O'zga yurtda kechgan o'ylar...
"O'zga yurtda shoh bo'lguncha, o'z yurtingda gado bo'l" deb bejiz aytmagan xalqimiz... Ish, o'qish bilan yurtdan tashqarida bo'lishga to'gri keladi... Harakat qilamiz,intilamiz...o'qiymiz...ishlaymiz...lekin.. lekin baribir bir kun kelib ona yurtga qaytish kerakligini ich-ichimizdan xis qilsak-da, buni hammamiz ham tan olgimiz kelmaydi... Hayot esa...to'xtamaydi, o'tib boraveradi... Har o'tgan yil bizlarni tobora yurtga begonalashtirib, o'zga yurtga bog'lab boraveradi...
Yaqinlarni, qon-qarindoshlarni, sinfdoshlarni, qadrdon do'stlarni eslab ich-ichimizdan g'alati sog'inch keladi-yu, kimga aytishni bilmaymiz... Yana o'zimizni ovutib yashayveramiz - "menga shu yerda yaxshi-ku.. Yaxshi o'qiyapman/ishlayapman..Yeganim oldimda, yemaganim ketimda" deb o'zimizni aldab yashayveramiz... soatlar, kunlar, haftalar esa o'tib boraveradi... Onajonimiz, buvijonimiz tizzalariga boshimizni qo'yib bir lahzaga bo'lsa-da, halovat topgimiz keladi... Ukamizga, akamizga yaqin bo'lib, yelkadosh bo'lib yashagimiz keladi... Onajonimiz, otajonimzga ertalab issiq non bilan qaymoq ko'tarib kirib, birga nonushta qilishdek orzuni, yetolmayotgan bo'lsak-da, qilaveramiz... oylar esa...o'taveradi, o'taveradi...
Haftaning ma'lum kuni uyga, yaqinlarimizga telefon qilib, ko'ngillarini ovlagandek bo'lamiz... "Qachon kelasan?" degan savollariga o'qishni, ishni "bahona" qilib, "shularni tugatib olay, boraman" ,- deb va'dalar beramiz... Bilmaymiz-ki, onajonimiz deyarli har kuni, har soatda bizlarni kutib yashaydilar...yonlarida bo'lishimizni judayam-judayam xohlasalar-da, "Mayli, o'glim/qizim, qayerda bo'lsang ham, tinch bo'lsang bo'ldi", -deb (noiloj) javob qaytaradilar... Biz esa, bir qo'ng'iroq qilib ularni "ko'ngillarini olganimiz"dan xursand bo'lib yashashda davom etaveramiz... fasllar almashaveradi...
Magazinda yoki ishxonada bizga g'alati ko'z bilan bilan "nonimni yarimta qilgan kelgindi" qabilida qaragan odamga yeb qo'ygudek bolib o'qrayib qaraymiz, lekin hech nima deyolmaymiz... O'zga yurtda baribir begonadek yashayotganimizni yana bir bor xis qilamiz... ertaga nasib qilsa, oilali bo'lsak, farzandimizni biz yashayotgan jamiyatda, o'zga yurt, o'zga xalq ichida katta bo'lib, tarbiya olishini umuman istamaymiz-u, lekin, nima ham qilardik, biz shu yerda yaxshi o'qiyapmiz/ishlayapmiz..." Shuning o'zi baxtli bo'lish uchun yetarli emasmi", - deb fikr qilamiz... Aslida esa, baxtning makoni ona yurtimizda, ona shahrimizda/qishlog'imizda, onajonimiz, buvijonimzning yonlarida ekani bilmaymiz... Ertalab nonushtaga olib kirilgan qaymoq uchun otamizning ko'ngli ko'tarilib, qilgan duolarida-yu, akamiz-ukamiz bilan yelkadosh bo'lib, kulib, yayrab yashashimizda, qarindoshlar, yaqin do'stlar, sinfdoshlar davrasida, oz bo'lsa-da, rizqimizni terib yurishimizda ekanini bilmaymiz... Umr esa... o'taveradi...o'taveradi...Shu kuyi yashab Olami Boqiyga safar vaqti yetganini ham bilmay qolamiz...Afsus...
(c) Iyun... 2009 yil