BALIQ: OZUQANING BEBAHO MANBAI
O’zingiz va sayyoh (o‘tkinchi)lar foydalanishi uchun sizlarga dengiz ovi va taomi (baliqlari) halol qilindi ... («Moida» surasi, 96-oyat)
Yurak xastaligi tufayli bu dunyoni tark etayotgan odamlarning o‘rtacha yoshi tobora kamayib borayotganligi yurak tomirlarining sog‘ligi bilan bog‘liq masalalarga e’tiborni keskin oshirdi. Yurak xastaligini davolashda juda ko‘p yutuqlar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, bu soha mutaxassislari, asosan, bunday kasalliklar paydo bo‘lishidan oldin ehtiyot choralarini ko‘rish kerakligini tavsiya etishadi. Mutaxassislar, shuningdek, yurakning sog‘lom ishlashi va kasallikning oldini olish uchun bir muhim oziq-ovqatni ham tavsiya etishadi. Bu hammamizga yaxshi tanish bo‘lgan baliqdir.
Baliqning nima uchun bunday ozuqaviy manba ekanligiga sabab, unda inson tanasi uchun zarur bo‘lgan moddalarning mavjudligi va uning turli kasalliklar xavfini kamaytirishidadir. Baliqning tarkibida omega-3 kislotasi bo‘lganligi tufayli u sog‘likka qalqon vazifasini o‘taydi. Agar baliq muntazam tartibda iste’mol qilinsa, yurak xastaligi xavfining kamayishi va immun sistemasining kuchayishi aniqlangan.
Baliqning sog‘likka nisbatan foydalari faqat yaqindagina ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lib, uning muhim ozuqaviy manba ekanligi Qur’onda vahiy qilingan. Qodir Alloh dengiz mahsulotlariga Qur’onda quyidagicha ishora qiladi: «U yangi go‘sht (baliq go‘shti) yeyishlaringiz va taqadigan taqinchoqlar chiqarib olishlaringiz uchun (sizlarga) dengizni ham bo‘ysundirib qo‘ygan zotdir ...» («Nahl» surasi, 14-oyat), «O’zingiz va sayyoh (o‘tkinchi)lar foydalanishi uchun sizlarga dengiz ovi va taomi (baliqlari) halol qilindi ...» («Nahl» surasi, 96-oyat.) Bundan tashqari, «Kahf» surasida baliqqa alohida e’tibor qaratilgan, unda Payg‘ambar Muso (a.s.) o‘zining xizmatkori bilan uzoq safarga chiqqani va yo‘lda yeyish uchun o‘zlari bilan baliq olib olgani haqida so‘z yuritiladi:
Qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo‘shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliq) dengiz qa’riga yo‘l oldi. Bas, qachonki (u yerdan) o‘tishgach, (Muso) yigitiga: «Nonushtamizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik» - dedi. U (Yuvsha’) aytdi: «Buni quring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni unutibman ...» («Kahf» surasi, 61-63-oyatlar)