Qur'oni karimning barcha nusxalari Hazrat Usmon ibn Affon davrida nuqtalarsiz, e'robu harakatlarsiz (zer-zabarsiz), qadim ko'fiy yozuvida bo'lgan.
To'rtinchi xalifa Hazrat Ali ibn Abi Tolib davrida esa, qiroatda yanglishish hollari ro'y bera boshlagach, Abul-Asvad Dualiy degan olim kishiga xalifa oyatlarga nuqta va harakatlar qo'yib chiqishni buyuradi. Ba'zi olimlar Dualiyga Ali emas, balki Ziyod yoki Abdulmalik ibn Marvon buyurgan, deydilar.
Shunday qilib, avvalo, soddaroq belgilar bilan boshlangan belgilar, vaqt o'tgan sari takomillashib, hozirgi holatiga yetib kelgan. Lekin, rasmi xat o'sha qadimligicha saqlanib kelmoqda. Masalan, rahmat, jannat, Rahmon, imon, islom kabi so'zlar alifsiz, uzun te harfi bilan yoziladi.
Lekin, bu qoidaga Qur'onning o'zida yoki rasmi xat saqlanishi shart bo'lgan bitiklarda rioya qilinishi talab qilinadi. Ammo oynoma, ro'znoma yoki maktubga o'xshagan joylarda Qur'on oyatlaridan qisqa iqtibos keltirilganda, unga rioya qilish shart emas, balki, hozirgi arab adabiy yozuvi imlosida qanday qabul etilgan bo'lsa, shunday yozilishiga ruxsat etiladi. Masalan, islom, imon, jannat kabi so'zlarni alif bilan, salot, zakot kabi so'zlardagi vov harfini alifga aylantirish va hokazo. Shuningdek, hozirga kelib, oyatlar boshi va oxirida, ba'zi uzun oyatlarning o'rtalarida keladigan vaqf va ibtido alomatlarining ham turlari ko'payib ketgan. Tajvidga doir kitoblarda: "œQur'onning biror oyatidan keyin vaqf qilish vojibligi buyurilmagan" — deyilsa-da, har bir oyat fosilasida vaqf qilinganda ko'p joylarda saj' hosil bo'lib, quloqqa ёqimli tuyulishini ham unutmasligimiz kerak.
Qur'oni karimda beuzr vaqf qilish joiz bo'lmagan oyatlar ham mavjud.