Bilaman, til imkoniyatim Bambergni tasvirlab berishga ojizlik qiladi, bas, shunday ekan, ufqdagi tepaliklar va Altenberg minorasini naqadar jozibador, gumbazning to‘rt minorasi antiqa, Mishelberg ibodatxonasi biram fusunkor, desam ishonavering. Do‘stim oshqozon kasali bilan og‘rib yotgan klinikaning o‘n uchinchi qavati oynasidan bu manzara yanada go‘zal ko‘rinadi. Biz unga yangi gazetalarni qoldirib, kalitni olib chiqarkanmiz, birdan negadir yuqoriga ko‘tarilib, Bambergning kunbotardagi qiyofasini tomosha qilishni taklif qilib qoldim.
Fiona rozi bo‘la qoldi va orqamdan yurdi. Yong‘in paytida chiqishga mo‘ljallangan bo‘m-bo‘sh zinadan yuqoriga ko‘tarilakanmiz, ish vaqti tugaganidanmi yoki bemorlar ovqatlanishayotganidanmi, harqalay atrofda hech kimsa ko‘rinmas edi. Eng yuqorigi qavatda men qizga o‘zim yoqtiradigan joyni ko‘rsatdim. Biz oynaband devorga yaqin keldik, lekin bir-birimizga yanada yaqin edik, nafasimizdan tiniq oynani ham tuman qopladi, ko‘zlarim chaqnab, bir muddat jimlikdan so‘ng qizni o‘pishdan boshqa yaxshi narsa topmadim. U qarshilik qilgani yo‘q.