G’ASSON AMIRIGA MAKTUBRasululloh (s.a.v.) maktublarini olib boruvchi elchilardan yana biri Horis ibn Umayr edi. Muqaddas omonatni qo‘yniga soldi, yo‘lga chiqdi. Shomga borib, G’asson amiri Shurahbilga topshirishi kerak. Yo‘l uzoq, havo issiq, bunday palla birov yo‘lga otlanmas, otlansa ham, kechalari yurar edi.
Ammo Horis shunchaki yo‘lga otlanmagan, uning qo‘yiida muqaddas omonat bor. Buyuk Payg‘ambarimiz (s.a.v.) buyurgan joyga borguncha necha vodiylar kechajak, necha tepalar oshajak, necha qum to‘zonlariga duch kelajak. Shu boisdan ham u har tepani bosib o‘tarkan, xuddi Faxrul mursalin (s.a.v.) janobimizning ortlaridan 6orayotganday, birorta xurmo daraxti soyasida o‘tirib tin olarkan, Rasuli kibriyoning (s.a.v.) gul isli nafaslarini tuyayotganday bo‘lardi.
Mashaqqatli, lekin ko‘ngilga xush yoqadigan bu yo‘lchilik necha kunduz, necha kecha davom etdi. Nihoyat, bir kuni Muta vohasiga yetdi. Safar tugagan edi hisob. Horisning yo‘lini to‘sishdi.
— Hey, yo‘l bo‘lsin?
— Men amir Shurhabilning huzuriga ketyapman.
— Unda nima ishing bor?
— Maktub keltirdim.
Qo‘riqchilar Horisni olib, to‘g‘ri Shurahbilning huzuriga olib borishdi. Shurahbil uni so‘roqqa tutdi:
— Kimsan?
— Horis ibn Umayrman.
— Nedir maqsading?
— Men Ollohning rasuli Muhammaddan elchi bo‘lib keldim. Payg‘ambar janobimiz mana bu maktubni senga berib yubordilar.
Xat Horisning qo‘lidan olindi. Shurahbilga berildi. O’qidi. Birdan ko‘pirdi:
— Demak, u menga maktub yozadigan odam bo‘lib qoldimi?! Olib chiqinglar buni! — deb baqirdi. Baqirarkan, bo‘ynini uzinglar, deb ishora qilar edi.
Shurahbilning bu ishi borib turgan ahloqsizlik edi. Hukmdorlar va amirlar orasida to dunyo turguncha amal qilinishi va qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan «Elchiga o‘lim yo‘q» qoidasini u buzdi, o‘zining g‘oyatda tarbiyasizligini namoyish qildi.
Odamlari Horisni yoqalab, tashqariga olib chiqishdi. U esa, yuragini bog‘lagan g‘oyat sevimli va g‘oyat qiymatli bir jumlani takrorlash bilan mashg‘ul edi. Faqat o‘zi va yonidagilargina eshitadigan ovozda: «La ilaha illallohu, Muhammadur rasululloh», derdi. Bir gal: «Ollohim, salomimni Rasuli adibingga yetkaz. Bog‘lilik tuyg‘ularimni u zotga elt», deya oldi.
Qeyin tiz cho‘ktirildi. Shiddat ila urilgan qilich uning boshini tanasidan judo qildi.
...Hodisa ustida hozir turgan malaklar uning ruhini quchoqlariga olishdi. Yurtidan minglarcha chaqirim uzoqda, Rasululloh (s.a.v.) janobimizning elchisi o‘laroq vazifasini ado etayotgan bir paytda, zulm yo‘li ila shahid etib hayotiga nuqta qo‘yilgani buyuk devonda qayd qilib qo‘yildi.
...Oradan kunlar kechdi. Madinada uni kutib turganlarning ko‘zlari yo‘lda qoldi. Nihoyat, bir kuni uning G’asson amiri Shurahbil tomonidan shahid qilinganining xabari Madinaga ham yetib keldi.
Nabiyyi akram (s.a.v.) benihoya qayg‘uga botdilar. G’asson amirining xatti-harakati har qanaqa chegaradan oshib ketgan edi.
Uchinchi kitob bitdi