* * *
Bir rivoyat o‘qidimki, uni siz, azizlar bilan baham ko‘rmasam bo‘lmas:
Cho‘l o‘rtasida bir badaviy arab xotini bilan chodirda yashar edilar. Bir kuni xotini xasrat qilib qoldi:
-Butun yo‘qsullik va jafoni biz chekyapmiz. Boshqalarning umri farovonlik bilan o‘tyapti. Faqat bizlargina faqirmiz. Nonimiz yo‘q, qatig‘imiz oz. Piyolamiz yo‘q, suvimiz esa - ko‘z yoshi! Kunduzi ko‘ylagimiz - quyosh, kechasi to‘shagimiz - oy. Ochlik sababidan ba’zan Oyni non deya xurujga tushamiz. Bu ketishda holimiz nima bo‘ladi?
Badaviy xotiniga bunday javob qildi:
-Ey xotin, qachongacha dunyo moli uchun hasrat chekasan? Bu dunyoda yana qancha umrimiz qoldi? Aqlli kishilar oz-ko‘pga qaramaydilar. Yoshligingda qanoatli eding, qarigan sari hirsing ortmoqda. Oltin istaysan, holbuki avvallari o‘zing oltin kabi eding. Senga nima bo‘ldi?
Xotin esa bu so‘zlarga parvo qilmay faryod etishda davom etaverdi:
-Ey nomus nimaligini bilmaydigan odam! Sizning ma’nosiz so‘zlaringizdan toqatim toq bo‘ldi. Holimizni ko‘rib uyalmaysizmi? Menga qanoatli bo‘l, deysiz. qachongacha sabr qilay? Sabr qachon jonimizga aro kirgan edi? Bu gaplarni unutib to‘qlik yo‘lini izlasangiz-chi!
Bu noshukurlikdan g‘azablangan badaviy dedi:
-Sen ayolmisan yoki boshimga kelgan dardmisan? Men yo‘qsilligim bilan iftixor qilaman. Boshimni og‘ritma! Mol, mulk va pul boshdagi kuloh kabidir. Kuloh esa kallarning najotidir. Boylar - quloqlariga qadar gunohga botgan kishilardir. Mol-mulklari esa ularning gunohlarini yashirib turadi. Yo‘qsillik nimaligini sen qaerdan bilar eding? Yo‘qsillikni xor-zorlik o‘rnida ko‘rma! Alloh ko‘rsatmasin, mening bu dunyodan ta’mam yo‘q. Ko‘nglimda esa qanoat va sabr to‘la bir olam bor. Ey xotin, janjalni bas qil. Janjalni bas qilmasang, meni tinch qo‘y. Men yaxshilik bilan ham, yomonlik bilan ham janjal qila olmayman. Janjalga toqatim yo‘q. Janjal u yoqda tursin, ko‘nglim tinchlikdan ham behuzurdir. Ovozingni o‘chir, bo‘lmasa boshim oqqan tomonga ketvoraman...
Ayol erining o‘z so‘zlaridan qaytmasligini ko‘rib, ko‘ziga yosh oldi, go‘yo pushaymon bo‘ldi. Badaviy ham xotinining ko‘z yoshlaridan ta’sirlanib, aytgan so‘zlaridan bir oz pushaymon ham bo‘ldi.
Erining pushaymonligini sezgan ayol unga shunday maslahat berdi:
-Ko‘zada yomg‘ir suvi bor. Butun mol-mulkimiz shundan iborat. Bu ko‘zani olib, hoqonlar hoqonining huzuriga boringda bu sovg‘amizni bera turib shunday deng: «Bizning bundan bo‘lak hech mol-mulkimiz yo‘q, zotan, cho‘lda bundan yaxshiroq sovg‘a ham topa olmaysiz. Podshohimizning xazinalari to‘la bo‘lsa ham unda bu kabi suv topilmasa kerak. Bunday suvni topish oson emas».
Bechora ayol Bag‘dod shahrining o‘rtasidan daryo oqib o‘tishini qaerdan bilsin? O’zi to‘plagan suvni maqtagandan maqtayverdi, eri ham nihoyat uning so‘zlarini ma’qul deb topdi:
-Bunday sovg‘a tayyorlash hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Bunaqa toza suvni faqat podsholar ichib huzurlanishlari mumkin.
Shu qarorga kelgan badaviy ko‘zaning og‘zini mahkamlab, Bag‘dod sari yo‘lga tushdi. Ko‘za sinib qolmasin, suvi to‘kilmasin, deb uni ko‘z qorachig‘idek asradi. Kunlar, haftalar yo‘l bosib, nihoyat Bag‘dodga yetib keldi. Izlab-izlab halifaning saroyini topdi. Saroy posbonlari uni to‘xtatib, maqsadini so‘radilar.
-Ey muhtaram zotlar, men bir g‘arib badaviyman. Podshohimizning lutfu marhamatlaridan umidvor bo‘lib cho‘ldan keldim. Bu sovg‘amni podshoh hazratlariga elting, podshohdan umidvor bo‘lgan kishining ehtiyojlariga shu yo‘sinda javob bering. Bu nihoyatda totli suvdir. Uni cho‘lda yomg‘ir tomchilaridan to‘plaganmiz. qarang, ko‘zam ham yap-yangi...
Posbonlar avvaliga badaviydan kuldilar. Keyin uning sofdil niyatlarga o‘ralgan sovg‘asini qabul qilib oldilar. Badaviy esa saroyning narigi qanoti ortida ko‘pirib oqayotgan daryodan xabarsiz podshodan xabar kutib o‘tirdi.
Badaviyning suv to‘la ko‘zasini xalifaga berishgan edi, u nihoyatda quvondi. Badaviyni huzuriga chaqirtirdi. Undan hol-ahvol so‘rab, yangi ust-boshlar kiydirdi-da, xizmatkorlariga amr etdi:
Ko‘zasini oltinga to‘ldirib, egasiga qaytaringlar. Uyiga esa daryo yo‘li bilan kemada olib borib qo‘yinglar. U bu yerga cho‘l yo‘lidan kelibdi. Unga daryo yo‘li yaqindir.
Badaviy daryoni ko‘rganda hayratdan shoshib qoldi va Allohga shukrlar qildi.
Endi mazkur rivoyatning sharhi sifatida mavlono Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»larining ma’nosi bilan tanishsak:
«Ey o‘g‘il! Sen butun dunyoni og‘ziga qadar ilm va go‘zallik bilan liq to‘lgan bir ko‘za deb bilginkim, ko‘zada to‘lib turgan ilm va go‘zallik Allohning hikmati bo‘lgan daryodan bir qatradir. U yashirin bir xazina edi. To‘lib-toshib, tuproqqa jon berib, bu tuproqni osmondan ham moviylashtirib yubordi. Yashirin xazina shu tarzda oshkor bo‘lib, tuproqni atlasga o‘ralgan holga keltirdi. Bu badaviy ham Allohning daryosidan bir qatra ko‘rganda edi, haqiqatda dengiz bo‘lgan bu qatraning qarshisida ko‘zasini chil-chil sindirgan bo‘lur edi».
Rivoyatda «xalifa saroyi» deb bildirilgan joyni «Ilohiy dargoh» deb anglamoq lozim. Musulmon kishi naqadar ilm, irfon, mol-mulk va ibodat sohibi bo‘lsa ham, bu boyliklarga ishonib, o‘zidan ketmasligi, ularning borligidan aldanmasligi kerak. Bu boyliklarini Allohning bir lutfi o‘rnida ko‘rib, o‘z amallari esa daryoga nisbatan bir piyola suv miqdorida ekanligini aslo unutmasligi zarur.
Badaviyning cho‘lda ming mashaqqat bilan yiqqan bir ko‘za suvi uning uchun hayot dorisi - tiriklik suvi edi. Holbuki bu «dori» daryoga to‘kilgandan keyin bir zumda yo‘q bo‘lib ketdi. Insoniyatning bashariy imkonlar bilan qo‘lga kiritishga uringan narsalari ham, ilohiy san’atdan tushunib yetgan narsalari ham «daryo»ning bir tomchisiga arzimaydi. Bu holat chumolining o‘z inini, baliqning esa hovuzni yoki akvariumni dunyo deb bilishi kabidir xalos. Insonlar ham o‘zlarining nodonliklarini unutib, ulkan ko‘zguning yolg‘onlariga ba’zan ishonib qoladilarda xuddi o‘sha chumoli va baliq holiga tushadilar. Alloh bizlarni shundan asrasin!
Payg‘ambarimiz alayhissalomning «Allohim, Senga shukr va tasbeh aytaman. Biz Seni Senga loyiq ma’rifat bilan taniy olmadik», degan muborak so‘zlarining mag‘zini chaqib ololsak edi...
Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.