MURABBIY BO‘LISHNING SHARTLARI
Deylik, siz murabbiylikni hech orzulagan emassiz. Ammo shuni unutmaylikki, o‘rtada yurganki odam, jamoa bilan yashayotganki odam diqqat markazidadir. Uning har bir gapi, hamma ishi kuzatiladi. Demak, u murabbiylik maqomidadir. Insonning bir kamchiligi bor, o‘gitu nasihatlarni xushiga yoqsagina qulog‘iga oladi, asosan esa ko‘rganlariga taqlid qiladi, ergashadi. Shu nuqtai nazardan aytganda, bugungi o‘zimizni tutishimiz, kiyinishimiz va tutumlarimizdan yoshlar qanday andoza olyaptilar? Biz, kattalar, millatimiz, zotimizning rangi, tusida turibmizmi? Ona tilimizda o‘zimiz yayrab, birovlarning ham yuragini yozadigan qilib gaplasha olyapmizmi?
Insonlar ergashadigan fazlu kamolingiz bo‘lsa, koni savob ichrasiz. Agar atrofga qusuringiz o‘tsa, qancha odam sizni takrorlayotgan bo‘lsa, o‘shalarning jami gunohiga teng sheriksiz!
Deylik, siz ustozlikni orzu qilgansiz va shu yo‘ldasiz. Ammo jild-jild kitob o‘qib, yiqqan ilmini va’zga aylantirib, ko‘rgazmali qurollar to‘plab, turfa uslublar qo‘llab, o‘qityapman, uqdiryapman deyish hali murabbiylik emas. Siz insonlarning hech yo‘q bir shoxini ko‘kartirish, qulfi dilini ochish, dunyosini kengaytirish, kechagi holatidan bugunini yuksakroq qilish uchun bu ishga qo‘l urdingiz. Ammo oldin biling: umringizni
sarflab olib borayotgan harakatlaringiz ro‘parangizdagi tinglovchiga yuqyaptimi, yo‘qmi? Bori gap shunda!
Murabbiylikni xohlagan, shu kasbga o‘qiganki odam murabbiy bo‘lib qolmaydi. Ustozlikning o‘ziga xos parhezlari, bosib o‘tilmaydigan chegara chiziqlari bordir!
Birinchidan, dilingizda ustoz-tarbiyachilikning yozilganu yozilmagan qonun-qoidalariga bo‘ysunaman degan QASAMINGIZ bo‘lsin!
Ikkinchidan, NIYaTINGIZ SOF bo‘lsin! Men odamlarni faqat yaxshilikka o‘rgataman deng, orqamda o‘z qo‘lim bilan yaratilgan fayzli bog‘lar qoladi deb tilang! Toki shogirdlaringiz sizning sharofatingiz bilan faqat savobga daxldor bo‘lsinlar.
Uchinchidan, haqiqiy murabbiy bo‘laman desangiz, birovga bir narsa o‘rgatishni astoydil xohlang va sizdan ilm oluvchiga muhabbat qo‘ying! Har bir ishingizga bemor bolasiga parvona bo‘layotgan onaday berilib, fidoyilik bilan tutuning. Buning otini IXLOS deydilar! Shu ishtiyoq sizda qancha kuchli bo‘lsa, Tangri sizga shuncha ko‘p uquv beradi, ep beradi, mushkullaringizni O‘zi osonlashtiradi.
Murabbiylikda ta’tilga chiqish, sog‘ligi, kayfiyatiga qarab faoliyatni to‘xtatish degan gap yo‘q. Yo‘lda ham, cho‘lda ham, hamma fasl, hamma manzilda, qo‘yingchi, umringizning oxirgi nuqtasigacha siz ish ustidasiz. Bu degani, sizning borligingiz, har bir so‘z, har ishorangiz odamlar uchun nur, madad va xaloskordir.