* * *
Uzun-uzun chatnab uzangan
yo‘llar bir-biriga poydor.
Goh topib,
goh topmay so‘zangan
Mahzun kanglum izlagay diydor.
Yo‘llar —
sukunat dovushi,
endirar ruhimga saslarin.
Kanglumning tubida qovushar
dunyoning balandu pastlari.
Mondir,
zirqirar,
nechog‘ yuksak
tog‘larning ko‘ksi ham o‘yilgan.
Har g‘ubori,
har gardi
o‘ksik
qaqragan sahrolar iyilgan...
...Ko‘klam yozga yetgani yanglig‘,
yoz kuzga yetgani yanglig‘,
kuz qishga yetgani yanglig‘,
qish ko‘klamga yetgani yanglig‘,
guli bilan, oftobi bilan,
oftobi bilan, xazoni bilan,
xazoni bilan, qori bilan,
qori bilan, guli bilan...
gul...
oftob...
xazon...
qor...
Ishq xaylida tugamas yo‘llar:
birodardir,
xesh-xovand,
bog‘ich.
Yuragimda sog‘inch gullar,
yuragimda o‘sadi sog‘inch.
Sog‘inch darsin o‘qidim
to‘yib,
sog‘inch tilin o‘rgandim
bekam,
sog‘inch,
meni erkalab,
suyib,
diydoringga zor qildi erkam.
Uzun-uzun chatnab uzangan
yo‘llar bir-biriga poydor.
Goh topib,
goh topmay so‘zangan.
Mahzun kanglum izlagay diydor.