Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida qad rostlagan, zamon talablariga javob beradigan sport majmualari va bolalar sporti inshootlari, stadionlar, maktab va kollejlarning sport zallari yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. Barcha sport majmualarini zamonaviy sport anjomlari, yuqori malakali sport ustozlari va murabbiylar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. Sportni ommalashtirish, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish borasidagi ishlar ko’lami tobora kengaymoqda.
Bu uzviy jarayonning muhim tarkibiy qismi bo’lgan uch bosqichli sport tizimi — "œUmid nihollari", "œBarkamol avlod" va Universiada musobaqalari yoshlar o’z iqtidori va imkoniyatini namoyon etishi, kelajakda nafaqat mohir sportchi, balki o’z mustaqil fikriga ega, ma’nan va jismonan sog’lom insonlar sifatida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Yigit-qizlar uchun Universiada o’z iqtidor va salohiyatini namoyon etish imkonini bermoqda, ularni katta sport sari ruhlantirmoqda. Xalqaro maydonlarda O’zbekiston bayrog’ini baland ko’taradigan, yurt sha’ni, xalq g’ururi uchun kurashadigan fidoyi sportchilarga qanot baxsh etmoqda.
Universiada bu gal ham yurtimiz talaba-yoshlarining haqiqiy sport bayramiga aylandi. Bellashuvlarda Qoraqalpog’iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari tarkibida 1800 nafarga yaqin yigit-qiz o’zaro kurash olib bordi. Musobaqalar sportning 12 turi bo’yicha o’tkazildi. Sportchi-talabalar Olimpiada o’yinlari tamoyillari asosida kuch, epchillik, tezlik borasida halol bellashib, yuksak sport mahoratini namoyish etdilar. Bellashuvlar jarayonida iqtidorli sportchilar 176 oltin, 176 kumush va 191 bronza medallariga sazovor bo’ldi.
"¦Andijon shahridagi "œSog’lom avlod" stadioni bayramona bezatilgan. Stadion davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mashhur sportchilar, ota-onalar, talaba va o’quvchi-yoshlar bilan to’la.
Musiqa sadolari yangraydi. "œUniversiada—2010" sport musobaqalarining tantanali yopilishiga bag’ishlangan bayram tadbiri boshlanadi. Maydonga birinchi, ikkinchi va uchinchi o’rinlarni egallagan terma jamoalar, eng yaxshi natija ko’rsatgan sportchilar kirib keladi.