Olim, fozil Rizouddin ibn Faxruddin aytadi:
-Xotini va bolalari bor odam qadahga quyilgan ichkilikni qo’liga ko’tarsa, nima so’zlarni so’zlay oladi? Tili so’zlamasa ham dili ushbu so’zlarni aytadi: "œEy aziz oilam, sizlarga qoldirib ketadigan davlatim yo’q, dunyoda nima topgan bo’lsam, ushbu shisha bilan qadah hammasini bitirdi".
Odam bolasi aqlli, g’ayratli bo’lib dunyoga keladi, lekin uning aqlini, g’ayrat va ijtihodini ichkilik bitiradi. Dunyoda har narsani aksincha ko’rsatib turuvchi narsa ichkilikdir. Yaxshini yomon, yomonni yaxshi, kattani kichik, kichikni katta, ozini ko’p, ko’pni oz ko’rsatuvchi ichkilikdir. Bir kishiga ichkilik qadahini beruvchi odam u bechoraning vijdonini va bir oilaning umidini o’ldirib, eng buyuk jinoyat qilgan bo’ladi.
Ichkilik zarari otadan bolaga yuqadi, ya’ni bolaning tani yoki aqli kuchsiz bo’ladi. Ichkilik ichuvchi odam kishiga ishonmaydi, biror ishga qaror bera olmaydi, iroda va niyati butunlay to’xtaydi.
Olimlardan Maqsudiy aytadi:
-Birodarlar, dushmanlaringizdan qo’rqmang, shikoyat etmang, ular sizlarga zarar yetkaza olmaydilar, chunki ularning dushman ekanliklarini bilasiz, shuning uchun ham har bir ishingizda ehtiyotkorona harakat qilasiz. Boz ustiga xalq siz tomonda, dushman nima so’zlamasin, bari bir ishonmaydi. Shunga ko’ra dushmanlaringizdan uncha xavfsiramang, sizlarga asl zarar yetkizadigan kishilar o’z do’stlaringizdir. Qanday do’stlaringiz/ Albatta chin, samimiy do’stlaringiz emas, riyokor, munofiq, tilyog’lamachi do’stlaringizdir. Sizlar samimiy do’stlaringizning so’zlariga emas ko’pincha riyokor do’stlaringizning so’zlariga laqqa tushasizu, ulardan ko’rgan zararingizni hech bir dushmaningizdan ko’rmaysiz, so’zimizning isboti uchun dalil kerakmi? Mana sizlarga bitta dalil:
Ichkilikka berilgan odam jonli bir qazo, oilasi uchun buyuk bir balodir. Bu bechoraning ichkilikka mukkasidan ketishiga kimlar sababchi bo’ldi/ Dushmanlarimi? Hechda. Odam o’g’li ichishga dushmanlaridan o’rganmaydi. Hech bir dushman o’z dushmaniga:
-Qani yur, yuzta — yuzta qilib, ko’nglimizni ochib kelaylik, - deb dushmanining qo’lidan tutib, uni sudramaydi, bu hammaga ma’lum. U bechorani yuzta — yuztaga undovchi, nihoyat irganchli holga tushishiga sababchi bo’lgan riyokor do’stlaridir. U boyaqish odam sifatidan chiqqandan keyin , uni masxara qilib, songa sanamay kulib yuruvchilar yana o’sha do’stlari bo’ladi.