olotovning janubiy tizmalari — qirg‘izlar tomon yo‘l oldi. Uni uch marta chaqirdim, lekin qayrilib qaramadi... O’lganimdan so‘ng meni o‘zim barpo etgan bog‘ ichiga dafn etinglar.
   Naql qilishlaricha, har qanday mashhur botir yoki oqin umrining oxirida shunday g‘aroyib tush ko‘ravermas ekan. Faqat ayrim zotlargina bunday sharafga muyassar bo‘larkan. Yirtqich hayvon yoki boshqa bir jonliq timsolida insonni balolardan asraydigan farishta kelar ekan. Bizni biror narsadan ogoh etish yoki kulfatdan saqlab qolish uchun doim tushimizga farishta kirar ekan. Masalan, qo‘ng‘iroqday ovozi bo‘lgan Qozibekning tushiga farishta bir juft bo‘ri timsolida, Kampirboy oqinning tushiga chipor o‘rdak timsolida, Jambulning tushiga esa qizil arslon timsolida kiradi.
   Jambulning nevarasi bo‘lmish yozuvchi Nag‘ashibek Qo‘polbekovning hikoya qilishicha, Siz o‘g‘lingiz Asqar bilan bir marta oqinning ovuliga mehmon bo‘lib borganingizni ko‘rgan ekan. Siz o‘shanda, milliy an’anamiz bo‘yicha, o‘g‘lingizni Jambulning bog‘idagi aziz joyga yumalatib, maqbara bilan o‘rab qo‘yilgan oqin mozoriga sajda qilgan ekansiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:02:15

   Aytmatov. Yoshligimda bitta oqsoqoldan eshitganim qiziq voqeani gapirib beraman. Jambul o‘lgan paytda janoza xabari Qirg‘izistonga yetib kelmaydi. Aftidan, hukumat tizimida ishlaydigan amaldorlardan birovi bu haqda xabar berishni unutib qo‘yadi, shekilli. Faqat marhumning ruhiga bag‘ishlab berilayotgan xudoyi kuni — «ettisi»ga qora terga botgan uchta otda Alimqul boshliq qirg‘izlarning mashhur oqinlari ko‘zda yosh bilan o‘kirib kirib kelishadi.
   —   Oh, og‘amizning tug‘ishganlari! — deb yig‘laganlaricha to‘plangan odamlarga qo‘llarini cho‘zadilar. — Nahot, Jambul faqat qozoqlarniki bo‘lsa? Nahot, u faqat qozoq xalqining faxri, milliy g‘ururi bo‘lsa? Qanday qilib uni qirg‘izlarsiz yerga ko‘mdilaring? Yuragimizda o‘chmas dog‘ qoldirdilaring-ku, birodarlar! Qani, bizga qabrini ko‘rsating: qirg‘iz xalqi nomidan mozoriga bir siqimdan tuproq sepmoqchimiz!— Keyin oqinlar birin-ketin do‘mbiralarini qo‘llariga oladilaru hech qanday tayyorgarliksiz kuylay boshlaydilar.
   Xalq uyatdan o‘z yog‘iga o‘zi qovuriladi. Gina-kuduratda jon borligini hamma biladi. Odamlar yer chizib qoladilar. Shu payt olomon orasidan do‘mbirasini ko‘targancha Umbetali Qoriboev chiqib keladiyu yig‘ilganlarga yuzlanib, aytimini boshlaydi. U qozoqlar bilan qirg‘izlarning qadimiy do‘stligi to‘g‘risida kuylaydi, Jambulning so‘zlarini eslatadi: «Suyaklarim qozoqlarniki, etim qirg‘izlarniki» Ikki qardosh xalq o‘rtasiga yaramas amaldorlarning kaltafahmligi tufayli nifoq tushmasligi kerak, deydi u aytimda. Ular janoza xabarini yetkazishlari lozim edi, lekin xabar bermadilar, deydi u aytimida. Aytimini tugatgach, oqin butun qozoq xalqi nomidan qirg‘iz qardoshlaridan uzr-ma’zur so‘raydi. So‘ng, qirg‘iz oqinlarining poyiga qalpog‘ini, choponini, belbog‘ini tashlab tiz cho‘kadi, boshini egadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:03:06

   Haqiqiy birodarlar quvonchli kunlarda ham, musibat paytida ham bir-biriga sodiq bo‘ladilar. Yuragida og‘ir tosh bilan ma’rakaga kelgan nufuzli uch qirg‘iz qozoqlarning samimiy afsus-nadomatlarini ko‘rishgach, otdan tushadilar-da o‘z aytimlarida boshlariga tengsiz musibat tushgan birodarlariga chin dildan hamdardlik izhor etadilar.
   Birodarlik bundan ortiq bo‘ladimi?
   Milliy tabiatimizda nasriylikka, ko‘tarinki sururga moyillik bor. Bu o‘z holicha go‘zal. Afsonalar shirin bo‘ladi, jozibador bo‘ladi. Lekin, ko‘tarinkilik qolipiga sig‘maydigan qaysar, zaharxandali shaxslar ham bo‘ladi. Shundaylardan Rayhon Shukurbekov bilan Mo‘ydin Aliboevni ko‘rib qolganman. Ular o‘ziga xos satirik yo‘nalishdagi kishilar edi. Yanglishmasam, sizlarda Bovurjon Momishuli shunday bo‘lsa kerak.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:05:10

      Shoxonov. Bo‘lmasam-chi! U qozoq xalqidan chiqqan noyob iste’dod. Menimcha, sobiq Sovet Ittifoqida aynan unga o‘xshash fojiali ham baxtli taqdir egasini kamdan-kam uchratish mumkin. Momishuli o‘zi haqida: «Harbiy sohada ham, yozuvchilik sohasida ham men polkovnik darajasida qoldim», degan edi.
   Bovurjon to‘g‘risida Azilxon Nurshaixov «Haqiqat va afsona» nomli ajoyib kitob yozgan. O’sha kitobda juda ko‘p qiziq ma’lumotlar bor. Jumladan, Momishuli Ulug‘ Vatan urushida misli ko‘rilmagan qahramonlik, jonbozlik namunalarini ko‘rsatadi va hayot paytidayoq afsonaviy qahramonga aylanib ketadi. Uni uch marta Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga tavsiya etadilar. Ammo, baribir unga yuksak mukofot berilmaydi. Keyinchalik u harbiy akademiyada generallarga dars beradi-yu, lekin o‘zi polkovnik darajasidan yuqori ko‘tarilmaydi.
   Sizning do‘stlaringizdan biri — yozuvchi Tog‘ay Axtanov Bovurjonni so‘nggi yo‘lga kuzatayotgan damlarda qabr ustida nutq so‘zlab, bunday dedi: «U qoliplangan zamonda qoliplarga sig‘masdan yashadi!» Bu so‘zlar og‘izdan-ogizga o‘tib yuradigan iboraga aylanib qoldi.
Darhaqiqat, Bovurjon Sho‘ro tuzumining temir qoliplariga sig‘madi. U o‘z tabiatiga monand hayot kechirdi. Bovurjon qat’iyatli, murosasiz shaxs edi. Doim haqiqatni betga aytardi. Natijada halol unvonlaridan, martabasidan mahrum bo‘lib qolardi. Ma’lumki, faqat tinchlik zamonida emas, balki urush yillarida ham ko‘plab adolatsizlik ro‘y berardi. Momishuli 272 bora o‘z askarlarini jangga ko‘taradi va har gal g‘alabaga erishadi. Uning jasorati Ulug‘ Vatan urushi sahifalarini bezab turibdi. Axir, bir qator xorijiy davlatlarning harbiy bilim yurtlarida Momishulining tajribalari maxsus o‘rganilayotgani bor gap-ku!

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:06:21

   Aytmatov. Jambuldagi zooveterinariya texnikumida tahsil ko‘rib yurgan yillarim A. Bekning «Volokolamsk yo‘li» kitobini o‘qigan edim. O’shandan so‘ng Bovurjonni yaxshi ko‘rib qolganman. O’zining jasorati, bukilmas irodasi, qaysarligi tufayli, mana, bir necha avlod oldida obro‘-e’tibor qozonib kelayotir. Doim hayron bo‘lamanki, mana shunday mashhur qahramon bizning oramizda yashardi. Ishonchim komilki, qadimda o‘tgan barcha botirlaru pahlavonlar ham xalq orasida oddiygina hayot kechirganlar.
   Albatta, u paytlari Lenin mukofotiga sazovor bo‘lgan kunlarim Bovurjondan samimiy tabrik telegrammasi olaman deb aslo xayolimga keltira olmasdim. Keyinchalik biz goh Moskvada, goh Olmaotada bir necha marta chin ko‘nguldan suhbatlashdik. Esimda, bir gal men uni Arbat ko‘chasida uchratib qoldim.
   —   Menga qara, Chingiz, kamina to‘g‘risida xalq orasida 120 vagon mish-mish yuribdi. O’shandan 1 vagoni haqiqat, 119 vagon esa g‘irt yolg‘on. Senga haqiqatdan ham bo‘lib o‘tgan bir voqeani gapirib beraman. Fidel Kastroning shaxsiy taklifiga binoan bir marta Kubaga bordim. Qorachadan kelgan bitta go‘zal qiz huzurimga yugurib keldi-da: «Polkovnik, yoshligimdan buyon siz to‘g‘ringizda shunchalar ko‘p kitob o‘qiganman-ki, allaqachon sizni sevib qolganman. Agar xohlasangiz, sizga turmushga chiqaman, siz bilan yurtingizga ketaman!» dedi tortinmasdan. «Yaxshi qiz, qozoqlarda bir maqol bor, qizlarning xammasi yaxshi bo‘ladi-yu, yomon xotinlar qayoqdan paydo bo‘lar ekan?» deydilar.
   Sen mening fe’l-atvorimni umuman bilmaysan. Agar bilganingda bormi, hech qachon bunday gaplarni menga aytmagan bo‘larding», deb javob qaytardim. Agar tashabbus o‘zidan chiqqan o‘sha qizga uylanib, uni yurtimga olib kelsam, o‘zim haqimdagi mish-mishlar 200 vagondan ham ortib ketardi, — dedi polkovnik.
   Biz chin yurakdan qaxqaha otib yubordik.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:07:23

   Shoxonov. Bir marta Momishulining Chimkentga kelgani hali-hali esimda. U paytlari «Leninshil jas» respublika gazetasining janubiy viloyatlar bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlardim. Endigina 22-23 yoshga kirgandim. Zig‘irdek yangilikka ham mahkam yopishib, har kuni gazetani o‘z maqolalarim bilan bo‘mbardimon qilardim. Kunlarning birida gazeta muharririga Siz yaxshi taniydigan yozuvchi Sherxon Murtazo qo‘ng‘iroq qiladi. Darvoqe, uning ajoyib tarjimalari bois Sizning asarlaringiz qozoqcha so‘ylab yuborgandi.
   —   Bovurjon Sariyog‘och kurortiga dam olgani ketyapti. Ertaga ertalab poezdda u Chimkentga yetib boradi. Viloyat rahbarlarini ogohlantirib qo‘ygin; uni yaxshilab kutib olishsin. O’zing ham ular bilan birga kutib olgani chiqqin, — deb topshiriq berdi menga muharrir.
   Zudlik bilan telefonda viloyat partiya qo‘mitasining kotibi Sulaymon Zadinga bog‘landim va Momishuli tashrif buyurayotganini xabar qildim. Birmuncha fursat o‘tguncha trubkaning narigi tarafidan sado chiqmay qoldi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:08:04

   — Muxtor, — deb uff tortib yubordi kotib. — O’tgan yili bizning botirimiz odamlar oldida Meni sharmanda qilgan. Undan ko‘nglim qolgan. Uning yo‘liga peshvoz chiqmaganim ma’qul, shekilli. Meni zarur ish bilan qo‘shni tumanga jo‘nab ketgan, deb aytgin. Lekin, bu gap oramizda qolsin. Senga viloyat partiya qo‘mitasining mashinasini beraman. Mening nomimdan Sipataev nomidagi maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qilgin: Momishuli o‘sha maktabda o‘qigan. Pionerlar gul ko‘tarishib, Bovurjonni kutib olgani chiqsinlar.
   Endi o‘zimning yuragimga g‘ulg‘ula tushib qoldi. Botirning xurmacha qiliqlari to‘g‘risida ko‘p eshitgandim. Agar biror narsa yoqmasa, undan shafqat kutmaslik kerak. U har qanday kishining po‘stagini qoqib qo‘yishi mumkin: amaliga, nomiga qarab o‘tirmaydi. Axir, «Volokolamsk yo‘li» asarini yozgan mashhur yozuvchi Aleksandr Bekning o‘ziga: «Agar kitobda zarracha yolgon bo‘lsa, qo‘lingni sindiraman!» deb dagdag‘a qilgan odam hech kimdan hayiqmasdi-da!
   G’alaba kuniga Bovurjondan intervyu olib kelish to‘g‘risida topshiriq berilgan bitta jurnalist: «Yaxshisi, zooparkka borib, yo‘lbarsning boshini silab kelishga jo‘nata qoling! Lekin, Momishuli huzuriga aslo bormayman!» deganiga shaxsan guvoh bo‘lganman.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:09:12

   Xalq orasida og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradigan bir voqea bo‘lgan ekan. Ma’lumki, u paytlari yozuvchilar boshqalarga nisbatan ancha yaxshi yashardilar. Hatto o‘rtamiyona yozuvchi ham bir yilda kitobini bosmadan chiqarib olsa, qalam haqiga bemalol mashina xarid qilishi mumkin edi. Odatda, har yili qo‘shni respublikalardan Yozuvchilar uyushmasiga mashina xaridorlari yopirilib kelishardi. Ular oldi-sotdiga uquvi yo‘q yozuvchilardan arzongarovga mashina xarid qilib, keyin yangi rangga bo‘yab sotishni va mo‘may foyda ko‘rishni rejalashtirardilar. Bir yoz faslida o‘shanday ucharlar yana tag‘in bizning atrofimizda girdikapalak bo‘lib qolishdi. Ishbilarmonlarni kalaka qilish niyatida yozuvchilardan biri: «Eshitishimcha, Bovurjon o‘z aravasini sotmoqchi bo‘lib yuribdi», deb shipshitib qo‘ydi. «Rostdanmi?» deb so‘radi xaridor ishonqiramay. «Boring, u bilan gaplashib ko‘ring. Agar ko‘nglini topsangiz, mashinasini tekinga hadya etib yuborishi ham mumkin. Momishuli nihoyatda saxiy inson», deb xaridorlarni ruhlantirdi boyagi hazilkash. Mazaxo‘rak bo‘lib qolgan ikki xaridor omadlari chopganidan suyunishib, botirning uyiga jo‘nab ketdilar.
   Xaridorlar yetib borgan payt Bovurjon endigina nonushta qilib, yelkasiga choponini tashlagancha bamaylixotir gazetalarni o‘qib o‘tirardi. Kutilmaganda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoladi. U eshikni ochib, ikki begona kishini kvartiraga taklif etadi. Ularning aft-basharasini ilk bor ko‘rib turgan bo‘lsa-da, milliy an’anaga muvofiq mehmonlarni uyga olib kiradi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:10:07

   —   Ey xotin, qozonni osib yubor! — deb qichqiradi botir oshxona tomonga qarab.
   Mehmonlar yaltoqlanadilar. Tik turganlaricha nima maqsadda kelganlarini tushuntira boshlaydilar. Bovurjon shu zahoti ularning gapini bo‘lib:
   —   Shoshmanglar! — deb qo‘l siltaydi. — Qozoqlarning odatiga ko‘ra, avvalo, mehmon unga atab pishirilgan ovqatni tanovul qilishi kerak. Ish to‘g‘risida keyin gap bo‘ladi.
   Hamma dasturxon tevaragiga o‘tiradi. Do‘stona vaziyatda choyxo‘rlik qiladilar. Choydan so‘ng dasturxonga beshbarmoq keltiriladi. Tamaddi qilishgach, o‘rnilaridan turishib, qo‘llarini yuvadilar. Keyin ish to‘g‘risida gap boshlaydilar.
   —   Mana, endi ishga o‘tsak ham bo‘ladi, — deb ruxsat beradi Bovurjon. U bemalol sigaret chekib o‘tirardi.
   Shu payt mehmonlardan birovi tavoze bilan o‘rnidan turib, ming‘irlaydi:
   —   Eshitimizga qaraganda, Siz mashinangizni sotmoqchi ekansiz... Aytishlaricha, Siz umuman mashina minmas emishsiz... Biz mashinangizni sotib olishimiz mumkin...
   O’z tabiatiga ko‘ra nihoyatda saxiy bo‘lgan Momishuli oldi-sotdiga mutlaqo uquvsiz edi. Umrida hech qachon savdo bilan shug‘ullanmagan, bunday ishni o‘zi uchun isnod deb bilardi. Gap nimadaligini bilgach, birdan miyasiga qon tepadi. O’rnidan sapchib turib, stol g‘aladonidan to‘pponchasini chiqaradi.
   —   Turinglar! — deb qichqiradi. Anavi azamatlar sapchib o‘rnilaridan turishadiyu dir-dir titrashgancha miq etib og‘iz ocholmaydilar. — Yotinglar! — deb buyuradi botir.
   To‘pponcha o‘qtalib turgan kishidan yaxshilik kutib bo‘lmasdi: qo‘rquvdan es-hushini yo‘qotayotgan mehmonlar g‘azabi jo‘shib ketgan xo‘jayin buyruqlarini so‘zsiz bajaradilar. Qirq marta o‘tirib-turadilar. So‘ng yana polga yotadilar.
   —   Orqaga buril! — deb buyruq beradi xo‘jayin. — Marsh! Senlarga sotganimdan ko‘ra, o‘sha mashinamni yoqib yuboraman!

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:10:37

   Bovurjon to‘g‘risida shunga o‘xshash gaplarni juda ko‘p eshitgandim. Shu bois, tabiiyki, pionerlar bilan uni vokzalda kutib olishdan yuragim po‘killardi.
   O’sha paytlari janubda Norboy ismli nihoyatda o‘jar, tili zahar oqin yashar edi. U menga bir necha bor, Bovurjon yaqin qarindoshim, inim desam ham bo‘laveradi, shu kungacha hech qachon gapimni yerda qoldirmagan, deb maqtangan edi. Boshqa ilojim qolmagach, Norboyga sim qoqdim.
—Og‘a, Siz Bovurjon Momishulini taniysizmi? — deb so‘radim salomalikdan so‘ng.
—Namuncha avjing sust? — dedi u. — Men qanday qilib uni tanimas ekanman? Axir, inim bo‘ladi-ku!
—Juda zo‘r! — dedim suyunib. — Ertaga Momishuli «Moskva — Olmaota» tezyurar poezdida Chimkentga keladi. Uni birgalashib kutib olamiz. Sizni o‘zim mashinada olib ketaman.
   Trubkani joyiga qo‘yib, yengil tin oldim. Endi xavfsiramasam ham bo‘lardi. Birinchidan, bilardimki, Bovurjon og‘a keksalarni juda hurmat qilardi. Ikkinchidan, rostdan ham ular Norboy bilan qarindosh bo‘lishlari mumkin. Biroq, Momishuli hech qachon gapimni qaytarmagan degan so‘zlar kaminada Norboyga nisbatan andak shubha qo‘zg‘agandi. Chol maqtangan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.

Qayd etilgan