AYTAR SO‘ZIMIZNING INTIHOSI
Vasl tugab, firoqqa yetishildi.
Uzoq yillar mobaynida behisob satrlar orqali tanishganimiz yaxshi-yomon odamlar bilan xayrlashish fursati yetdi.
Hazrat Navoiy «Munshaot»larida «Mashaqqat esa ibtidosi aning, murod o‘lg‘usi intihosi aning», deb yozmish ekanlar.
Olloh barchalarimizni mashaqqat sahrosidan kechib o‘tib, murodga yetishganlardan qilsin.
Dastlabki satrlarni bitishdan oldin Yaratganga munojot etib, bayonlarimda Haq yo‘ldan toydirmasligini tilagan edim, yana iltijo etaman: Yo, Rab, bizlarni, to qiyomatga qadar zurriyodlarimizni ham adashganlardan qilmagin.
Tangri taologa behisob-behisob va yana behisob shukronalarimiz bo‘lsinkim, o‘zining madadi ila shuningdek, Siz aziz kitobxonlarning duolari tufayli mo‘ljalimizdagi yana bir bayon nihoyasiga yetdi. Tangri tilagimizni ravo aylab, ajoyib bir baxt bag‘ishladi. Bundayin baxt siz azizlarga, xususan, hamasrlarimizga ham nasib etsin! Endigi tilagimiz: bajargan ishimiz xayrli bo‘lg‘ay. Omiyn ya Rabbil-olamiyn. Shubhasizki, bu bayonlarda qalamning ojizligi sababli yo‘l qo‘yilgan xatolar ham uchrar. Buning uchun tavbalar qilganimiz barobarinda Siz, azizlardan uzr so‘raymiz.