614/2. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bu zot: «Maniy tushmasa ham, g‘usl qilish yoki qilmaslik haqida muhojir va ansorlar jamoasi ixtilof qilib qolishdi. Ansorlar: «Otilib chiqqan maniy sababli g‘usl vojib bo‘ladi», deyishdi. Muhojirlar: «Er-xotin qovushsa, bas, g‘usl vojib bo‘ladi», deyishdi. Men: «Men sizlarga bu haqda yechim topib beraman», dedim-da, o‘rnimdan turib Oisha roziyallohu anho huzurlariga kirish uchun izn so‘radim, Oisha roziyallohu anho ruxsat berdilar. Men u onamizga: «Ey mo‘minlar onasi, sizdan bir narsa haqida so‘rashni xohlayapman-u, lekin sizdan hayo qilmoqdaman», desam, Oisha onamiz: «Tuqqan onangdan nimani so‘rasang, mendan o‘sha narsani so‘rayvergin, chunki men ham onangizman», dedilar. Men: «Qaysi narsa sababli g‘usl shart bo‘ladi?» desam, u onamiz: «Bilimdoniga yo‘liqding-ku, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda: «Agar (er xotinining) to‘rt muchasi, ya’ni ikki qo‘li va ikki oyog‘i o‘rtasiga o‘tirib, xatna qilinadigan a’zosi xotinining xatna qilinadigan a’zosiga qovushsa, g‘usl vojib bo‘ladi», dedilar», deb aytdilar.