Agar biz Qur’on va Tavrotda yoki Qur’on va Injilda kelgan bir xil mavzuni olib, ularni muqoyasa qilib ko‘rsak, maslakda (bayon qilish usulida) jiddiy ixtiloflar borligini ko‘ramiz.
Masalan: Odam (a.s.) qissasini olaylik; Bu qissa Tavrotda ham kelgan. Qur’onda esa juda ko‘p joyda kelgan bo‘lib, eng uzun va keng bayon etilgani "Baqara" va "A’rof" suralaridadir. Lekin bu suralarda ham jannatning qaerdaligi, Odam va Havvoga yeyish man etilgan daraxtning nomi, qaysi hayvon sabab bo‘lib Shayton jannatga kirib olib, Odam va Havvoni xato qilishga imkon topgani, Odam va Havvo jannatdan chiqarilgandan so‘ng qaysi yerga tushganlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot yo‘q. Tavrotga nazar solgan odam esa, Odam va Havvo yaratilgan jannat Adan (Adan —Somali davlati, Qizil dengiz va Ammon dengizi oralig‘idagi yer)ning sharqida joylashganligini, Alloh ularga yeyishni man etgan daraxt jannatning o‘rtasida bo‘lib, uni "hayot daraxti yoki yaxshilik va yomonlikni bildiruvchi daraxt" deb nomlanishini, Shaytonning jannatga kirishiga ilon yordam berganligini, shuning uchun Alloh uni qorni bilan yuradigan va tuproq yalaydigan qilib jazolaganini, Havvoni va uning zurriyotini esa qornida bola ko‘tarib, mashaqqat bilan tug‘ish jazosiga mahkum etilganligini va boshqa shunga o‘xshash hodisalarni batafsil bilib oladi. (Al-ahdul-qadim. Takvin kitobining 1-jildi, 45-b.)
Shuningdek, Qur’oni Karimda Iso (a.s.)ning qissasi, uning mo‘‘jizalari haqida "Maryam", "Oli Imron" va "Moida" suralarida mo‘‘jazgina xabarlar mavjud bo‘lsa ham, bu suralarda Iso (a.s.)ning nasabi, qanday tug‘ilgani, qaerda tug‘ilgani, Maryamga tuhmat qilgan odamning nomi, Osmondan tushgan dasturxondagi taomning nav’i, Iso (a.s.) kasalni davolagan va o‘likni tiriltirgan vaqtdagi hodisalar haqida batafsil aytilmagan. Ammo bu ma’lumotlar Matto, Mark va Luka Injillarida mufassal bayon etilgan.