ZOKIRJON XOLMUHAMMAD O`G`LI FURQAT(1859 - 1909)
Zokirjon Xolmuhammad o’g’li Furqat - milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida o’zidan boy ma’naviy meros qoldirdi. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan edi.
Furqat 1859-yili Qo`qon shahrida tug’ildi. Yoshligidanoq Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlar muhitida qizg’in ijodiy faoliyat bilan mashg’ul bo’ldi. Furqatning shoir sifatidagi kamoloti ayni shu davrda boshlangan.
Toshkentda ikki yilga yaqin istiqomat qilgan shoir hali aniqlanmagan sabablarga ko`ra 1891-yili chet elga chiqib ketishga majbur bo’ladi. Turkiya, Yunoniston, Bolgariya, Arab mamlakatlari va Hindistonda bo’lib, Xitoyning Shinjong viloyatiga qarashli Yorkent shahrida turg’un bo’lib qoladi. U 1909-yili 50 yoshida vafot etdi.
Shoir lirikasining mavzular olami juda rang-barang. Dunyoviy muhabbat, ijtimoiy-falsafiy o’ylar aks etgan, inson erki va g’urbat ohanglari ifodalangan, diniy ma’rifatparvarlikka alohida e’tibor qaratilgan asarlari bunga yorqin dalil.
Uning o’z boshidan kechirganlari haqidagi "œAhvolot" (ba’zi tadqiqotlarda "œSarguzashtnoma", "œFurqatnoma"), xitoy tilidagi manbalar asosida yozilgan "œQavoidi Chin va umuroti siyosiy" kabi nasriy asarlari ham bor.
Manbalar:
Furqat. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1959.
Furqat. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1980.
Furqat. Asarlar majmuasi. Ikki jildlik (arab imlosida). Toshkent, 1990.
Sayohati Furqat. O’zbekiston adabiyoti va san’ati, 1990-yil 14-dekabr.
Furqat. Qavoidi Chin va umuroti siyosiy. Sharq yulduzi, 2001, Ikkinchi fasl.