50-bob. Tushunishni istamagan qavm o‘rniga tushunadigan qavmga ilm o‘rgatish xaqida
Hazrat Ali raziyallohu anhu: «Odamlarga aqli yetadigan narsani gapiringiz. Alloh va uning Rasulini yolg‘onga chiqarishlarini istarmisiz?»—degan ekanlar.
Anas ibn Molikdan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalni ulovlariga mingashtirib ketayotganlarida bunday dedilar: «Ey Muoz!» «Labbayka, yo rasulalloh va sa’dayka (men shu yerdaman, xizmatingizga tayyorman)»,— debdi Muoz. «Ey Muoz!» — dedilar yana. «Labbayka yo rasulalloh va sa’dayka»,— deb javob beribdi Muoz. (Shu gapni uch bor qaytarganlaridan ) keyin, «Ashhadu alla iloha illallohu vashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu» ni chin qalbdan aytgan, odamgagina Alloh taolo do‘zax o‘tini harom qilg‘ay», dedilar. Muoz dedi: «Yo Rasulalloh, umidvor bo‘lsinlar, deb odamlarga buni xabar qilaymi?» Rasululloh: «Agar umidvor bo‘lsalar...»,— deb gaplarini oxirigacha aytmadilar. Muoz bu gapni o‘limi oldidan (hadisni yashirib gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqib) to‘la-to‘kis aytib bergan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Muozga: «Kimki Alloh taologa shirk keltirmay ro‘baro‘ bo‘lsa, jannatga kirgay»,— degan ekanlar. Shunda Muoz: «Odamlarga bu . xushxabarni aytaymi?» — degan edi, «Yo‘q, qattiq umid bog‘lashlaridan qo‘rqaman»,— dedilar Rasululloh (ya’ni, odamlar: «Allohga shirk keltirmasak bas, jannatga kirar ekanmiz»,— deb noto‘g‘ri o‘ylamasinlar»,— degan ma’noda bo‘lsa kerak).