88-bob
Ozuqalardan badanga zarar beradigan narsalardan chetlashish haqida
Faqih Abu Lays (Alloh rozi bo'lsin) aytadilar: Badan kuz va qish kunlarida quvvatli bo'ladi, taomni ko'taradi, chunki oshqozon bu vaqtda qiziydi va taomni hazm qiladi. Yoz va bahorda oshqozon soviydi, sovuqligi sababli taomni ko'tarishga zaiflik qiladi.
Yoz kunlari sovuq suvni ko'p ichishning zarari kam, qish kunlari zarari ko'p. Kishi qish kunlarida suv ichishni kamaytirishi lozim. Shuningdek, kechasi ham ko'p suv ichmaslik kerak, chunki bu vaqtda oshqozon soviydi, unga zarari etishi va kasallanishi xavfi bor, lekin issiqlik g'olib kelsa yoki isitmasi bo'lsa, ichaverishi mumkin. Uxlamoqchi bo'lgan odam qorni to'q bo'lsa, sunnatga muvofiq birinchi o'ng tomoni bilan yotishi lozim bo'ladi, so'ng chap tomonga buriladi, chunki bu hol taom hazm bo'lishini osonlashtiradi. Ammo oshqozon to'la holda uxlash qalbni qattiq qiladi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Taomlaringni namoz bilan parchalanglar, u bilan uxlamanglar, aks holda qalblaring qattiqlashadi", degandilar. Kishi uzrsiz qorni bilan yotishi durust emas. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bir kishini qorni bilan yotganini ko'rib, uni turtganlar va: "Bunday yotma, chunki bu yotishdan Alloh g'azablanadi", deganlar. Agar qorni to'q bo'lsa va qorni og'rishidan qo'rqib, yostiqni qornining ostiga qo'yib uxlasa, zarari yo'q, chunki bu uzrlidir, zarurat mamnu' ishlarni muboh qiladi, so'ng ko'p egani uchun tavba qilishi lozim. Taomdan oldin sovuq suv ichish oshqozon olovini o'chiradi, uni taomdan so'ng ichish oshqozonni qizdiradi va badanni yog'laydi. Agar kishi olma, o'rik, uzum va shunga o'xsha ho'l mevalardan esa, uning orqasidan suv ichishi durust emas, chunki bu ish oshqozonni buzadi. Bir-ikki soatdan so'ng ichishi durust. Agar issiq guruch yoki holva esa, ustidan hech qachon sovuq suv ichmasin, chunki tishlarga zarar qiladi, juda ichgisi kelsa, avval bir-ikki luqma non esin, so'ng ichsin, shunda zarar kamroq bo'ladi. Issiq non bilan tut yeyish qorinda qurt paydo qiladi.