209-bob Mehmonni hurmat qilganni maqtash haqida
595/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, «Men ovqatlanishni xohlayman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u bilan bir ayollari huzuriga borganlarida, u ayollari: «Sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, menda suvdan boshqa narsa yo‘q», dedi. So‘ngra boshqasiga borganlarida, u ham xuddi shunday dedi. Hattoki, barchalari shunday deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kishini mehmon qiladigan Alloh rahm etuvchi odam bormi?» deganlarida ansoriylardan bir kishi: «Men, ey Allohning rasuli», deb u bilan maskaniga bordi. Va xotiniga: «Senda yegulik biror narsa bormi?» deganida: «Yo‘q, faqat yosh bolalarimning ovqati bor, xolos», deb aytdi. Shunda bu ansoriy: «Bolalarni biror narsa bilan yupatib turgin. Agar mehmonimiz kirsa, chiroqni o‘chirgin va biz o‘zimizni yeyayotgandek qilib ko‘rsataylik. Agar yeyishga qo‘lini cho‘zsa, unda ham turib chiroqni o‘chirgin», dedi. Ular o‘tirdilar va mehmon ovqatni yedi. Qachonki, tong otib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borishganda, u zot: «Bu kechasi mehmonlaringizga qilgan narsalaringizdan Alloh taolo ajablanib, quyidagi oyatni nozil qildi: «(Ansorlar) garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor - ixtiyor qilurlar» (Hashr surasi, 9-oyat)», dedilar.
Sharh: bu yerda yosh bolalar zaruriy ehtiyoj bo‘lgan holda ovqatga muhtoj emasdirlar. Odatda, yosh bolalar bir kishi ovqatlanayotganini ko‘rishsa, qorinlari to‘q bo‘lsa ham, uni talab qilishadi. Bu yerda haligi erkak ham, xotini ham mehmonlariga o‘z nasibalarini tortiq qilishdi. Vallohi a’lam.