Ustozim Abdulqodir al-Jiliy rahmatullohi alayh bunday der edilar: «Oxiratni istagan kishi, mol-dunyoga muhabbat qilmasligi kerak. Qulning qalbida dunyo shahvatlaridan bir shahvat yoki lazzatlaridan bir lazzat, yeyish, ichish, uylanish, rahbar, boshliq bo‘lish yoxud keraksiz ilm sohasida chuqurlashish kabi lazzatlar qalbida davom etar ekan, u oxiratni sevgan kimsa emasdir. U faqat dunyoga rag‘bat qilgan, havoyi nafsiga tobe kimsadir». Ilmlar Alloh taolo roziligi uchun o‘rganilmay, maqtanish uchun o‘rganilsa, nafs havosiga ergashilgan hisoblanadi. Bil’aks, Alloh rizoligi uchun o‘rganilgan ilmlarning lazzati oxirat lazzatiga erishishning alomatidir. Abu Abdulloh al-Mag‘ribiy rahmatullohi alayh aytadilarki: «Ortiqcha ibodatlari yo‘q faqir o‘zlarini ibodatga bergan (qalbi boylikka moyil. — Tarj.) boy-badavlat kimsalardan ustunroqdir».
Ustozim Abul Mavohbish-Shozaliy rahmatullohi alayh shunday der edilar: «Dunyo sevgisi bilan qilingan ibodat qalbga to‘siq bo‘ladi va a’zolarni charchatadi». Ibodat qancha ko‘p bo‘lsa ham, aslida ozdir. Biroq bu kishining vahimasiga ko‘ra ko‘p ko‘rinadi. Holbuki, bu narsa ruhsiz bir sur’at, haqiqatdan xoli bir xayoldir. Shu bois ko‘pgina dunyo arboblari ko‘p ro‘za tutib, ko‘p namoz o‘qib, ko‘p Haj qilsalar ham, ibodatning ta’mini totmaydilar. Zuhdning haqiqati - dunyoga maylni tark etishdir. Zuhd dunyodan batamom uzilish, unga qo‘l siltash emasdir. Axir Alloh va rasuli tijoratni, hunarmandlik ishini ta’qiqlamadi-ku! Ba’zilar dunyoga sho‘ng‘igach, dunyo sevgisidan chiqib ketish yo‘lini topolmay qoladilar. Mana shu sabab bilan dunyoga mukkadan ketish ta’qiqlanadi. Shubha yo‘qki, komil insonlarni dunyo va oxirat bilan bog‘liq hech narsa Allohdan, Uning yodidan chalg‘itmagay...