— Marhumlarni yo‘qlab kelibsiz-da, otaxon? — dedi tosh bitikchi. — Marhumlarni yo‘qlab turish savob ish. Ko‘p savob ish. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilarki, dafn etilgan marhumni holi bamisoli suvga g‘arq bo‘layotib, yordam so‘rayotgan insonni holiga o‘xshaydi. Bordi-yu, ota-onasi, yor-birodarlaridan duo yoxud istig‘for borib qolsa, bu marhum uchun dunyodagi barcha narsalardan mahbubroq bo‘ladi. Darhaqiqat, Olloh taboraka va taolo qabrlarga ahli tiriklarning duolarini yetkazadi. Tiriklarning marhumlarga qiladigan hadyalarini talabi g‘ufron va rahmat hamda istig‘fordir...
— Shu maqsadda keldim, uka... — deya manqalandi Botir firqa.
— Yashang, otaxon, yashang. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam naql qiladilarki, inson qabriston yonidan shunchaiki o‘tib ketayotganda ham: «Qul huvallohu ahad»ni o‘n bir marta aytib, marhumlarga uning savobini bag‘ishlasa, marhumlar odaticha, o‘sha insonga ham savobi tegadi.
Botir firqa bosh irg‘ab ma’qulladi. Kafti bilan lablarini siladi. Tomog‘ini qirdi. Nimadan gap boshlashini bilmadi.
— Shu, biz partiya-sovet organlarida ishlab, shu... namozxonlikka vaqtimiz bo‘lmadi, uka... — deya chaynaldi Botir firqa.
— Iya, hali namoz o‘qishni bilmaysizmi?