Bunday tanlangan evrilish vositasidagi yashovchanlik olis dindor o‘tmish ressourcement[384]i bilan uni qurshab turgan Britaniya madaniyatining o‘zaro ta'sirini maktab va ommaviy axborot vositalari singari qudratli madaniy qurol vositasida birlashtirdi. Dinlar amaliyot bilangina mavjuddir, jamoada ba'zi bir voizlarning narsalarning mohiyati xususidagi da'volariga qaramasdan, dastlabki immigratsiyaning poyoniga yetishi Britaniyada islomning yillar o‘tishi bilan tobora inglizlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Buyuk Britaniya musulmonlarining aksariyati bu mamlakatni ota yurt deb biladi va ingliz tilida so‘zlashuvchi jamoaning Q-News singari kundan-kun gullab-yashnayotgan gazetalarini o‘ziniki deb hisoblaydi. Ayni paytda ularning urdu va turk tillaridagi muqobillari birin-ketin yopilib ketmoqda. Hatto dastlabki avlod madaniyatining so‘nggi istehkomi bo‘lmish voizlar minbari ham o‘z millatini o‘zgartirmoqda; Londonning sharqiy qismidagi Ist Endda masjid marosimlari nafaqat arab yoki silheti tillarida, qolaversa, Eastuary inglizchasida bexato o‘tkazilayotgani quloqqa chalinadi.
O'n yilning nari-berisida zarif antropologik nazariyalarga yangi sinov maydoni hozirlash uchun jiddiy ilmiy izlanishlar qilina boshladi va kattalashib borayotgan tushunchalarga yana nimanidir qo‘shish bu tadqiqotlar maqsadiga kirmaydi. Buning o‘rniga ushbu yaqinlashuv - konvergentsiyaning ulkan mazmuniga oid ba'zi bir norasmiy mulohazalar ijtimoiyotshunos olimning emas, din tarixchisining qarashlaridan foydalanilgan holda bayon qilinadi. Agar biz ko‘pchilik musulmonlarning ushbu orollarga kelishi va muqim yashab qolishi dinimiz tarixidagi Reformatsiyadan so‘nggi eng muhim voqeadir, degan himoyatalab mulohazani o‘rtaga tashlasak, Britaniya va islom o‘ziga xosliklarining teran strukturalari yangi asr eshik qoqqan sari o‘zaro yaqinlashib ketgani, yaqinlashishi mumkinligini mulohaza qilishga bo‘lgan urinishlarni zo‘r berib oqlashimizga to‘g‘ri keladi. Bunday tahlilga imkon beradigan asboblar, albatta, o‘tmas asboblardan behroq bo‘lishi kerak: inson diniy aql mohiyatan noturg‘un, anglash qiyin bo‘lgan narsa ekanini va uning harakat yo‘nalishini mutlaqo bashorat qilib bo‘lmasligini tushunish uchun «diniy musiqachi» bo‘lishi shart emas. Biroq ikkala dunyoda ham o‘zaro kesishgan va bir-birini boyitadigan tushunarli matnlar, tamoyillar va aql ko‘nikmalari mavjuddir, ular har bir narratsiyaning sifatini emas, yuza qismini tashkil etishiga qaramasdan, ko‘p narsa berishi mumkin. Ehtimol, Oskar Uayld: «faqat shaldir-shuldir odamlargina tashqi ko‘rinishga qarab xulosa chiqarishmaydi»288a, deganda dinsizlik qilmagan bo‘lsa kerak.