Bay’at
Rasululloh s.a.v. hijratning o’n birinchi yili o’n ikkinchi robi’ul avvalda foniy dunyodan ko’z yumdilar. Rasululloh s.a.v.ning jasadlari sovumasdan, ansorlar halifalik masalasini ko’tardilar. Muhojirlar esa hali bu haqda o’ylab ham ko’rmagan, balki sahobalarning ulug’lari Rasululloh s.a.v.ni so’nggi yo’lga hozirlash va dafn masalalair bilan mashg’ul edilar. Ansorlar Bani Soidaning saqifa-shiyponida Sa’d ibn Ubodaning oldiga to’planishdi. Ular: "Bizlardan bir amir, sizlardan bir amir bo’ladi", deyishardi. Ansorlar oldiga Abu Bakr, Umar va Abu Ubaydalar borishdi.
Umar ibn Hattob shunday hikoya qiladi: "Biz Bani Soida saqifasiga yetib keldik. Ansoriylar kiyimlariga o’ralib olgan bir kishi atrofida turishardi. - Kim bu? - deb so’radim men. - Sa’d ibn Uboda! U betob, - deyishdi. Biz ham o’tirdik. So’ng ansorlarning hatiblari turib, Allohga hamdu-sano aytgach shunday dedilar: "Amma ba’d, Bizlar ansorlarmiz, iymon lashkarimiz! Sizlar ey, muhojirlar jamoasi bizning bir guruhimizsiz. Bir to’p kishilar sizlar tomon yelibdilar. Ular bizni aslimizdan ajratmoqni mana shu halifalik ishidan chetlatmoqni hohlaydilar". U so’zini tugatgach men gapirmoqchi bo’ldim. Lekin Abu Bakr: "Shoshmay tur", dedilar. Abu Bakr mendan yaxshiroq, viqorliroq va ayni holatga munosibroq edilar. U men aytmoqchi bo’lgan hamma so’zlarni bitta qo’ymay gapirdi. Hatto undan ham afzalroq gapirdi. "Amma ba’d, aytgan barcha so’zlaringiz yaxshi shunhasiz, sizlarga tegishlidir, ey, ansorlar jamoasi. Sizlar bunga munosib, hatto afzalroq hamsiz. Lekin halifalik ishini arablar faqat Qurayshning ushbu jamoasigagina xos deb biladi. Quraysh nasabda ham, mansil-maqomda ham arabning o’rtachasidir .Sizlarga mana shu ikki kishini tavsiya qilaman, qay birini hohlasangiz o’shangga bay’at bering". Abu Bakr men bilan Abu Ubayda ibn Jarrohning qo’lini tutdi... Allohga qasamki, agar gunohga olib bormasa men uchun boshimning uzilishi, oralarida Abu Bakr bo’lgan qavmga amirlik qilishdan yaxshiroq edi... Gap-so’z ko’paydi ovozlar ko’tarila boshladi. Hatto men ixtilof chiqishidan qo’rqib qoldim. Abu Ubayda men bilan: "Qo’lingizni bering, ey, Abu Bakr, - dedik. Abu Bakr qo’lini cho’zdi. Men unga bay’at berdim. So’ng muhojir va ansorlar ham unga bay’at berishdi. Ular Sa’d ibn Ubodaga qarshi sakrashdi. Kimdir: "Sa’dni o’ldiringlar", dedi. Men: "Sa’dni Alloh o’ldirdi, ya’ni u chetda qolib ketdi dedim. Allohga qasamki, shu yerga hozir bo’lganimizdan beri qilgan eng muvofiq ishimiz Abu Bakrga bay’at berish bo’ldi. Biz agar qavmni shunday tahslab qo’ysak va bay’at bo’lmasa, ular kimlargadir o’zlaricha bay’at berib yuborishlaridan xavfda edik. Natijada, biz ham o’zimiz hohlagan kishiga bay’at berardik yoki ularga qarshi chiqardik. Bu esa fasod-buzilish degani..." ( Ahmad rivoyati)