Uchayotgan odam
Tobora tushlarim qiziq tus olar,
tobora qiqarar qush tushlariday.
Ko'pincha uchaman,
uzoq uchaman
shundoq teraklarning uch-uchlarida.
Sezaman,
tig'dayin shoxlar jismimni
o'zimning qonimga bo'yar, alhazar.
Yuragim qamalgan qushday potirlar,
quvar qon hidini olgan kalxatlar.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yerning tortish kuchin yengmoqchi bo'lib,
silkiyman qontalash qanotlarimni,
ming bor tirilaman,
ming bora o'lib.
Yuksakda bir olam — moviy ranglarda,
ozod ruhlar uchun boshpana bergan.
Uchib ketolmasdim,
go'yo jismimni
ko'rinmas rishtalar bog'lagan yerga.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yurak o'ynog'idan sovuq ter bosib,
uyg'onar ekanman,
oylab o'ylayman
g'aroyib tushlarning ta'bir, ma'nosin.
Nega men uchaman,
qayga uchaman,
nega takrorlanar g'aroyib tushlar?
Demak, qachonlardir qanotim bo'lgan,
demak ajdodlarim to'ralgan qushdan.
Haftalab o'ylayman,
oylab o'ylayman,
ne uchun qushlarga tortar qonlarim?
Qachondir bahaybat qush edim, desam,
nega siz kulasiz, og'ajonlarim!
Qush edim,
o't bilan o'ynashgan bir qush,
balki o't kuydirgan qanotlarimni.
Shu xolos, yillarcha urindim bekor
o'qiyman deb, kuygan yodim xatini.
Men qushman,
qachondir yerga qulagan,
keyincha zaminga moslashgan jismim.
G'aroyib tushlarim esa, shubhasiz,
yodimning kuymasdan qolgan bir qismi...
Goh esa o'ngimda
kuymasdan qolgan
xotiram parchasi sabab bo'larmi,
gavjum shaharlarning ko'chalarida
qanotday yozilib ketar qo'llarim.
Qayga uchis kerak,
bilmayman, ammo
bilarsiz bemalol uxlayotganlar —
silkinib-silkinib kulayotganlar?!
Bilsangiz,
shu tobda jismu jonimni
zaharga aylanib, yoqar qonlarim.
Qushday bo'zlab uchdim boshlaringizda,
qushligin unutgan, og'ajonlarim!
Zora eslasangiz,
zora tilagim,
balki nasib bo'lar sizlar-la uchmak.
Hozircha kechirdim, saqlamadim kek,
chunki men odammas,
chunki men qushman.