Umumiy bo'lim > Islomiy kitoblar

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

(1/125) > >>

Muhammad Amin:
:bsm:

QUR'ONI KARIM
MA'NOLARI TARJIMASI

Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur


Qur'oni karim ma'nolari tarjimasi. Abdulaziz Mansur



Mutarjim: Abdulaziz Mansur
Hajmi: 1,40 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

SURALAR RO'YXATI

1.Fotiha
2.Baqara
3.Oli Imron
4.Niso
5.Moida
6.An’om
7.A’rof
8.Anfol
9.Tavba
10.Yunus
11.Hud
12.Yusuf
13.Ra’d
14.Ibrohim
15.Hijr
16.Nahl
17.Isro
18.Kahf
19.Maryam
20.Toha
21.Anbiyo
22.Haj
23.Mu'minun
24.Nur
25.Furqon
26.Shu’aro
27.Naml
28.Qasas
29.Ankabut
30.Rum
31.Luqmon
32.Sajda
33.Ahzob
34.Saba’
35.Fotir
36.Yosin
37.Soffat
38.Sod
39.Zumar
40.G’ofir
41.Fussilat
42.Sho’ro
43.Zuxruf
44.Duxon
45.Josiya
49.Ahqof
47.Muhammad
48.Fath
49.Hujurot
50.Qof
51.Zoriyot
52.Tur
53.Najm
54.Qamar
55.Rahmon
56.Voqea
57.Hadid
58.Mujodala
59.Hashr
60.Mumtahana
61.Saf
62.Jum’a
63.Munofiqun
64.Tag’obun
65.Taloq
66.Tahrim
67.Mulk
68.Qalam
69.Haaqqa
70.Maorij
71.Nuh
72.Jin
73.Muzzammil
74.Muddassir
75.Qiyomat
76.Inson
77.Mursalot
78.Naba'
79.Nazi’at
80.Abasa
81.Takvir
82.Infitor
83.Mutoffifin
84.Inshiqoq
85.Buruj
86.Toriq
87.A’lo
88.G’oshiya
89.Fajr
90.Balad
91.Shams
92.Layl
93.Zuho
94.Sharh
95.Tiyn
96.Alaq
97.Qadr
98.Bayyina
99.Zalzala
100.Odiyat
101.Qori’a
102.Takosur
103.Asr
104.Humaza
105.Fil
106.Quraysh
107.Mo’un
108.Kavsar
109.Kofirun
110.Nasr
111.Masad
112.Ixlos
113.Falaq
114.Nos

Muhammad Amin:


FOTIHA SURASI

Bu sura Qur'on nusxalarida Makkada nozil qilingan deb kelinayotgan bo'lsada, tafsir va hadislarda u Madinada ham takroran nozil qilingan, deyiladi. Shuning uchun ham bu suraning nomlaridan biri - "Sab'ul-masoniy", ya'ni "ikki bor nozil qilingan yetti oyat" demakdir.

Suraning o'nga yaqin nomlari bo'lib, ulardan eng mashhuri "Fotiha", ya'ni, "ochuvchi" - suralarning joylashishi bo'yicha avvalida qo'yilgani uchun unga shu nom berilgan. "Al-Hamdu" so'zi bilan boshlangani uchun bu nom bilan ham ataladi. Islom dini mafkurasi va ahkomlarini muxtasar shaklda o'zida mujassam etgani uchun "Ummul-Qur'on", ya'ni "Qur'onning onasi" nomi berilgan. Mazkur yetti oyatni sharhlab ba'zi mufassirlar bir necha jildlik asar yozib qoldirganlar.

"Bismillohir Rahmonir Rahim" oyati "Fotiha" surasining tarkibiga kiradimi yoki u keyin qo'shib qo'yilganmi degan masalada mujtahidlarning ba'zilari uni shu suradan deb sanaganlar. Boshqalar esa Qur'ondagi 113 ta sura boshlanishidagi hamma "Bismilloh"lar ham suralarining tarkibiy qismidan emas, balki ularni bir-biridan ajratib turuvchi - fosila sifatida joylashtirilgan, deganlar. "Bismilloh" oyati faqat bir joyda - Naml surasining 30-oyatida kelgan, deb ta'kidlaydilar.

Abu Hanifa (Imom A'zam) ham shu fikrda bo'lganlar. Shuning uchun Hanafiy mazhabiga mansub xattot va noshirlar tomonidan ko'chirilgan va chop etilgan Qur'on nusxalarida, xususan Turkiya va Pokistonda nashr etilgan nusxalarda "Fotiha" surasining boshida kelgan "Bismilloh"ga raqam qo'yilmaydi. Arab dunyosida chiqadigan Qur'onlarda esa unga birinchi raqam, "Fotiha" surasining birinchi oyatiga esa 2 raqamini qo'yadilar.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

2. Hamd olamlar Rabbi - Allohgakim,

Izoh: Hamd so'zi arabcha bo'lsada, musulmon xalqlari tilida ko'p ishlatilishi va uning mazmuni ham bir qadar tushunarli bo'lib ketgani uchun tarjimasiz o'zi berildi. Aslida hamd - bu maqtov demakdir. Lekin bu maqtov Allohgagina xosdir. Ya'ni, Allohdan boshqaga hamd so'zini ishlatilmagani ma'qul. Zero, hamd - bu maqtaluvchidagi yaxshi sifatlarni har qancha ta'rif va tavsif qilsa ham ozlik qilishini anglatadi. Insonni maqtaganda esa madh so'zini ishlatgan ma'qul. Zero, madh - bu maqtaluvchida mavjud bo'lmagan yaxshi sifatlarni ham qo'shib maqtashdir. Oyatdagi "olamlar"dan murod butun mavjudotdir.

3. (U) mehribon, rahmli

4. va jazo kuni (qiyomat)ning egasidir.

5. Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so'raymiz!

6. Bizni shunday to'g'ri yo'lga boshlaginki,

7. (u) Sen in'om (hidoyat) etganlarning yo'lidir

Izoh: Alloh in'om etgan kishilar - payg'ambar, siddiq va shahidlardir.

g'azabga uchragan va adashganlarning emas!

Izoh: Allohning g'azabiga uchraganlar - Muso qavmining itoatsizlaridir (Baqara surasi, 61-oyatga qaralsin). Adashganlar esa - Iso qavmining, "Allohning farzandi bor" deydiganlaridir.

Muhammad Amin:


BAQARA SURASI

Baqara sigir demakdir. Surada Muso alayhissalom qavmi orasida noma'lum shaxs tomonidan bir kishi o'ldirilganda, Alloh taolo bir sigir so'yib, uning bir bo'lagi bilan o'likni ursinlar, deb buyuradi. Shu buyruqni bajarishganda murda tirilib, o'z qotili kimligini aytib beradi. Shu sababli sura sigir nomi bilan atalgan. Bu Qur'ondagi eng yirik sura bo'lib, unda e'tiqod (Islom mafkurasi), ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq va idda kabi masalalar bayoni bilan bir qatorda Muso alayhissalom, Fir'avn va Isroil avlodi o'rtasidagi mojarolar o'z aksini topgan.
 
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
 
1. Alif, Lom, Mim.

Izoh: Alif, Lom, Mim. Qur'onda 27 ta sura shu kabi hijo (alifbo) harflari bilan boshlanadi. Ularni "Hurufi muqattaot", ya'ni, tarkibdan ajratilgan harflar deb ataladi. Bu harflarning mazmuni yoki nimalarning alomati ekanligi to'g'risida bahs yuritish man etilgan. Ularning ma'nosini faqat Allohning O'zi biladi deb e'tiqod qilish zarurdir. Lekin ba'zi mufassirlar o'z tafsirlarida ularni izohlashga ham uringanlar.

2. Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim,

3. ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir.

4. Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir.

5. Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir.

Muhammad Amin:


6. Haqiqatan, kufr (imonsizlik)ni tanlaganlar - ularni ogohlantirsangiz ham, ogohlantirmasangiz ham, ularga baribir - imon keltirmaydilar.

7. Ularning dillari va quloqlariga Alloh muhr urib qo'ygan. Ko'zlarida esa parda (bor). Ular uchun ulkan azob (tayyorlab qo'yilgandir).

8. Odamlar orasida shundaylar ham borki, ular "Biz Allohga va oxiratga imon keltirdik", - deydilar. Vaholanki, o'zlari mo'min emaslar.

9. Ular (bu bilan) Allohni va imon keltirganlarni aldamoqchi bo'ladilar. Lekin, o'zlari sezmagan holda o'zlarinigina aldaydilar.

10. Ularning dillarida xastalik (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi. (Mo'minmiz, deb) yolg'on gapirganlari uchun ularga (oxiratda) alamli azob bordir.

11. Ularga: "Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmanglar!", - deyilsa, ular: "Albatta, biz asl islohchilarmiz", - deydilar.

12. Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar.

13. Ularga: "Sizlar ham (ana u) odamlardek imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz (shu) nodonlarga o'xshab imon keltiramizmi?!" - deydilar. Ogoh bo'lingki, ularning o'zlari nodondirlar, lekin (buni o'zlari) bilmaydilar.

Izoh: Bilol, Suhayb kabi qullar va boshqa ba'zi bechorahol kishilar imon keltirganlarida, munofiqlar ularga haqorat nazari bilan boqib, ularning safiga qo'shilishdan or qilganlar.

14. Imon keltirgan kishilarga duch kelib qolganlarida: "Biz ham imon keltirdik", - deydilar. O'z shaytonlari (boshliqlari) bilan xoli qolganlarida esa: "Biz, albatta, sizlar bilan birgamiz, faqat biz (mo'minlarni) mazax qiluvchilarmiz, xolos", - deydilar.

15. Alloh ularni "mazax qiladi" va ularning shu (haddan oshgan) tug'yonlarida adashib yurishlariga qo'yib beradi.

Izoh: Allohning "mazax qilishi" ularning qilmishlariga yarasha jazo berishidir. Tug'yon holatlarida davom etishlari esa berilajak jazoning ortishiga sabab bo'ladi. Alloh ularni shu holatda davom ettirishi ularning zararigadir.

16. Hidoyat (to'g'ri yo'l) o'rniga zalolat (noto'g'ri yo'l)ni sotib olganlar o'shalardir, (lekin) bu savdolari foyda qilmadi va haq yo'lga yuruvchi ham bo'lmadilar.

Muhammad Amin:


17. Ular bamisoli bir olov yoqqan kimsa (yo'lovchi)ga o'xshaydilar: olov uning atrofini yoritganida, Alloh (bexos) nurlarini ketkazib, ularni zulmatlar ichra (hech narsani) ko'rolmaydigan holda qoldirgani kabidir.

18. (Ular) kar, soqov va ko'rdirlar. Bas, ular zinhor (hidoyatga) qaytmagaylar.

Izoh: Ularning karligi - haq gaplarni tinglamasliklari, soqovliklari - haq gapni gapirmasliklari, ko'rliklari esa haq narsani ko'rib, tasdiq etmasliklaridir.

19. Yoki (yana bir o'xshatish) osmondan jala keltiruvchi bulut kabiki, unda zulmat, momaqaldiroq va chaqmoq bo'lib, (ular ostida) yashin tegib o'lishdan qo'rqib, barmoqlarini quloqlariga tiqib olurlar. Alloh esa kofirlarni (har tomondan) qurshab oluvchidir.

20. Chaqmoq ularning ko'zlarini ko'r qilgudek bo'ladi. (U) har gal yoritganida (ozgina) yurib oladilar, ularga qorong'i tushirganida esa (joylarida) turib qoladilar. Agar Alloh xohlasa edi, ularni quloq va ko'zlaridan (momaqaldiroq ovozi va chaqmoq yorug'ligi bilan) judo qilgan bo'lur edi. Zero, Alloh har narsaga qodirdir.

Izoh: Munofiqlar to'g'risida nozil qilingan oyatlarda Alloh taoloning ularga nisbatan aytgan qattiq gaplari chaqmoqqa o'xshatilmoqda.

21. Ey, insonlar, sizlarni va sizlardan oldingilarni taqvoli bo'lishlaringiz uchun yaratgan Rabbingizga ibodat qilingiz!

22. U sizlar uchun Yerni poyandoz, osmonni "bino" qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar undirdi. Bas, bilib turib Allohga (ibodatda) boshqa (soxta ma'buda)larni tenglashtirmangiz!

23. Agar bandamiz (Muhammad)ga tushirgan narsamiz (Qur'on)dan shubhada bo'lsangiz, bas, siz ham unga o'xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o'zga guvohlaringizni chaqiring - agar rostgo'y bo'lsangiz.

24. Bordiyu (bu ishni) qilmasangiz - zinhor qila olmaysiz ham - u holda yonilg'isi odamlar va toshlardan iborat, kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningiz!

Izoh: Odamlar va toshlar, ya'ni kofirlar va toshdan yasalgan sanamlar. Demak, sanam va butlarga sig'inuvchilar o'z ma'budalari bilan birga yonishlari tasvirlanmoqda.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version