NAJM SURASIOltmish ikki oyatdan tashkil topgan bu sura Makkada nozil qilingan.
U butun payg‘ambarlar tarixida yagona bo‘lgan mislsiz mo‘jiza — Muhammad alayhis-salomning Me’rojga chiqishlarini va u dargohdagi aqlu shuurni lol qilguvchi manzarani tasvirlash bilan boshlanadi.
So‘ngra mushriklar o‘z qo‘llari bilan yasashib, keyin o‘zlaricha turli nomlar bilan atab olishib sig‘inadigan but va sanamlari hech kimga hech qanday foyda ham ziyon ham yetkaza olmaydigan imkonsiz maxluqlar ekanligi uqtiriladi.
Bu surada yana har bir inson oxiratda faqat o‘zi qilib o‘tgan amallari bilan jazolanishi, o‘zgalar uning gunohlarini o‘z yelkalariga ololmaganlari kabi, unga o‘zlarining savdolaridan ham bera olmasliklari ayricha ta’kidlanadi.
Sura etagida esa o‘tmishda kufru isyon bilan o‘tgan qavmlarning qanday halokatlarga duchor bo‘lganliklari eslatilib, barcha insonlarni yolg‘iz Allohgagina ibodat qilishga da’vat etiladi.
Sura o‘zining ilk oti nomi bilan «Van-Najm» — «Yulduzga qasam» deb atalgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1-2. Botib ketayotgan yulduzga qasamki, sizlarning sohibingiz (ya’ni Muhammad alayhis-salom) zalolatga ham ketgani yo‘q, yo‘ldan ham ozgani yo‘q!
3. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi-xohishi bilan so‘zlamas.
4. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan payg‘ambarga) vahiy qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir.
5-6-7. Unga (bu vahiyni) bir kuchga to‘lgan, sohibi qudrat (ya’ni Jabroil alayhis-salom) ta’lim bermishdir. Bas, u (avval) yuksak ufqda (ko‘rinib), tik turdi.
8. So‘ngra yaqinlashib, pastladi.
9. Bas, (Muhammad alayhis-salomga) ikki kamon oralig‘ida yo (undan-da) yaqinroq bo‘lib.
10. (Alloh) o‘z bandasi (Muhammad alayhis-salom) ga tushirgan vahiyni keltiradi.
11. (Payg‘ambarning) ko‘ngli ko‘rgan narsasini inkor etmadi. (Ya’ni Jabroil farishtaning suratini ko‘rib, payg‘ambarning ko‘ngli ham qanoatlandi va uning Alloh taolo tomonidai farishta ekanligiga iymon keltirdi).
12. Endi sizlar, (ey mushriklar payg‘ambar) ko‘rib turgan narsasi ustida u bilan tortishurmisizlar?!
13-14. Qasamki, (Muhammad alayhis-salom Jabroil farishtani o‘zining asliy suratida) ikkinchi bor (jannat) chetidagi Nilufar oldida ko‘rdi. I z o h .
Bu ko‘rish Payg‘ambar alayhis-salom Jabroil farishta bilan birga Me’rojga ko‘tarilganlarida ro‘y bergan edi. Endi quyidagi oyatlarda rasulullohning o‘sha me’rojda ko‘rgan — guvoh bo‘lgan manzaralari tasvirlanadi. 15. Jannati ma’vo ham o‘sha (Nilufar)ning oldidadir.
16. O’shanda Nilufarni o‘ragan narsa (ya’ni Alloh taoloning fayzi ilohiysi) o‘rab olgan edi.
17-18. (Payg‘ambarning) ko‘zi (o‘ngu so‘lga) og‘gani ham yo‘q, o‘z haddidan oshgani ham yo‘q. Darhaqiqat u (o‘sha soatda) Parvardigorining buyuk oyatlarini (ya’ni U zotning qudrati ilohiysiga dalolat qiladigan juda ko‘p alomatlarni), ko‘rdi.
19-20. (Ey mushriklar, o‘zlaringizcha sig‘inayotgan sanamlaringiz) — «Lot», «Uzzo», va yana uchinchilari bo‘lmish tuban «Manot» haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?!
21. (Sizlar o‘sha but-sanamlarni va farishtalarni «Allohning qizlari», deysizlar, demak) erkak (jinsi) sizlarniki-yu, ayol (jinsi) U zotnikimi?!
22. U holda bu adolatsiz taqsim-ku?!
23. U (nom)lar faqat sizlar o‘zlaringiz va ota-bobolaringiz qo‘yib olgan nomlardir. Alloh ular(ga ibodat qilish) haqida biron hujjat tushirgan emas. U (mushrik)larga (payg‘ambar alayhis-salom vositalarida) Parvardigor tomonidan hidoyat (Qur’on) kelib turgan holda ular faqat gumonga va havoyi nafslarigagina ergashadilar-a!
24. Yoki inson uchun o‘zi orzu qilgan narsa bo‘laverarmi?! (Hargiz bo‘lmas!) I z o h.
Mushriklar o‘zlari yasab keyin «Lot, Uzzo va Manot» deb nom qo‘yib olgan butlari haqida «Bular Allohning qizlaridir. Mana shular Qiyomat Kunida bizlarni shafoat qilishadi», deb xomxayol qilib yurar edilar. Yuqoridagi oyat ularning bu xomxayollari hech qachon amalga oshmasligini ta’kidladi. 25. Zero oxirat ham, dunyo ham yolg‘iz Allohnikidir!
26. Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo‘lib, o‘shalarning shafoatlari ham biron foyda bermas, magar Alloh O’zi xohlagan rozi bo‘lgan kishilar uchun (shafoatga) izn berganidan keyingina (u shafoatning foydasi tegur).