2. "œJomi’ul-bayon fiy tafsiril-Qur’on" tafsirining muallifi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir ibn Yazid ibn Kasir ibn G’olib At-Tabariy ulug‘ imom, mujtahid, ko‘plab mashhur asarlarning sohibi bo‘lib, 224 hijriyda Tabaristonda tug‘ilgan. 236 yilda, ya’ni 12 yoshida ilm istab shaharidan chiqib ketadi, ko‘p yurtlarni kezadi. Misr, Shom, Iroqda ilm o‘rganadi va ilm talabidagi safarini Bag‘dodda tugatib, umrining oxirigacha shu yerda istiqomat qiladi. Uning vafot etgan yili 310 hijriydir.
Ibn Jarir mashhur ulamolardan biri bo‘lib, hamasr-zamondoshlari orasida unga teng keladigan kishi yo‘q edi. Ma’rifatli, o‘tkir fikrli, Allohning kalomini yod olgan, mazmunini chuqur tushungan, hukmlarini yaxshi bilgan faqih, Payg‘ambar sunnatini, uning sahih va g‘ayri sahihini, roviylarining ishonchli yoki ishonchsizini yaxshi ajratadigan olim, tobi’iylarni va ularning hukmlardagi muxoliflarini ham farq qiladigan o‘ta farosatli kishi edi.
Ibn Jarir haqida Al-Xatib Al-Bag‘dodiy "ziyrak olim" deb baho bergan, Abul Abbos ibn Surayj esa "faqih olim" deb maqtagan edi. Chunki Ibn Jarir qiroat, tafsir, hadis, fiqh va tarix singari juda ko‘p ilm sohalarida qalam tebratgan, ijod qilgan. Uning asarlaridan: biz ko‘rib chiqayotgan tafsir, millatlar va podshohlar tarixi, qiroatlar kitobi, son va Qur’on, ulamolar ixtilofi kitobi, sahobiylar va tobi’iylar kitobi, Islom shariati hukmlari kitobi, usuli dinga chuqur nazar kitobi hamda boshqa asarlari Ibn Jarir ilmining naqadar chuqurligidan dalolat beradi. Biroq bu kitoblardan bizga yetib kelgani faqat Tafsir va Tarix kitoblaridir.