421-FATVO
Kimningdir vafot etishi bilan musibat yetgan xonadon ahli uydan chiqmay, uch kungacha aza tutib o‘tirishlari va ta’ziyaga keluvchilarni kutib-kuzatib turishlari mumkin. Faqat darvoza oldida kursi va to‘shaklarda o‘tirib yoki tik turib, ta’ziyachilarni kutish eng xunuk odatlardandir.
«Olamgiriya», «Zahiriya»
Izoh:
Bunga qaraganda bizning shu kabi odatlarimizni isloh etish lozimga o‘xshaydi. Haqiqatan, darvoza oldida ta’ziyachi kutish degani, albatta, hammaning kelishi shart, degandek bo‘ladi. Ammo darvozani ochiq qoldirib, uch kungacha ichkarida o‘tirish esa, birinchidan, kamtarlik alomati. Zero, kamtar odam odamlarni ovora qilish, vaqtlarini olishdan iloji boricha o‘zini saqlaydi. Ta’ziyaga kela olmaganlardan xafa ham bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ko‘chadan shoshilinch ravishda o‘tib borayotgan vaqti tang kishilar xijolatsiz o‘tadi. Ta’ziyaga kelish ham xolis bo‘ladi.
422-FATVO
Aza tufayli ayollarning qora kiyim kiyishlarining zarari yo‘q. Erkaklarga bu mumkin emas. Ammo musibatga toqatsizlik qilib, yuz va ko‘llarini qoraga bo‘yash, yoqa yirtish, yuzni tirnab qon chiqarish, boshiga tuproq sochish, son va ko‘kraklariga urib faryod solish, qabristonga chiroq yoqish kabi ishlar botil va johiliyat odatlaridandir.
«Olamgiriya», «Muzmarot»