80-bob. Masjidga uyidan darcha va yo‘l ochmoq
Abu Sa’id rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xutbada va’z aytib: «Olloh taolo bandasiga bu dunyoni yokim o‘zining huzuridagi oxiratni tanlamak imkonini berdi, bandasi Olloh huzuridagisini tanladi»,— dedilar. Shunda Abu Bakr yig‘ladilar. Men o‘zimga o‘zim: «Bu mo‘ysafid nega yig‘layotir erkan, Olloh bandasiga: «Bu dunyoni yokim oxiratni tanlag‘il!» — desa, bandasi Olloh huzuridagi oxiratni tanlasa, shunga ham yig‘laydirmi?» — dedim. Keyin bilsam, o‘sha banda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ekanlar. Buni bizga Abu Bakr aytdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey, Abu Bakr, yig‘lamangiz! Siz molini ham, ezgu so‘zini ham mendan ayamagan eng yaxshi odamdirsiz! Agar Ollohdan boshqa yana ummatlarimdan biror kishini ham o‘zimga xalil (eng yaqin do‘st) tutmog‘imga ijozat bo‘lg‘ay erdi, Abu Bakrni do‘st tutar erdim. Ammo bu mumkin emasdir. Islom birodarligi va islom do‘stlig‘igina mumkindir. Uydan masjidga qaratib ochilgan darchalarning birortasi ham qoldirilmay, urib tashlansin! Faqat Abu Bakrning darchasigina qolsa, basdir!»—dedilar».
Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafotlaridan oldingi kasallik paytlarida boshlarini mato birlan boglab chiqdilar, Minbarga o‘tirib, Ollohga hamdu sano aytdilar. So‘ng: «Abu Bakrdan ko‘ra ko‘proq molu jonini menga fido qilgan inson yo‘q! Agar odamlar orasidan o‘zimga xalil (eng yaqin do‘st)tutadirg‘an bo‘lsam, Abu Bakrni tutar erdim. Lekin Ollohnigina eng yaqin do‘st tutmoq mumkindir. Shu boisdan insonlarga islom do‘stligi afzalroqdir. Masjid ichidagi Abu Bakrning darchasidan boshqa barcha darchalarni urib tashlangiz!» — dedilar».