Albatta, bu o‘rinda o‘xshashlik mutlaq bo‘lishi mumkin emas. Falvellning izdoshlari doimiy siyosiy buzg‘unchilik yo‘lidan bormagani va sistemani kuch ishlatish yo‘li bilan ag‘darib tashlash uchun harakat qilmaganini ham qayd etib o‘tish kerak bo‘ladi. Men uning sababini demokratik tanlov imkoni mavjudligida ko‘raman, bu hol Pet Robertson va uning dindor respublikachilariga hokimiyatga tinch yo‘l bilan erishish yo‘llarini axtarishga imkon beradi. Afsuski, musulmonlarning aksariyati bunday tanlov imkoniyatidan mahrumdir. Biroq shuni ham ta'kidlab o‘tish lozimki, xristianlarning manfaati bir masalada mavjud qonun bilan to‘qnash keladi, u ham bo‘lsa, abort masalasidir. Ba'zi bir xristian ekstremistlari qonunga bo‘ysunmay, abort qilinadigan shifoxonalarga hujumlar qilgan, ba'zi hollarda esa bu ishga qo‘l urgan shifokorlarni o‘ldirgan ham edi. Xullas, al-vala' val-bara'ga ishonish faqatgina musulmon vahhobiylarining eksklyuziv mulki emas.
Iudaizmga nazar tashlar ekanmiz, unda ham xuddi shunga o‘xshash manzarani ko‘rishimiz mumkin. Faqat Toraga muvofiq yashab kelgan ortodoksal va o‘ta ortodoksal yahudiylar - haredimlar 20-asrning 60-yillariga qadar kichik va inqirozga yuz tutayotgan bir jamoa edi. 19-asrning dastlabki paytlarida yahudiy ma'rifati - haskala yosh yahudiylarning asta-sekin ortodoksal turmush tarzidan voz kechib, ma'lum ma'noda tashqi dunyoga qo‘shilishiga sabab bo‘ldi. Yahudiylar ergashishi mumkin bo‘lgan uchta strategiya musulmonlar oldidagi tanlov imkoniyatini esga solar edi. O'sha uchta strategiya ham yengib bo‘lmas G'arbning dunyoviy olamiga qarshi qaratilgan edi. Islohotchi yahudiylar Toradan uzoqlashib qolgan va assimilyatsiya so‘qmog‘ini tanlagan edi. Konservativ yahudiylar urf-odatlarning ko‘rsatmalari va taqiqlari - mitsvotga sodiq qoldi, ammo yahudiy bo‘lmagan jamiyat bilan aloqa qilib yashashga harakat qildi. Ortodoksal haredimlar getto[521] muhitini saqlab qolish uchun dunyoga darchani yopib qo‘ydi. Bunday turarjoylar Sharqiy Yevropada uzoq vaqt saqlanib qoldi.